“Avvalo o‘zbek tilida yozilsin” - Buxoroda reklama bannerlari va lavhalar nega olib tashlanyapti?
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida bir qator mehmonxonalarning reklama va axborot peshtaxtalari olib tashlanayotgani aks etgan fotolar tarqaldi. Kun.uz’ning aniqlashicha, mahalliy hokimlik reklamalar, lavhalar, axborot matnlarini reklama to‘g‘risidagi qonunga moslashtirishga kirishgan. “Tadbirkorlar matnning tarjimasini boshqa tilda berishi mumkin, faqat davlat tilidagi matndan kichikroq shriftda yozilishi kerak”, deydi viloyat hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov.
Buxoro shahrida mehmonxonalarga tegishli tashqi yozuvlar olib tashlanmoqda. Bu haqda bloger Umid G‘ofurov Telegram-kanalida ma’lum qildi. Bloger e’lon qilgan fotolarda bir nechta mehmonxonalarning axborot matnlari olib tashlanayotgani aks etgan.
Kun.uz holatga aniqlik kiritish uchun Buxoro viloyati hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov bilan bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, reklama yozuvlarini olib tashlash bo‘yicha ishlar “Reklama to‘g‘risida”gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 30 avgustdagi 428-sonli qarori asosida amalga oshirilyapti.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunda barcha reklamalar, lavhalar, axborot matnlari davlat tilida yozilishi kerak deb ko‘rsatilgan”, – deydi u.
Lekin ta’kidlash kerakki, qonunning 6-moddasidagi davlat tiliga oid talablar reklamalarga nisbatan belgilangan bo‘lib, 2-moddada bu qonun talablari reklama xususiyatidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmagan peshlavhalar va ko‘rsatkichlarga nisbatan tatbiq etilmasligi ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasiga asosan, lavhalar va e’lonlar davlat tilida bo‘lishi kerak va boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, reklamalar davlat tilida tarqatilishi zarur. Reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak. Tashqi reklamalarda boshqa tillardagi tarjima matni davlat tilidagi matnning pastki qismida, gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi kerak. Reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi talab etiladi.
“Hotel” masalasida 2 ta qonunbuzilish holatlari bor. “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunda ham, reklama to‘g‘risidagi qonunda ham bunday yozuvlar davlat tilida yozilishi kerak. Ular matnning tarjimasini boshqa tilda berishi mumkin, faqat davlat tilidagi matndan kichikroq shriftda yozilishi kerak. Masalan, “Hotel” deb yozyaptimi, undan kattaroq shriftda “mehmonxona” deb yozishi kerak. Turistlarni jalb qiladigan matnni istalgan tilida yozsin, lekin birinchi navbatda u davlat tili – o‘zbek tilida bo‘lishi kerak. Biz “Hotel” deb yozishni cheklamayapmiz”, – deydi Akbar Rustamov.
Uning tushuntirishicha, reklama, lavha va axborot matnlari nafaqat davlat tili to‘g‘risidagi, balki yuqorida nazarda tutilgan hukumatning tegishli qarori talablariga ham moslashtirilyapti.
“VMning 2023 yil 30 avgustdagi 428-sonli qarorida barcha axborot maydonlari bir kvadrat metr hajmda bo‘lishi kerak degan talab bor. Bu axborot maydoni har bir do‘kon, yoki xizmat ko‘rsatish obektining o‘zi haqida axborot beruvchi lavhasi. Bundan kattasi reklama sifatida baholanadi va 428-sonli qarorga ko‘ra, reklamalar belgilangan tartib bilan pasportlashtirilishi kerak”, – deydi hokimlik mas’uli.
Ushbu talab hukumat qarorining 10-bandida nazarda tutilgan. Bunda yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar hamda jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida joylashtirilgan, reklama tusiga ega bo‘lmagan, umumiy maydoni bir kvadrat metrdan ko‘p bo‘lgan e’lonlar tashqi reklama va axborot obektlari (konstruksiyalari) sifatida e’tirof etilishi hamda ular uchun belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtirilishi belgilangan.
