O‘zbekiston | 09:43 / 21.12.2018
10761
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yog‘och-qirindili plitalar ishlab chiqarish rivojlantiriladi

Foto: Avito

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar uchramoqda.

Ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan kimyoviy xom-ashyolar narxining oshib ketayotganligi hamda xorijiy davlatlardan keltirilayotgan yog‘och-qirindili plitalar importi ulushining yuqoriligi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning raqobatbardoshligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Jumladan, qamish va g‘o‘zapoyani yog‘och-qirindili plitalarni ishlab chiqaruvchilarga yetkazib berish tizimli yo‘lga qo‘yilmagan, ulardan xom-ashyo sifatida foydalanish talab darajasida emas, natijada ichki bozordagi yog‘och-qirindili plitalarga bo‘lgan ehtiyoj mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq qoplanmayapti.

Shuningdek, qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan qayta tiklanadigan va tez o‘suvchi mahalliy o‘simliklar xom-ashyosidan keng ravishda foydalanishga yetarlicha e'tibor qaratilmagan.

Respublikada yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, sohaga ilg‘or texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy etish, mahalliy xom-ashyodan keng foydalangan holda chuqur qayta ishlashni tashkil etish maqsadida:

1. Respublikada yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni kichik sanoat zonalarida tashkil qilinishi tavsiya etiladigan qamish xom ashyosi mavjud bo‘lgan hududlar ro‘yxati haqida ma'lumot berilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarda mavjud tabiiy qamishzorlar, ulardan foydalanish darajasi va qamishlarning o‘rib olinishi natijasida atrof-tabiiy muhitga, hayvonot olamiga, ko‘chib yuruvchi qushlarga zarar yetkazmaydigan tarzdagi sanoat usulida foydalanish mumkin bo‘lgan qamishzorlar maydonlarining hududlar kesimidagi reyestrini shakllantiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda hududlarda qamish xom ashyosi mavjud bo‘lgan joylarni, O‘rmon fondi yerlaridan tashqari yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga, faoliyat ko‘rsatish davri davomida doimiy foydalanishga ajratib berilishini va qamish xom ashyosini o‘rib olishga ruxsat etilishini o‘rnatilgan tartibda ta'minlaydi.

“O‘zkimyosanoat” AJning yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga yelim uchun ishlatiladigan “formalin” va “karbamid” xom-ashyosini o‘rnatilgan tartibda sotilishi va ishlab chiqarilishini ta'minlashi haqidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlarini qamish, g‘o‘zapoya va boshqa mahalliy xom ashyodan ishlab chiqarish asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari ma'qullanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ball boniteti past bo‘lgan yerlarni tadbirkorlik sub'yektlariga mahalliy iqlim sharoitidan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda terak, pavlovniya va boshqa turdagi tez o‘suvchi yog‘ochbop daraxtlarni plantatsiya usulida yetishtirish uchun yer ajratilishini ta'minlaydilar.

“O‘zqurilishmateriallari” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasining 2019 yil 1 apreldan boshlab yog‘och-qirindili plitalar va ularning muqobil turlarini respublika hududiga olib kirilganda, bojxona to‘lovlaridan ozod etiladigan yog‘och-taxta materiallari ro‘yxatidan chiqarib tashlash bo‘yicha takliflariga rozilik beriladi.

“O‘zqurilishmateriallari” AJ manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid