Iqtisodiyot | 15:53 / 06.06.2024
9743
9 daqiqa o‘qiladi

“Haqiqiy biznesmen raqobat tarafdori bo‘ladi” - Doniyor G‘aniyev JSTga a’zolik haqida

“Agar ko‘lmagingizdan chiqmasangiz, suzishni o‘rgana olmaysiz”, deya mahalliy tadbirkorlarning Jahon savdo tashkilotiga a’zolik bo‘yicha xavotirlariga munosabat bildirdi deputat Doniyor G‘aniyev. U Kun.uz bilan suhbatda teng qoidalar asosidagi o‘yinda yutganlar yutqizganlardan ko‘p bo‘lishini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

5 iyun kuni Toshkentda Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala va boshqa xalqaro tashkilotlar rasmiylari ishtirokida “O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar va JSTga a’zo bo‘lish jarayoni” mavzusidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri konferensiya doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev bilan suhbatlashib, JSTga a’zolik o‘zbekistonliklarga nima berishi, qaysi qonun hujjatlari tashkilot talablariga moslashtirilgani haqida so‘radi.

“Teng qoidalar asosidagi o‘yinda yutganlar yutqizganlardan ko‘p bo‘ladi”

— JSTga qo‘shilish orqali endi mahalliy qonunchiligimizdagi standartlar, tariflar, hammasi xalqaro standartlarga moslashishi hisobiga bu mahalliy tadbirkorlarga yangi bozorlarga kirish imkoniyatini ochadi. To‘g‘ri, ularning bozori ochilishi bilan birga, bizning bozorlar ham xorijiy investorlar, tadbirkorlarga ochiladi. Bu qaysidir nuqtalarda raqobatning kuchayishiga sabab bo‘ladi, bu esa ma’lum bir mahalliy tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirishi ham mumkin. Bu – global savdoda asosiy element, unda yutadigan va yutqizadiganlar bo‘ladi. Bir narsani unutmaslik kerakki, teng qoidalar asosidagi o‘yinda yutganlar yutqizganlardan ko‘p bo‘ladi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, [Toshkentdagi konferensiyada] JST direktori bundan buyon O‘zbekiston qo‘shiladimi emas, qachon qo‘shiladi degan savolni o‘rtaga tashlash kerak, dedi. Gap muddatda. Biz texnik muzokaralarni tezlashtirib, belgilangan dedlayn – 2026 yilgacha qo‘shilish maqsadimizga erishsak, bu ko‘p jihatlardan aholi uchun tanlov imkoniyatini yaratadi.

Qolaversa, bizning bosh maqsadimiz bo‘lgan aholining turmush tarzini yaxshilashda muhim instrument bo‘lib xizmat qiladi. Chunki JSTga qo‘shilish oxirgi maqsad bo‘lmasligi kerak, bu faqat instrument, ya’ni hamma narsa savdo to‘siqlarini olib tashlash, biznes uchun yaxshi sharoitlarni yaratish vositalarini o‘zimiz uchun o‘zimiz qilishimiz kerak. JST mana shu reformalarimizni tezlashtirishga, a’zolar bilan savdomizni osonlashtirishga xizmat qiladigan platforma bo‘ladi.

“Investitsiya to‘g‘risidagi qonunlarni birlashtirib, kodeks sifatida qabul qilishimiz kerak”

— 2020 yilda muzokaralar qayta boshlanganidan beri muzokaralarda hukumat tomonidan qaysi qonun hujjatlarini o‘zgartirishimiz kerakligi haqida reja taqdim etilgan. Shu reja asosida 8 ta qonunni to‘liq shaklda qayta ko‘rib chiqish belgilangan. Masalan, standartlashtirish to‘g‘risida, texnik reglament to‘g‘risidagi, raqobat to‘g‘risidagi qonunlarimiz qaytadan qabul qilindi. Undan tashqari, juda ko‘p qonunlarga kichik-kichik o‘zgartirishlar kiritildi. Misol uchun, intellektual mulk himoyasi to‘g‘risidagi qonun, reklama to‘g‘risidagi qonun va juda ko‘plab qonunlarga JST talablariga moslashtirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi.

Biz investitsiya to‘g‘risidagi qonunlarni birlashtirib, kodeks sifatida qabul qilishimiz kerak. Shuningdek, Qonunchilik palatasida tadbirkorlik kodeksi loyihasi ko‘rib chiqilyapti. Umumiy tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan ham mahalliy, ham xorijiy tadbirkorlik sub’yektlari uchun bir xil sharoitlar yaratishni ko‘zda tutuvchi juda katta qonun loyihasi bu.

Prezidentning kuni kecha qabul qilingan farmoniga qarasangiz, bojlarni birxillashtirish masalasi qo‘yilgan, bular ham qonunchilikda aks etishi kerak. Misol uchun, tariflarni oladigan bo‘lsak, tamaki va alkogol uchun qo‘yilgan aksizlarni qisqartirib boryapmiz. 2026 yilgacha mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan qoidalar birxillashtiriladi.

