O‘zbekiston | 19:55 / 05.04.2018
6205
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Oliy adabiyot kursi tashkil etiladi

Foto: Huffington Post

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Oliy adabiyot kursini tashkil etish haqidagi taklifi ma'qullandi.
 
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 2018 yilning 1 avgustiga qadar Oliy adabiyot kursi mutaxassisliklari bo‘yicha tegishli malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Oliy adabiyot kursiga bakalavr darajasiga ega bo‘lgan va adabiyot sohasida o‘z ijodiy qobiliyatini namoyon etgan ijodkorlar Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta'lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tanlov asosida qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan kelishilgan holda, Oliy adabiyot kursiga yillik qabul kvotalarini (40 foizi byudjyet va 60 foizi to‘lov-kontrakt bo‘yicha) belgilangan tartibda shakllantiradi.

Mavzuga oid