Sport | 11:26 / 31.07.2024
22075
12 daqiqa o‘qiladi

«Tokio-2020dan keyin 3 yil uxlay olmadim» – Diyoraning Olimpiada shohsupasigacha mashaqqatli yo‘li

Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medal yutgan ilk ayol sportchiga aylandi. Delegatsiyamizning Parijdagi medallari hisobini ochgan 26 yoshli dzyudochi chempionlikkacha o‘z vazn toifasida jahonning eng kuchli atletlarini mag‘lub etib, Fransiyada O‘zbekiston madhiyasi yangrashiga sabab bo‘ldi. Shohsupada ko‘zyoshini tiya olmagan Diyoraning Olimpiada chempionligigacha bosib o‘tgan yo‘li oson kechmagan.

Oddiy oilaning tirishqoq qizi

Diyora Keldiyorova 1998 yilning 13 iyul kuni Samarqand viloyati, Past Darg‘om tumani Po‘latchi mahallasida oddiy oilada tavallud topgan. Sportga kirib kelishiga uning katta buvisi sababchi bo‘lgan. Onaxon nevarasining bolaligidan kurash bilan oshno tutinishini istar, Diyoraning kelajakda yaxshi sportchi bo‘lib yetishini orzu qilgan. Bu haqda uning ikkinchi buvisi shunday eslaydi:

«Nevaram juda kichkina tug‘ilgandi. Nimjonroq edi, 1,8 kg vaznda tug‘ilgan. O‘sha paytdayoq katta buvisi “nimjon deyapsizlar, hali ko‘rasizlar o‘zim buni chempion qildiraman”, derdi. Diyoraning o‘zi ham bolaligidan juda tirishqoq qiz edi. Kitob o‘qishga qiziqardi, saharlab uyg‘onib, mol, qo‘ylarni boqib kelardi. Qiz nevaralar bo‘lsayam, rahmatli bobosi futbolga olib chiqardi, katta buvisi esa tatami o‘rniga hovlida ko‘rpachani ikki qavat qilib to‘shab, nevaralarini kurashtirardi», - deya xotirlaydi ikkinchi buvisi.

Maktabdagi voqea

«Diyorani 5-6 yoshidan katta buvisi kurash to‘garagiga olib borgan. Shundan qizimning sportga mehri uyg‘ondi. Qaynonam nevaralarini yoshligidan Samarqandga, Toshkentga musobaqalarga olib borardilar. Xurshida Xoliqova dzyudodagi birinchi ustozi sanaladi. Diyora bolaligidan Navro‘z sayillarida ham gilamga chiqib, kurashardi.

Hech yodimdan chiqmaydi, adashmasam 5-sinf edi. O‘zimizdagi 28-maktab ixtisoslashgan edi. 4-sinfdan keyin pulli bo‘lardi. Oyligimiz yetmagani uchun qizimni 21-maktabga ko‘chirgandik. Ko‘p o‘tmay, o‘qituvchisi qo‘ng‘iroq qilib, men bilan otasi maktabga kelishimizni aytdi. Borib bilsak, u qaysidir o‘g‘il bola sinfdoshini qo‘lini sindirgan ekan. Shokka tushganmiz.

Aslida esa qizim yangi maktabdan kelgani uchun bo‘lsa kerak, sho‘xroq bo‘lgan o‘g‘il bolalar uni turtgan ekan. Birinchi kun indamagan, ikkinchi kun ogohlantirgan, uchinchi martasiga esa qizim o‘sha bolalardan ikkitasini ag‘darib, partaning ostiga yiqitgan. Shunda ulardan birining qo‘li singan. Shundan keyin unga boshqa indashmagan», - deya eslaydi onasi Dilorom opa.

Fizika va matematika bo‘yicha Olimpiada g‘olibi

Qahramonimiz oila a’zolarining aytishicha, Diyora yoshligidan nafaqat sport bilan yaxshi shug‘ullangan, balki o‘qishini ham a’lo baholarda davom ettirgan. U maktabdagi o‘qishi davomida bir necha marta fizika va matematika fanidan tuman Olimpiadasi g‘olibiga aylanib, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.

«Rahmatli buvijonisi nevaralarga nisbatan juda talabchan va qattiqqo‘l edilar. Ularning yaxshi o‘qishini, sport bilan muntazam shug‘ullanishini doim ta’kidlagan. Diyora uydagi yumushlardan bo‘sh paytida sport bilan shug‘ullanardi, kitob o‘qirdi. Maktabda ham yaxshi ta’lim olib, Past Darg‘om tumani bo‘yicha fizika va matematika fanidan Olimpiada g‘olibiga aylangan. Ingliz, arab tillarini o‘zi o‘rgangan. U yoshligidan o‘qishi va sportni bir maromda ushlashga harakat qilardi», - deydi Olimpiada chempionining ikkinchi buvisi.

