Bundesligada noodatiy va noyob mavsum yakunlari. «Bavariya» hatto ikkinchi bo‘lolmadi
Yakunlangan chempionatdagi asosiy kashfiyotlar va hafsalani pir qilganlar.
Shanba kuni Bundesliganing navbatdagi mavsumi yakunlandi. Bir oy oldinroq «Bayyer»ning chempionligi (klubning 120 yillik tarixidagi birinchisi) aniq bo‘lib ulgurgandi. Ligada yo‘llanmalar soni beshtaga oshgani tufayli qaysi jamoalar Chempionlar ligasiga yo‘l olishi borasida ham intriga bo‘lmadi («Bayyer», «Shtutgart», «Bavariya», «Leypsig» va «Borussiya» D). Turnirning bu asosiy yakunlaridan tashqari yana yettita muhim bandni keltirib o‘tish mumkin.
1. «Bayyer» mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi
Bu ro‘y berdi. Habi Alonso jamoasi Germaniya chempionatida shunchaki g‘olib bo‘lish bilan kifoyalanmasdan, buni biror marta mag‘lubiyatga uchramagan holda uddaladi. 34 tur davomida «Bayyer» 28 uchrashuvda g‘alaba qozondi, olti o‘yinda durang qayd etildi. 1963 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan turnir tarixida biror jamoa bunday natijaga erisha olmagandi. «Bayyer» mavsum davomida birorta turnirda mag‘lubiyatga uchramagan jamoaga aylanishi ham mumkin. Buning uchun yana ikkita o‘yin qolgan – 22 may kuni Yevropa Ligasi finalida «Atalanta»ga qarshi o‘yin va 25 may kuni Germaniya Kubogi uchun Ikkinchi bundesligada 15-o‘rinda borayotgan «Kayzerslautern» bilan o‘tkaziladigan o‘yin.
2. «Bavariya» — muxlislar ishonchini oqlay olmadi
Myunxenliklar qatorasiga 11 mavsumda chempionlikka erishgandi. Bunday seriya qachondir barham topishi aniq edi. Ammo bu aynan qanday ro‘y berishi muhim edi. «Bavariya» birinchi o‘rindan 18 ochkoga (!) ortda qolib ketdi. So‘nggi turda esa myunxenliklar uchinchi o‘ringa tushib ketishdi – jamoa 13 yildan buyon bunday past o‘rinni egallamagandi. Va bu «Bavariya» safiga sayyoraning eng kuchli hujumchilaridan biri Harri Keyn kelib qo‘shilgan mavsumda ro‘y berdi. Klub kiyim almashtirish xonasidagi va rahbariyatdagi kelishmovchiliklardan jabrlandi. Natijada ayni vaqtda ko‘plab murabbiylar «Bavariya» taklifini rad etishmoqda: Alonso, Zinedin Zidan, Yulian Nagelsman, Ralf Rangnik, Xulen Lopetegi, Unai Emeri, Oliver Glasner, Roberto De Dzerbi va Tomas Tuxel. Yozda jamoa boshqaruviga kim kelishi hozirgacha ma’lum emas.
3. Roys Bundesliga bilan xayrlashdi
Turnir ramzlaridan biriga aylangan futbolchi Germaniyani tark etmoqda – bu so‘nggi 12 mavsum davomida «Borussiya» Dortmund sharafini himoya qilgan Marko Roysdir. Ushbu hujumkor yarimhimoyachi bu oy 35 yoshga chiqdi. So‘nggi mavsumda u doim ham boshlang‘ich tarkib futbolchisi bo‘la olmadi, ammo yakuniy turda ilk daqiqalardan maydonda harakat qildi. Muxlislar tomonidan katta performans bilan qarshi olingan futbolchi o‘zi ham gol urdi, sherigiga golli pas ham berdi va olqishlar ostida maydonni tark etdi. Xayrlashuv orzudagidek kechdi. U keyingi mavsumda Bundesligada o‘ynamasligi aniq. Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining keyingi manzili MLS chempionati bo‘ladi.
