Sport | 11:22 / 03.10.2024
16529
19 daqiqa o‘qiladi

«Real», «Bavariya» va «Atletiko» yutqazdi, «Yuventus»da dahshatli kambek. YeChLda sensatsiyalar kuni

Chempionlar ligasida chorshanba kuni o‘tkazilgan 2-tur uchrashuvlari, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

Foto: Michael Regan - UEFA/Getty Images

Qutqaruvchi Shevale

«Lill» — «Real» 1:0
Gol:
Devid (45+3, penalti). 
«Lill» – Shevale, Gudmundsson, Aleksandro, Diakite, Santush, Andre, Buaddi, Bakker (Mene, 88), Kabella (Sahraui, 72), Jyegrova, Devid.
«Real» – Lunin, Mendi (Garsiya, 46), Ryudiger, Militao (Mbappe, 57), Karvaxal, Bellinghem, Kamavinga (Guler, 67), Chuameni, Valverde, Vinisius, Endrik (Modrich, 57).
Ogohlantirishlar: Endrik (46), Kamavinga (59), Bellinghem (78), Ryudiger (79), Modrich (81), Santush (90+3), Diakite (90+6). 

Endrik «Real» afsonasi Raulga tegishli bo‘lgan klub rekordlarini o‘ziniki qilishda davom etmoqda. Birinchi turda braziliyalik hujumchi madridliklarning asosiy yevrokubokda gol urgan eng yosh futbolchisiga aylangandi, chorshanba oqshomida esa 18 yosh-u 73 kunligida «Qirollik klubi»ning Chempionlar ligasi o‘yinida boshlang‘ich tarkibda tushgan eng yosh futbolchisiga aylandi. Oldingi natija bilan farq — atigi besh kun.

Ammo o‘yin «Real» uchun juda murakkab kechdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida amaldagi chempionlarni faqat Luninning fantastik reaksiyasi qutqarib qoldi, u Devidning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini to‘sdi va ikkinchi zarbaga ham ulgurdi. Ammo «Lill» baribir bo‘limni o‘z foydasiga hal qildi, kanadalik hujumchi «Real» darvozaboni bilan ikkinchi duelda ustun keldi. «Barselona» qiziqayotgan forvard to‘p Kamavinganing qo‘liga tekkani uchun belgilangan penaltini aniq ijro etdi.

Madridliklar birinchi bo‘limni qiyin o‘tkazishi va gol ura olmasligi — allaqachon an’anaga aylangan. Karlo Anchelotti ikkinchi bo‘limda Modrich hamda jarohatidan endi tuzalgan Mbappe qiyofasidagi og‘ir artilleriyani maydonga tashlashiga to‘g‘ri keldi. Ular bilan jamoa to‘liq shturmga o‘tdi, ammo Fransiyaning eng yaxshi darvozabonlaridan biri Shevale fantastik oqshom o‘tkazdi. Bir necha daqiqa oralig‘ida u Bellinghemning ikki zarbasini qaytardi, shuningdek Ryudiger gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. Yangi formatdagi turnirdagi hozircha eng katta sensatsiya — ko‘p jihatdan «Lill» darvozabonining xizmati bo‘ldi. Yoki buni «Real»ning Fransiya bilan bog‘liq kompleksiga yo‘yish mumkin, jamoa ushbu mamlakat maydonlarida qatorasiga uchinchi bor gol urmasdan yutqazdi (bunga qadar — ikki marta «PSJ»ga).

Super-zaxira

 

«Aston Villa» — «Bavariya» 1:0
Gol:
Duran (79). 
«Aston Villa» – Martines, Din, Torres, Karlos, Konsa, Tilemans, Onana (Barkli, 60), Remzi (Beyli, 27), Filojin-Baydeys, Rojyers, Uotkins (Duran, 70).
«Bavariya» – Noyyer, Devis, Kim Min Je (Goretska, 86), Upamekano, Laymer (Tel, 86), Pavlovich (Palinya, 76), Kimmix, Olise (Sane, 66), Koman (Musiala, 46), Gnabri, Keyn.
Ogohlantirishlar: Upamekano (21), Gnabri (66), Matsen (90+2), Karlos (90+4), Duran (90+5).

«Bavariya» ham, «Aston Villa» ham dam olish kunlarida ichki chempionatlarda durang o‘ynagandi, ammo jamoalar umuman olganda mavsumni ajoyib o‘tkazmoqda. Ayniqsa myunxenliklar Vensan Kompani boshqaruvida raqiblarni yirik hisoblarda tor-mor etmoqda. Ammo «Aston Villa» bilan o‘yinda ishlar o‘xshamadi.