Dzyudodagi ilk qadamlar va birinchi chempionlik

Diyora Keldiyorovaning muvaffaqiyatlarida uning birinchi murabbiyi Xurshida Xoliqovaning ham xizmatlari beqiyos. Olimpiada chempionining birinchi ustozi qahramonimizning katta sportdagi ilk qadamlarini shunday eslaydi:

«Diyora dzyudo to‘garagiga kelganida 6 yoshda edi. Rahmatli buvisi olib kelgandilar. Bolaligidan uning juda tirishqoq, harakatchan, izlanuvchan ekani ko‘ringan. Yaxshi eslayman, u birinchi marta 2010 yil 23 kg vaznda musobaqada ishtirok etib, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi. Shundan keyin esa turnirlarda ko‘zga tashlanib, boshqa vaznlarda o‘smirlar, yoshlar o‘rtasidagi nufuzli musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘z ustida tinmay ishlab, orzusiga yetishish uchun borini berdi va Olimpiada chempioniga aylanib, barchamizning yuzimizni yorug‘ qildi», - deydi unga dzyudoning ilk sir-asrorlarini o‘rgatgan Xurshida Xoliqova.

«Abeni yutgach, qizim qolgan bahslarni ham yutishiga ishongandim»

Chempion onasi qizining Parij-2024dagi ilk bahsi oldidan qo‘ng‘iroq qilgani va g‘oliblikdan keyingi taassurotlari haqida gapirdi.

«Qizim Parij-2024dagi birinchi bahsiga chiqishidan avval qo‘ng‘iroq qilganida, dalada sigirimiz uchun beda o‘rishga chiqqandim. Shoshib qoldik o‘sha payt. Dadasi velosipedda yuradi, “siz tezroq borib televizorni yoqing”, dedim. O‘zim ham Abega qarshi jangi boshlanishigacha uyga qaytishga ulgurdim. Ochig‘ini aytsam, aynan shu yapon qizidan qo‘rqqandim. Chunki uni ko‘pdan beri bilaman, u 4 yil birinchilikni hech kimga bermay kelayotgandi. Abeni yutgach, juda xursand bo‘ldik. Chunki uni yutgach, qizim qolgan bahslarni yutishiga ishongandim. Finalni uyimizda, qarindoshlar, qo‘shnilar, tumanimiz hokimi bilan birga tomosha qildik.

Diyora chempion bo‘lgach, uxlaganimiz yo‘q desam ham bo‘ladi. Umrimizda minmagan mashinalarda bizni Juma shahridagi Mustaqillik maydoniga olib borishdi. Kech bo‘lishiga qaramay, bayram dasturi bo‘ldi, mazza qilib o‘ynadik. Hokim bobo “sizning davringiz keldi, o‘ynang” dedilar. Bir kunning o‘zida katta xursandchiliklar bo‘lib ketdi. Bu g‘alaba butun O‘zbekistonniki», - deydi Diyoraning onasi Dilorom opa Sharipova.

«Men ko‘rmasam ham, el ko‘rsa bo‘ldi» – onaxonning vasiyati

Diyoraning bugungi ulkan g‘alabasiga tamal toshini qo‘ygan inson uning rahmatli katta buvisi sanaladi. Bo‘lajak Olimpiada chempionini 6 yoshida qo‘lidan ushlab, dzyudoga yetaklagan onaxon nevarasining olamshumul g‘alabalarini ko‘rmagan bo‘lsa-da, uning o‘zi istaganidek buni el ko‘rdi.

Rahmatli buvi qiz nevaralarini sportga yetaklab borganlarida, mahallada, qarindoshlar orasida kurash qiz bolaga to‘g‘ri kelmaydi, deya onaxonni fikridan qaytarmoqchi bo‘lganlar kam emasdi. Ammo nevaralarining avvalo sog‘lom bo‘lishi, chempionlikka erishishini orzu qilgan onaxonning orzusi amalga oshdi. 

«Rahmatli qaynonam 63 yoshda og‘ir betob bo‘lib qolganida ham, nevaralarining sport bilan shug‘ullanishni kanda qilmasligini uqtirardi. Uning vasiyati «Diyoraga sportda yordam beringlar, qo‘llab-quvvatlanglar, o‘zi yakkalanib qolmasin», degandi. «Men ko‘rmasam ham, el ko‘rsin» derdi.