4. «Shtutgart» va Girassi — mavsum kashfiyotlari
Asosiy kashfiyot sifatida «Bayyer»ni aytish mumkin, ammo ular uchun bu kamlik qiladi. Alonso amalga oshirgan ish – butun Yevropa uchun noyob holatdir. Shunday ekan, bu o‘rinda nisbatan kichikroq ishlarni e’tirof etish mumkin. «Shtutgart» o‘tgan mavsumni 16-o‘rinda yakunlagandi va yuqori divizionda qolish uchun Ikkinchi Bundesliganing uchinchi jamoasi bilan o‘tish o‘yinlarida ishtirok etishiga to‘g‘ri kelgandi. Endi esa bu jamoa ikkinchi o‘rinni egalladi, 42 yoshli mutaxassis Sebastyan Hyonessga (Diterning o‘g‘li va Ulining qarindoshi) «Bavariya» qiziqish bildirmoqda. «Shtutgart» bu mavsum avvalgisiga nisbatan 14 pog‘ona yuqorilash orqali «Verder»ning 1967/1968 yildagi rekordini takrorladi. Seru Girassi esa 26 gol urib, aql bovar qilmas statistika qayd etdi. O‘tgan mavsumda u bunday samaradorlik bilan to‘purarlar poygasida yaqqol peshqadam bo‘lgan bo‘lardi (Kristofer Nkunku va Niklas Fyullkrug 16 tadan gol urib, eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etishgandi).
5. Virs — Germaniyadagi eng xaridorgir futbolchi
«Bayyer» chempionligiga hissa qo‘shgan qahramonlar ro‘yxati uzun. Viktor Bonifase mavsumning uchdan bir qismini jarohatlar tufayli o‘tkazib yuborgan bo‘lishiga qaramay – jamoaning eng yaxshi to‘purari (14 gol) bo‘ldi. Granit Chaka – to‘pga teginishlar soni bo‘yicha yaqqol peshqadam. Jonatan Ta – ligada uzatmalar aniqligi bo‘yicha eng yaxshi futbolchi (94 foizdan oshiq). Alexandro Grimaldo – 13 assist muallifi (undan yuqori natija top-5 liga bo‘yicha ham hech kimda bo‘lmadi). Bu o‘rinda jamoaning asosiy yetakchisi Florian Virsni ham e’tirof etish kerak, u «Real»ning 2025 yil yozidagi asosiy nishoni bo‘lishi aytilmoqda. Transfermarkt uning transfer bahosini 110 mln yevroga baholagan – Bundesligada hozirda undan qimmatroq futbolchi yo‘q (Keyn va Jamal Musialaning narxi ham shuncha).
6. Keyn 36 gol urdi
Mavsum yakunida barchadan ko‘ra ko‘proq ranjigan futbolchi. «Tottenhem» hujumchisi o‘tgan yil yozida sovrinlar yutish uchun «Bavariya»ga yo‘l olgandi. Angliyalik forvard 30 yoshdan oshganiga qaramay, hozirgacha birorta titulga ega emas. Myunxen jamoasi ham Keynning transferidan keyin sovrinsiz qoldi. Shu bilan birga, hujumchi o‘ziga bog‘liq barcha ishni qildi. 36 gol urdi va sakkiz assist muallifi bo‘ldi – bu faqat Germaniya chempionatining o‘zida. Angliyalik hujumchi «Darmshtadt» bilan o‘yinda maydonning ikkinchi qismidan darvozani ishg‘ol qilishni ham uddalagandi.
7. «Bohum» tushib ketishi mumkin
Germaniya chempionatini «Darmshtadt» va «Kyoln» tark etdi, Ikkinchi Bundesligadan «Sankt-Pauli» va «Holshtayn» yuqoriga ko‘tarildi, bu ikki jamoa quyi ligada ancha oldinroq birinchi va ikkinchi o‘rinlarni naqd etishgandi. Ulardan birinchisi 13 yillik tanaffusdan keyin qaytmoqda, ikkinchisi uchun esa bu elitadagi debyut bo‘ladi (to‘g‘ri, bu jamoa 1912 yilda chempion bo‘lgan, ammo o‘shanda turnir Germaniya birinchiligi deb nomlangan). Germaniya chempionatidagi yana bir o‘rin Birinchi Bundesliganing 16-jamoasi («Bohum») va Ikkinchi Bundesligada uchinchi o‘rinni egallagan jamoa («Fortuna») o‘rtasida o‘ynaladi – bu bahslar 23 va 27 may kunlari o‘tkaziladi. Barchasi o‘tish o‘yinlariga «Union» yo‘l olishiga qarab borayotgandi, ammo berlinliklar jamoasi so‘nggi turda 90+2-daqiqada g‘alaba golini urdi.
Mavzuga oid
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
17:00 / 19.10.2024
«Liverpul», «Barsa» va «Yuve» uchun jiddiy sinov. Dam olish kunlarida tavsiya etiladigan 4 uchrashuv
10:40 / 17.10.2024
Bavariyadagi shahar meri yangi ukrainalik qochqinlarni qabul qilmadi
11:22 / 03.10.2024