Holbuki «Bavariya» kuchli boshlagandi. Dastlabki 15 daqiqalikda mehmonlar to‘pga egalik qilish bo‘yicha 75 foizlik ustunlikka ega bo‘ldi. «Villa» maydonning o‘z darvozasi tomonidagi uchinchi qismida bunday kuchli bosimga bazo‘r dosh berib turdi. Ammo «Bavariya» katta kuch bilan hujumga o‘tgani tufayli mudofaa chizig‘i ham shu qadar oldinda joylashdi, natijada «Villa»ning qarshi hujumlari o‘ta xavfli chiqdi.

Mezbonlar bir necha holatda bitta pas bilan «Bavariya»ning barcha maydon o‘yinchilarini ortda qoldirdi va Olli Uotkins himoyachilar ortida ochildi. Bir safar u Deotshankyul Yupamekano bilan yakkakurashda yiqitildi, ammo hakam buni qoidabuzarlik deb topmadi. Emiliano Martines o‘z jarima maydoni ichidan ikkinchi bor to‘pn maydonning ikkinchi qismiga yetkazib berganida esa «Bavariya»ning shu himoyachisi Uotkinsga ochiqchasiga fol ishlatib, sariq kartochka oldi.

Belgilangan jarima zarbasi bilan boshlangan hujum «Villa»ning goli bilan yakunlandi. «Bavariya» mudofaasi juda passiv harakat qildi, mezbonlar darvozadan bir necha metr masofada hech qanday qarshilikka uchramasdan to‘pni osonlik bilan qabul qilishdi va Pau Torres darvozani ishg‘ol etdi, ammo videotakrordan keyin ofsayd tufayli gol bekor qilindi.

Keyin esa o‘yin tenglasha boshladi. 27-daqiqada «Villa» majburiy o‘zgarishni amalga oshirdi, Jyeykob Remsi jarohat olib, o‘rniga Leon Beyli chiqdi. Bo‘limdagi eng yodda qolarli vaziyat esa – Maykl Olisening to‘qqizlik tomon zarbasi va unga Martinesning chiroyli sakrab, jamoasini goldan qutqarib qolishi bo‘ldi.

«Bavariya»ning birinchi bo‘limdagi o‘yinidan qoniqish hosil qilmagan murabbiy Kingsli Komanni maydondan oldi va Jamal Musialani tushirdi. «Villa» unga dribling uchun maydon qoldirmaslikka harakat qildi, ammo u bir safar devor uslubida o‘ynab, jarima maydoniga yorib kirdi. Faqat so‘nggi pallada uni himoyachilar to‘sishdi.

Umuman olganda, ikkinchi bo‘lim ancha pragmatik kechdi va barchasini birgina gol hal qildi. Mezbonlar jokeri Jon Duran oldinga chiqib ketgan Noyyerni jazoladi. Bu kolumbiyalik hujumchi uchun joriy mavsumda zaxiradan tushgan o‘yinlarida beshinchi bor gol urishi bo‘ldi va shundan to‘rttasi g‘alaba goli bo‘lgan.

«Bavariya»da o‘yinning qolgan qismida ham ko‘p vaziyatlar bo‘ldi, ammo Martines qahramonlik ko‘rsatdi. Shu tariqa, myunxenliklarning Chempionlar ligasi guruh bosqichlarida 41 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasi yakunlandi. E’tiborli tomoni, «Bavariya» bu bosqichda oxirgi bor 2017 yilda «PSJ»ga yutqazgandi, o‘shanda parijliklarni Unai Emeri boshqarardi.

Salohning kuni

«Liverpul» — «Bolonya» 2:0
Gollar:
Mak Allister (11), Saloh (75). 
«Liverpul» – Alisson, Roberson (Tsimikas, 72), van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold (Bredli, 85), Mak Allister, Gravenberh, Soboslai (Jons, 86), Dias (Gakpo, 72), Saloh, Nunes (Jota, 61).
«Bolonya» – Skorupski, Miranda, Lukumi, Bekema (Kazale, 62), Posh, Froyler (Fabbian, 84), Moro, Urbanski (Ebisher, 61), Ndoyye (Iling-Junior, 79), Orsolini, Dallinga (Kastro, 79).
Ogohlantirishlar: van Deyk (26), Bekema (39), Konate (39), Roberson (55), Ebisher (67), Tsimikas (90).

«Liverpul» avvaliga o‘z muxlislarini qo‘rqitib yubordi, ammo hakam «Bolonya»ning golini ofsayd tufayli bekor qildi. Bu qizillar uchun signal vazifasini bajardi va Mak Allister Salohning ichkaridan uzatilgan pasiga yetib bordi. Misrlik hujumchi «Enfild»da qatorasiga oltinchi bor yevrokubok o‘yinida golda qatnashmoqda. Milliy jamoasi bilan Jahon chempionati va Amerika Kubogida g‘olib bo‘lgan argentinalik uchun esa bu YeChLdagi ilk gol bo‘ldi.

