Jamiyat | 21:16 / 03.06.2020
12147
10 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston agrosanoatini qo‘llamoqda

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan AGROCOMP loyihasi doirasida Yevropada malaka oshirib qaytgan yurtimiz mutaxassislari O‘zbekistonda o‘z tajribalarini oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sanoati vakillariga ulashmoqdalar.

Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashni yaxshilash, agrar sektor ishlab chiqarishining samaradorligini oshirish, qishloqlarni obod etish asosida qishloq aholisining daromadlari va turmush darajasini yuksaltirish vazifalarining amalga oshirilishi davlatimiz uchun ustuvor ahamiyat kasb etishi hech kimga sir emas.

Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotning

26-30 foizi shu sanoat ulushiga to‘g‘ri kelayotgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sanoatini rivojlantirishga va soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shish maqsadida O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi bir qator xorijiy va milliy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda O‘zbekistonda «AGROKOMP – Qozog‘iston va O‘zbekistonda qiymat zanjiri, barqaror rivojlanish va eko-innovatsiyalarni takomillashtirish orqali O‘zbekiston va Qozog‘iston oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sanoati korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish» loyihasini amalga oshirmoqda.

Loyiha 2017-2020 yillar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Formaper – Milan-Monsa-Briansa-Lodi (Italiya) Savdo-sanoat, hunarmandlik, va qishloq xo‘jaligi palatasi, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, Qozog‘iston Respublikasi (Olma-ota) «Savdo va sanoat korxonalari assotsiatsiyasi» YuShU, Qarag‘anda viloyati savdo palatasi (Qarag‘anda), Jambil viloyatining ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi (Taraz) va Innovxab ESI - Milan-Monsa-Briansa-Lodi (Italiya) Savdo-sanoat, hunarmandlik va qishloq xo‘jaligi palatasi konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Savdo Sanoat palatasi raisi Adham Ikramovning so‘zlariga ko‘ra "Loyihadan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad - Yevropa Ittifoqining oziq-ovqat sanoati va agrobiznes sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi korxonalari tomonidan foydalanilayotgan ilg‘or tajribalarni o‘rganish va tatbiq qilish orqali mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashda qishloq xo‘jaligi korxonalarini samarali qo‘llab-quvvatlash, hamda ularni sifat jihatdan yangi raqobatbardoshlik darajasiga olib chiqish maqsadida professional mutaxassislar tarmog‘ini yaratish va mustahkamlashdan iborat".

Yurtimizda loyihaning pilot hududlari sifatida Toshkent shahri, Toshkent va Namangan viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tanlab olingan bo‘lib, aynan ushbu hududlardan saralab olingan malakali mutaxassislar O‘zbekiston va Italiya mamlakatlari hududida maxsus "study visit", "twinning" va “internship” dasturlari asosida 2 bosqichda tashkil etilgan seminar va amaliyot mashg‘ulotlarida olingan tajribaga ko‘ra agrosanoatning zamonaviy trendlarini O‘zbekistonga tatbiq etishayapti.

"Yevropa Ittifoqi moliyalashtiruvida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi amalga oshirayotgan AGROCOMP loyihasi doirasida tashkillashtirgan Italiyaga safar juda foydali bilimlaru-tajribalarga to‘la bo‘ldi. Men va yana boshqa shu loyihadagi hamkasblarimiz Italiyaning Marke viloyatiga tajriba orttirish bilan qishloq xo‘jalik, oziq-ovqat ishlab chiqarish sohalarini o‘rganish maqsadida tashrif buyurdik. U yerda biz juda qiziq an'anviy va zamonaviy yondashishlarni turini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldik" – deydi loyiha ishtirokchisi Alisher Rustamov.

Haqiqatan ham, chet elga yuborilgan O‘zbekiston mutaxassislari bir qator yo‘nalishlarda qo‘shimcha bilimlarni to‘plab kelishdi, jumladan:

- Un ishlab chiqarish;

- Logistika markazlari;

- Sutni qayta ishlash;

- Organik oziq-ovqat sanoatining ahamiyati;

- Vino va uning xalqaro logistikasi;

- Chorvachilikda DNK ahborotini tutgan o‘rni;

- Paxta va yung matodan tayyor mahsulotni ishlab chiqarib eksport qilish kabi mavzular ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, mutaxassislar Italiyaning ayrim sohaga yo‘naltirilgan o‘quv yurtlari va markazlari bilan ham tanishib chiqdilar.

Ularning orasida eng qiziqarlilari Turizm va restoranlar oliy maktabi hamda Marke viloyatining logistika markazi bo‘ldi. Turizm maktabida talabalar o‘z ish faoliyatiga ta'sir qilmagan holda o‘qishi mumkin, shuningdek hozirgi mehnat bozorida talab bor kasb o‘rganish imkoniyati yaratib berilgan, ya'ni o‘zgaruvchan modullardan xam samarali foydalaniladi.

Marke viloyatining logistika markazida esa bojxona hodimlaridan ko‘p ish olinib, shaxsiy sektorga berilgan, shu sabab jarayonlar katta tezlikda o‘tadi, odam resurslari esa samarali taqsimlanadi.

Alisher Rustamov – 14 yillik tajribaga ega mutaxassis. Kun.uz sayti muxbiriga o‘z taassurotlarini so‘zlar ekan, Yevropada asrlar davomida mavjud bo‘lgan suv tegirmonini, shahardan uzoq bo‘lgan fermalarda barqaror elketroenergiya ishlab chiqarish usulini va agrobiznesidagi tadbirkor o‘z ishini namoyon etish uslublarini puxta bilishi kabi Italiya sanoatining e'tiborga sazovor xususiyatlarni eslab o‘tdi.