“Tadbirkorlar to‘g‘ri tushunib, texnikalarni jalb qilib, o‘zlari olib tashlashlariga to‘g‘ri kelmasligi uchun lavhalarni olib tashlashga rozi bo‘lishdi. Tadbirkorlar qaror talabiga ko‘ra reklama lavhalarini pasportlashtirganda my.gov.uz portaliga, o‘zining shaxsiy kabinetiga kirib, reklama xizmatidan foydalangan holda, reklamasini pasportlashtirish uchun ariza beradi. Bunda bir martalik davlat boji va har oylik yig‘imlarni to‘lash kerak bo‘ladi. Bu reklama lavhasi turiga qarab, har xil summada bo‘lishi mumkin.
Reklamani pasportlashtirishni xohlamaganlar o‘zi haqida ma’lumot beruvchi peshtaxtalarni qonunchilik talabiga muvofiq bir kvadrat metrdan oshirmasliklari mumkin, bunda ham tadbirkorlarga yordam beryapmiz”, deydi Akbar Rustamov.
Uning ta’kidlashicha, lavhalar olib tashlanishidan oldin raqobat boshqarmalari orqali ularga oldindan ogohlantirish berilgan.
“Birinchi navbatda viloyat markazi, keyin tuman markazlarini qonun talablariga moslashtiryapmiz. Buxoroni bilasiz, sayyohlar eng ko‘p keladigan hudud – ular ko‘chalarga qarab, shaharga baho beradi. Shunday holat yuzaga kelgan ediki, reklamalar juda tartibsiz o‘rnatilgandi. Bannerlarni yo‘lning o‘rtasigacha chiqarib qo‘yadiganlar yoki ruxsatsiz konstruksiya o‘rnatganlar, yo‘lning qatnov qismini egallaganlar ham bo‘ldi.
Bundan tashqari, ko‘p tadbirkorlarimiz do‘konlar va xizmat ko‘rsatish obektlarini taniqli, chet el brendlari nomlari bilan nomlashyapti. Bu yerda mualliflik huquqi masalasi bor. Hech qanday dilerlik yoki franshiza shartnomasi bo‘lmasa ham, ularning nomidan foydalanishyapti. Biz ertaga jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lsak, ruxsatsiz mening nomimdan foydalandi deb, bu brendlar tadbirkorlarni jarimaga tortishi ham mumkin. Bu borada ham tadbirkorlarga tushuntirish berdik”, – deydi viloyati hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
Reklamalar uchun oylik yig‘imlar qancha?
428-sonli qarorga muvofiq, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etilishi kerak edi. Shuningdek, davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalari, binolar hamda inshootlarda yangi o‘rnatiladigan tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) qurish huquqi uchun elektron onlayn-auksion yakunlari bo‘yicha to‘lov hamda tashqi reklama va axborot obektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun yig‘im o‘rniga miqdori ochiq elektron auksion savdolari orqali belgilanadigan tashqi reklama va axborot obektini (konstruksiyasini) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq uchun yagona oylik yig‘im joriy etildi.
Yig‘im Toshkent shahrida reklama maydonining (sathining) bir kvadrat metri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 foizidan va boshqa hududlarda 5 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
2024 yil 1 sentabrdan boshlab, bazaviy hisoblash miqdori 375 000 so‘m etib belgilandi. Demak, poytaxtda bir kvadrat metr reklama maydoni uchun oylik yig‘im – 26250 so‘mni, boshqa hududlarda esa 18750 so‘mni tashkil qiladi.
Madina Ochilova,
Kun.uz
Mavzuga oid
11:34 / 06.11.2024
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
21:02 / 05.11.2024
Xalq tabobati sohasidagi noqonuniy faoliyatga cheklovlar joriy qilindi
15:04 / 03.11.2024
Buxoroda xotiniga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqdan ozod qilinib, shartli jazo tayinlandi
21:43 / 22.10.2024