“JSTga kirsak, ichki proteksionistik siyosatdan voz kechishimiz kerak”

— Muammo proteksionizm kuchliligida. Qancha proteksionizm kuchli bo‘lsa, bizning eksport salohiyatimiz pasayib boradi, deb o‘ylayman. Chunki qanchalik siz ichki bozorda raqobatdan himoyalangan bo‘lsangiz, qancha ochiq qoidalar asosida kurashmasangiz, albatta, tashqariga chiqqaningizda u yerdagi raqobat qoidalariga chiday olmaysiz. Agar biz savdoni ochadigan bo‘lsak, JSTga kirishimiz o‘z-o‘zidan ichki proteksionistik siyosatdan voz kechishga, barerlarni ochishga to‘g‘ri keladi. Bu – dunyoning bir chekkasida, Germaniyada, Hindistonda faoliyat yuritadigan tadbirkorning ham mahsuloti kirib kelishiga yordam beradi. Mahalliy tadbirkor shu kungacha ichki bozorda raqobatlashayotgan bo‘lsa, endi Germaniya, Hindistondagi tadbirkor bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi. Agar ular shu raqobatni yengadigan bo‘lsa, O‘zbekistonning ichida xorijlik tadbirkordan ko‘ra yaxshiroq tovar bera oladigan bo‘lsa, bu demak ertaga Germaniyaga borib, u yerdagi iste’molchiga ham yaxshiroq tovar bera oladi. Bu o‘z-o‘zidan eksport salohiyatini oshiradi.

Siz suzishni o‘rganishni istasangiz, katta basseynga tushishingiz kerak, ko‘lmagingizda suzaversangiz, suzishni o‘rgana olmaysiz. Tezroq proteksionistik siyosatdan voz kechaylik, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘zini o‘zi eplay oladigan darajada sharoit yaratib beraylik.

Taymlayn bor, birdaniga bo‘lmaydi. 2 yil – tadbirkorlar uchun o‘zining ustida ishlashga, raqobatga kirishishga tayyorlanish uchun muddat. Haqiqiy tadbirkor raqobatdan qo‘rqmaydi. Ayrim tadbirkorlar JSTga a’zo bo‘lsak, biz sinib ketamiz deb xavotirlanishyapti; haqiqiy biznesmen raqobat tarafdori bo‘ladi. Chunki raqobat unga o‘z ustida ishlashga, yangi marralarni zabt etishga imkoniyat yaratadi.

JSTga qo‘shilsak, ertaga biz boyib ketadigandek tasavvur bo‘lyapti. Qo‘shilish oxirgi maqsad bo‘lmasligi kerak, oxirgi maqsad – iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush tarzini yaxshilash, bozor tamoyillarini joriy etish orqali teng sharoitlar yaratish bo‘lishi kerak. JST mana shu maqsadlarimizga erishishda vosita bo‘lishi kerak.

Muzokaralarda biz hali rivojlangan davlatlarga nisbatan imtiyozlar olamiz, hamma sanoatimizni birdaniga ochiq bozorga qo‘yib yubormaymiz, chunki bilamiz, raqobatda qiynalishadi. Bu korxonalarga o‘zining ustida ishlash uchun yana bir imkoniyat bo‘ladi.

Bizning muzokara jamoamizga ham qo‘yiladigan talablardan bir shu – qancha professional bo‘lsa, ular O‘zbekiston foydasiga ko‘proq imtiyoz olishi, integratsiyamiz yengilroq kechishi uchun qulay shart-sharoitlarni oladi. Bu jarayonni tezlashtirish uchun professional jamoa bo‘lishi, ularga mablag‘ ajratilishi kerak. O‘tgan yili JST masalalari bo‘yicha prezident vakili lavozimi joriy qilindi, komissiyaga birinchi marta 30 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi, bu doimiy Jyenevaga borib muzokaralarni samarali qilishga qo‘llab-quvvatlov bo‘lyapti. Umid qilamizki, bu jamoa, idoralararo komissiya buni his qilgan holda O‘zbekiston manfaatlariga yaxshi bo‘ladigan ko‘proq imtiyozli shartlarni olishadi.

JSTga kirish tomon muhim farmon: keyingi qadamlar savdo barerlarini olib tashlash bo‘ladi

— Uzoq yillardan beri davom etayotgan eksklyuziv huquqlar bekor qilinyapti, to‘g‘ri hammasi ham emas. Lekin bu – bosqichma-bosqich kechadigan jarayon. UzGasTrade'ning tabiiy gazni sotib olish va sotishdagi yagona operatorlik huquqi bekor qilinishining o‘zi eng katta qadamlardan biri bo‘ldi deb o‘ylayman. Biz bilamiz, energetika bozori iqtisodiyotning katta drayveri, budjet subsidiyalari ketadigan og‘riqli nuqtamiz. Bu energetika sohasida boshlangan islohotlarning davomi deb o‘ylayman. Narxlarni liberallashtirish orqali davlatning olib-sotishdagi huquqlarini cheklagan holda, xususiy sektor o‘yinchilariga berish borasidagi signal deb o‘ylayman. Shu farmondagi vazifalar ijrosi ta’minlansa, menimcha, katta qadam bo‘ladi. Bu boshlanishi, 2026 yilgacha vaqtimiz bor.

Hujjatda juda ko‘p bandlar loyihalar taqdim etish bilan bog‘liq. Ya’ni bu oxiri emas, bojlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar ketgan, ya’ni bu topshiriqlar asosida keyingi bosqichlarda eksklyuziv huquqlarning bekor qilinishi, savdo barerlarini bekor qilish nazarda tutilyapti.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Mavzuga oid