O‘zbekiston | 11:34 / 07.08.2021
3546
2 daqiqa o‘qiladi

Intellektual mulk huquqlarini buzuvchi nohalol tadbirkorlar reyestri tuziladi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining “Intellektual mulk huquqlarini buzuvchi nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestrini tuzish va yuritish tartibini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Intellektual mulk huquqlarini buzuvchi nohalol tadbirkorlik sub'yektlari reyestri - bu elektron ko‘rinishdagi ma'lumotlar bazasi bo‘lib, u Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladi.

Reyestrni tuzish va uni yuritish ishlari Qo‘mita tarkibidagi intellektual mulk sohasidagi nohalol raqobat holatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqishga mas'ul bo‘lgan bo‘linma tomonidan amalga oshiriladi.

Reyestr jadval shaklida tuziladi va unda reyestr tartib raqami, intellektual mulk huquqlarini buzgan nohalol tadbirkorlik sub'yektlarining nomi, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasining buzilgan qismi va xatboshisi, qonunbuzilish mazmuni, Qo‘mita va hududiy organlar maxsus komissiyalari qarori va sanasi, nohalol tadbirkorlik sub'yektini reyestrga kiritilgan sanasi ko‘rsatiladi, shuningdek huquqlari buzilgan tadbirkorlik sub'yekti tovar belgisining yoki savdo belgisining hamda tadbirkorlik sub'yektining huquqlarini buzuvchi boshqa tadbirkorlik sub'yekti savdo belgisining ifodasi  joylashtiriladi.

Qo‘mita va hududiy organlar maxsus komissiyalari tomonidan tadbirkorlik sub'yekti intellektual mulk huquqlarini buzgan deb e'tirof etilib, tegishli qaror qabul qilingan sanadan bir oy o‘tgandan so‘ng, ya'ni qaror ustidan  qonunchilikda belgilangan muddatda shikoyat qilinmasa, ushbu tadbirkorlik sub'yekti reyestrga kiritiladi.

Agar Maxsus komissiya qarori ustidan belgilangan muddatda Qo‘mita hay'atiga yoki sudga shikoyat qilingan bo‘lsa, ushbu organlarning qarorlari qonuniy kuchga kirmaguncha tadbirkorlik sub'yekti reyestrga kiritilmay turadi.

Mavzuga oid