"Albatta, Markaziy Osiyoda shamol tegirmonlari mavjud bo‘lgan, lekin turizm rivojlanishini inobatga olsak, suv kuchi orqali harakatlanadigani ham juda o‘rinli bo‘lardi. O‘zbekiston turizm dunyosida tarixiy joylar bilan birgalikda gastronomik axamiyatiga ham ega. Shu tariqa, bunday bug‘doy yanchish uslubi nafaqat bir attraksion rolini o‘ynaydi, balki haqiqiy un ham ishlab chiqarishi mumkin. Bu esa an'anaviy "organik" oziq-ovqat yo‘nalishining yana bir tarmog‘ini yaratish imkoniyatini beradi".

Elektr energiyasi ishlab chiqarish esa maxsus mini-gidroelektrostansiyalar yordamida amalga oshiriladi. Ushbu moslama o‘z xarajatlarini 8-10 yil davomida nafaqat oqlaydi, balki uni ortig‘ini boshqalar bilan bo‘lishga ham imkon beradi.

Bu g‘oya yurtimizning uzoq qishloqlarida ham amalda qo‘llanishi mumkin, chunki shunday joylarda ancha kichkina anhorlar mavjud. Bu energiyani yetkazib berish uchun yechimlardan biri.

Alisher akaning aytishicha, Yevropada fermerlar turli taktikalar qo‘llab auditoriyani mahsulotga bo‘lgan qiziqishini oshira oladi.

"Bu ingliz tilida "soft skills" deb nomlanadi va u qobiliyat deyarli hamma uchratgan fermerlarimizda yoki oddiy oshxona egasida ham mavjud edi. Men, «Malevich Consulting» nomidan tashkillashtirilgan aksariyat mahorat darslarda va treninglar davomida shu safardan olingan o‘rinli tajribalar bilan o‘rtoqlashib kelmoqdaman" – deya so‘zlarini yakunlaydi Alisher Rustamov.

Loyihaning yana bir qatnashuvchisi, mutaxassis, Parkent tumanida joylashgan "Norchontol" ko‘chatzorini asoschilaridan biri Shuhrat Abrorov ham muxbirimiz bilan suhbat qurib, loyiha haqidagi fikr mulohazalarini so‘zlab berdi:

"Italiya ko‘chatzorlarida klon payvandtaglar bilan bir qatorda urug‘ payvandtaglardan ham foydalaniladi. Ko‘chatlarning payvandtaglarini tanlashda ekiladigan yerning tuproq turi va sanitar holatidan kelib chiqib qaror qilinadi. O‘zbekistonga qaytib kelgandan so‘ng, ko‘chatzorda turlarga ajratilgan ko‘chatlarga yorliq osishni tashkil etdik. Bundan tashqari ayrim ko‘chatlar navlarini oson ajratish uchun bo‘yash amaliyotini joriy qildik. Umuman ko‘chat yetishtirishda ko‘chatzorga ekiladigan payvandtaglar oraliq masofasi hamda qatorlar orasini, sifatli ko‘chat yetishtirish maqsadida kengaytirish bo‘yicha ham ishlar olib bormoqdamiz".

Italiyaga safar natijasida yurtimizda olma va boshqa mevalarning yangi turlari paydo bo‘ldi. Jumladan, "Vitro plant" hamda "Battistini" ko‘chatzorlaridan gilos va shaftolining yangi turlari olib kelinib, O‘zbekistonda ekildi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanidagi ko‘chatzor takomillashtirildi, Beruniyda esa ikkita xususiy ko‘chatzor tashkil etildi.

Hozirda loyiha doirasida olingan tajribani ommalashtirish va karantin davrida sohaga qiziqish bildirayotgan barcha yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida biznes va agrosanoat sohasida bilimlarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan bepul vebinarlar tashkil qilingan. Ularni Yevropalik soha professionallari bilan hamkorlikda tajriba orttirgan va ko‘p yillik tajribaga ega spikerlar biznesni tashkil etish, boshqarish, marketing, servis va yana ko‘plab mavzularda olib bormoqdalar.

Adham Ikramovning ta'kidlashicha, yuqoridagi vebinarlar aynan tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish, xususan qishloq xo‘jaligi sohasida biznesni rivojlantirishning o‘ziga xos xususiyatlari, biznes-reja va menejment mavzulariga bag‘ishlangan bo‘lib, barcha tadbirkorlar va tadbirkor bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlarimizga juda qo‘l keladi.

Loyiha doirasida fermerlar va ayollar tadbirkorligiga ham alohida e'tibor beriladi. Loyiha doirasida O‘zbekistonning qishloq joylarida yashovchi kamida 25 nafar fermer xo‘jaliklari vakillarining biznes-rejalarini tayyorlashga hamda 100 nafar ayolga biznesga oid bepul maslahatlar, yuridik va psixologik ko‘maklar taqdim qilinadi, hamda ularning bizneslarini tashkil etish va rivojlantirishga yaqindan yordam beriladi.

Bog‘lanish uchun telefon raqamlari:

Biznes maslahatlar uchun: +998 97 769 65 55

Yuridik maslahatlar uchun: +998 97 769 78 88

Psixologik maslahatlar uchun: +998 90 188 20 62.

Vebinarlar allaqachon boshlangan, ularni o‘tkazib yubormaslik uchun O‘zbekiston Savdo Sanoat palatasining unitar tashkiloti, "Business Monitoring Group"ning Telegram kanaliga obuna bo‘ling – t.me/bmguz

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid