00:22 / 15.12.2016
33305

Shavkat Mirziyoyev: 2017 yildan boshlab hokimlar aholi oldida hisobot berishi joriy etiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat amaldorlari xalq dardini tinglashi va shu bilan birga o‘zi bajargan ishlar xususida xalqqa hisobot berishi zarurligini aytib o‘tdi.

Buyuk Alisher Navoiy bobomizning «Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami» degan satrlarida qanchalik chuqur hayotiy hikmat, falsafa bor. Ya'ni, bu dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir, xalqning g‘amidan uzoq bo‘lgan insonni odam qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi, deb ta'kidlamoqda ulug‘ bobomiz. 

Bu o‘lmas satrlar bizning bugungi hayotimiz bilan, bizning orzu-intilish va amaliy harakatlarimiz bilan naqadar hamohang ekani odamni hayratga soladi. 

Biz barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tishimiz darkor. Xususan, 2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi. 

Shu bilan birga, ilgari ham aytganimiz kabi, har bir tuman va shaharda, “Xalq qabulxonalari”ni tashkil etish va ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini ta'minlashimiz zarur bo‘ladi. 

Bu qabulxonalarning huquqiy maqomini, ularning vakolat va majburiyatlarini ham aniq belgilab, birorta ham murojaat e'tiborsiz qolmaydigan tizim faoliyatini yo‘lga qo‘yish darkor. 

Davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga baho berishda qonuniylikni ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari qanday himoya qilinayotgani, ularga davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va ochiqligi biz uchun eng asosiy mezon bo‘lishi shart. Shu borada bir fikrni yana takrorlab aytmoqchiman: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak. 

Shu munosabat bilan eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar, tarmoq va hududlar bo‘yicha maqsadli dasturlar, ustuvor investitsiya loyihalari va boshqa dolzarb vazifalar bajarilishini tanqidiy tahlil qilish yuzasidan amaldagi mavjud tizim samaradorligini oshirishimiz lozim. 

Ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining komplekslari va iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari hamda hokimlarning Prezident huzurida shaxsiy hisobotini eshitish amaliyoti yangitdan joriy etiladi. 

Hukumatga, hokimliklarga saylovchilar va aholining keng qatlamlari bilan uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha 2017-2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrini rivojlantirish borasidagi muammoli masalalarni hal etish yuzasidan ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlarni vazirlik va idoralar bilan birgalikda so‘zsiz amalga oshirish topshiriladi. 

Bugungi kunda nafaqat Bosh vazirning elektron pochtasi va qabulxonasiga, balki Prezident nomiga kelib tushayotgan fuqarolarning qonuniy murojaat va shikoyatlarini batafsil o‘rganish va ularda ko‘tarilgan masalalarni yechish bo‘yicha ishlarni faol davom ettirish g‘oyat muhim, deb hisoblayman. 

Umuman olganda, bundan keyin vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va hokimlarning faoliyati natijasi quruq iqtisodiy raqamlar bilan emas, balki ularning odamlar bilan qanday muloqot olib borayotgani va ishni tashkil etgani, fuqarolarning muammolarini qay darajada hal qilayotganiga qarab baholanadi va tegishli xulosalar chiqariladi. 

Ayni shu masalada ularning faoliyati ijobiy bo‘lsa, xalq ulardan rozi bo‘lsa, rahmat deymiz, aksi bo‘lsa – biz bunday rahbarlar bilan xayrlashamiz.

Top