Diyora faoliyatidagi eng katta yutuqlarni qo‘lga kiritishga yaqin qolganda hayotidagi eng yaqin insonlardan bo‘lgan buvisini yo‘qotadi. Nimjon nevarasini kuchli sportchi qilib tarbiyalagan onaxon 2014 yilning dekabrida vafot etgach, Diyora 2015 yilning yozida 17 yoshda ilk marta kadetlar o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.

«Bobosi va buvisining Diyoraning to‘yini va bugungi chempionligini ko‘rmagani armonimiz...», - deydi Olimpiada chempionining onasi.

Uning yutuqlarini buvisi ko‘rmagani armoni ekanini Diyoraning o‘zi bir necha marta aytgan.

«Bu medal – rahmatli buvijonimniki!»

«Olimpiadada oltin medal yutganimga hali ham ishonolmayapman. Tokio Olimpiadasida saralash bosqichida turnirni tark etganimdan keyin 3 yil uxlay olmadim, desam ham bo‘ladi. Chunki o‘sha mag‘lubiyat juda alamli bo‘lgandi. Allohga shukur, O‘zi yuzimni yorug‘ qildi. Shu kungacha meni qo‘llab-quvvatlab kelgan ota-onamga, turmush o‘rtog‘imga, murabbiylarimga, meni duo qilib turganlarga va barchaga minnatdorchilik bildirib qolaman. Olimp cho‘qqisini zabt etdim, juda baxtiyorman.

Bu oltin medal – buvijonimniki! Meni dzyudoga yetaklab borgan rahmatli katta buvijonim bu kunlarni ko‘rmadilar. Bu yutug‘imni tepadan ko‘rib, qo‘llab-quvvatlaganini his qildim. Ikkinchi buvim va bobom ham doim qo‘llab-quvvatlab, meni duo qilib turibdilar. Ulardan ham minnatdorman. Ularning duolarisiz bu natijaga erisha olmasdim», - deydi Diyora Keldiyorova chempionlikdan so‘ng bergan intervyusida.

Dzyudochilar oilasi

Qahramonimiz Parijda chempionlikni qo‘lga kiritgach, uning turmush o‘rtog‘i quvonchini yashira olmay, «bizga ham nasib qilsin», deya e’lon qilgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p tomosha qilingan videolardan biriga aylandi.

Diyoraning turmush o‘rtog‘i ham dzyudochi ekanini ko‘pchilik bilmas edi. Diyora va Azamat Matyoqubov O‘zbekiston dzyudo jamoasi safida birga mashg‘ulotlarda qatnab, tanishishgan. Yoshlar bir-biriga ko‘ngil qo‘ygach, xorazmlik yigit samarqandlik qizga sovchi jo‘natib, roziligini oladi. Shu tariqa, 2022 yilgi Islom birdamligi o‘yinlaridan so‘ng Diyora Keldiyorova Azamat Matyoqubovga turmushga chiqqan. Diyoraning sportdagi yutuqlarida Azamatning ham hissasi katta – Parij-2024 Olimpiadasigacha birgalikda mashg‘ulotlar o‘tab, tayyorgarlik ko‘rishgan. -66kg vazn toifasidagi 28 yoshli dzyudochi Diyoraga umr yo‘ldoshi bo‘lish bilan birga zarur paytda murabbiy sifatida ham yordam beradi. Baxtiyor sportchilar oilasida kelajakda yurt bayrog‘ini ko‘klarga ko‘taradigan farzandlar tarbiya topishiga ishonchimiz komil.

Diyora Keldiyorovaning faoliyatidagi yutuqlar:

Nankin-2013. Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo O‘yinlari bronza medali sohibi (-44 kg);

Kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionati-2015 oltin medali sohibi (-48 kg);

O‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati-2018 bronza medali sohibi (-48 kg);

Osiyo chempionati g‘olibi (-52 kg) – 2019 va 2022 yillar;

Osiyo O‘yinlari g‘olibi (-52 kg) – 2023 yil;

Jahon chempionati kumush medali sohibi (-52 kg) – 2023 va 2024 yillar;

Katta dubulg‘a turniri 5 karra g‘olibi (-52kg) – 2021, 2022 (2 marta), 2023 va 2024 yillar;

Davlat mukofotlari:

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, «Kelajak bunyodkori» medali va «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni sohibi.

U.Ibodov tayyorladi.

Mavzuga oid