O‘zbekiston | 11:18 / 15.03.2021
3785
2 daqiqa o‘qiladi

2 yil ichida Qoraqalpog‘iston va Buxoroning 30ta maktabida ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimi yaratiladi

«Zamin» fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Buxoro viloyatidagi ta'lim va ijtimoiy sohada fond loyihalari amalga oshirilayotgan muassasalarga tashrif buyurdi.

Fond xabariga ko‘ra, «Umumta'lim maktablarda suv, sanitariya va gigiyena» dasturi doirasida birinchi loyiha amalga oshirildi. Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi 11-maktabda suv ta'minoti va sanitariya tizimi ishlab chiqildi. Buning uchun maxsus quduq burg‘ilandi, ichimlik suvi darajasiga qadar suv tozalash uskunasi o‘rnatildi, gigiyena standartlariga javob beradigan infratuzilma yaratildi va suvni ikkilamchi tozalash tizimi tashkil etildi.


 
Keyingi ikki yil davomida Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining 30ta umumta'lim maktabida ichimlik suv ta'minoti va sanitariya tizimini yaratish, shuningdek, o‘quvchilar uchun sanitariya va gigiyena bo‘yicha ma'rifiy darslar o‘tkazish rejalashtirilgan. 

Shuningdek, xalqaro ekspertlar bilan birgalikda ijtimoiy muassasalarni suv bilan ta'minlash va sanitariya-tozalash konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Mazkur tashabbus YUNISEF bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid