Jamiyat | 21:16 / 26.03.2021
13123
3 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy-ijtimoiy sohadagi tibbiyot xodimlari oylik maoshi oshirildi

2021 yil 25 mart kuni qabul qilingan «Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, «Caxovat» va «Muruvvat» internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimiga «autsorsing» asosida xususiy sektorni jalb qilish ishlari olib boriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, Tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, 35ta muassasada 428 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlarini olib borish va ularni 40 milliard so‘mlik jihozlar va texnika bilan ta'minlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish belgilandi.

Shuningdek, 2021 yil 1 apreldan boshlab:

  • «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining rahbar va shifokorlar oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga;
  • o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshi 2 barobarga;
  • boshqa barcha xodimlar oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga oshirilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari:

  • agentlik markaziy apparati xodimlarining oylik lavozim maoshini 1,5 barobarga;
  • uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari hamda Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi markaziy apparati va uning hududiy komissiyalari xodimlari oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;
  • «Saxovat» internat uylari hamda urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida yashovchi yolg‘iz pensionerlarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun kamida to‘lanadigan oylik pensiya miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oshirilishi ko‘zda tutildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi urush va mehnat faxriylari «Saxovat» uyiga tashrif buyurgan va bu yerdagi nuroniylar bilan uchrashgandi.

«Bosh vazirga alohida topshiriq berdim, maxsus xodim ajratadi va u faqat shu soha bilan shug‘ullanib, muammolarni hal qiladi. Behzod Musayev bunday maskanlarda faoliyat yurituvchi tibbiy xodimlar maoshlarini ko‘rib chiqadi. Ularga boshqalar bilan teng maosh berish adolatdan emas, chunki ishlari og‘ir. Bunday maskanlarda istiqomat qilayotgan insonlar ham umid bilan yashayapti, ularni ota-onamizdek ko‘rsak ishimizda baraka bo‘ladi», degandi davlat rahbari uchrashuv davomida.

Mavzuga oid