Ammo Arne Slot maydondagi voqealardan to‘liq qoniqish hosil qilgani dargumon, chunki tanaffusga qadar ikki vaziyatda darvoza ustunlari Alissonga yordamga keldi. Braziliyalik posbonning o‘zi ham seyvlar amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi. Faqat o‘yin oxirlariga borib Saloh barchani tinchlantirdi. U o‘z odatiga ko‘ra qanotdan markazga ko‘chdi va chap oyog‘i bilan aylanma zarba berdi. Statistikaga ko‘ra, u mersisaydliklarning YeChLda qatorasiga besh uy o‘yinida gol urgan ilk futbolchisiga aylandi. U jami 49 gol bilan turnir to‘purarlari ro‘yxatida Di Stefano, Ibrahimovich va Mbappega yetib oldi. Shuningdek, turnirning afrikalik to‘purarlari ro‘yxatida Dide Drogbadan o‘zib ketib, birinchi o‘ringa chiqib oldi.

Konseysaudan shedevr

«Leypsig» — «Yuventus» 2:3
Gollar:
Sheshko (30, 64 penalti) — Vlahovich (50, 69), Konseysau (82). 
«Leypsig» – Gulachi, Raum, Lukeba, Orban, Gertryuyda (Vermeren, 87), Simons, Aydara (Nusa, 75), Zayvald (Polusen, 87), Baumgartner (Henriks, 46), Sheshko, Openda (Silva, 90+1).
«Yuventus» – Di Gregorio, Kambiyazo, Bremer (Gatti, 7), Kalulu, Savona (Luis, 61), Fajoli, Makkenni, Kopmeyners, Yildiz (Perin, 60), Gonsales (Konseysau, 12), Vlahovich.
Ogohlantirishlar: Raum (79), Konseysau (85). 
Chetlatish: Di Gregorio (59).

«Yuventus»ning muammolari qor uyumi kabi ko‘payib bordi. 12-daqiqaga kelib Tiagu Motta Bremer va Niko Gonsalesning jarohati tufayli ikkita majburiy o‘zgarish qildi. Va yangi futbolchilar moslashishga ulgurmasidan «Leypsig» qarshi hujumda hisobni ochdi. Mezbonlar o‘z jarima maydonidan qanotga uzun pas bilan Opendani oldinga boshladi, belgiyalik hujumchi to‘pni jarima maydoni ichiga yetkazib berdi, u yerda esa Sheshko to‘sin ostiga aniq zarba yo‘lladi.

Ammo o‘yinning ikkinchi bo‘limi «byankonerilar»ning hujumlari bilan boshlandi. Kopmaynersning zarbasi ustunga bordi, Kambiyazoning Orban qo‘riqlayotgan qanotdan uzatmasidan keyin esa Vlahovich to‘pga bir teginishda hisobni tenglashtirdi. Javob golidan keyin esa «Yuve» bosimni susaytirdi va yana jamoa uchun yoqimsiz daqiqalar boshlandi. Buni o‘ziga xos mini-serial deyish ham mumkin. U Openda yakkama-yakka chiqib ketishi, Di Gregorio uni jarima maydoni tashqarisida to‘xtatishi, ammo VAR darvozabon jarima maydoni tashqarisida to‘pni qo‘l bilan o‘ynaganini aniqlashi bilan boshlandi.

Darvozabon kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi, uning foli uchun belgilangan standart esa penalti belgilanishiga olib keldi. Hakam yana bir bor monitor qarshisiga bordi va to‘p endi jarima maydoni ichida Duglas Luizning qo‘liga tekkanini tasdiqladi. Mavsumni kuchli boshlagan Sheshko dublni rasmiylashtirdi. 2:1, son jihatdan ustunlik — mehmonlarning mag‘lubiyati muqarrardek ko‘rinayotgandi, ammo turinliklar aql bovar qilmas kambek amalga oshirishdi. Vlahovich Sheshkodan ortda qolishni istamadi va uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan dublni nishonladi. Fransishku Konseysau esa jarima maydoni ichida o‘zini qanday aldab o‘tganini Germaniya milliy himoyachisi Raum tushlarida ko‘rib chiqishi aniq, portugaliyalik vinger fintdan keyin aniq zarba yo‘llab, «Yuve»ga irodali g‘alaba keltirdi.

Simeonening dahshatli tushi

«Benfika» — «Atletiko» 4:0
Gollar:
Oqturko‘g‘li (13), Di Mariya (52, penalti), Ba (75), Ko‘kchu (84, penalti). 
«Benfika» – Trubin, Fernandes, Otamendi, Arauju, Ba (Silva, 85), Ko‘kchu (Barreyro, 85), Florentinu, Eursnes, Di Mariya (Rolheyser, 71), Oqturko‘g‘li (Beste, 71), Pavlidis (Amduni, 60).
«Atletiko» – Oblak, Reynildu, Ximenes, Vitsel, Alvares (Simeone, 60), Korrea, Koke (Gallaher, 46), De Paul (Serrano, 46), Lorente (Molina, 33), Lino, Grizmann (Syorlot, 46).
Ogohlantirishlar: Eursnes (22), Serrano (70), Ximenes (83), Mandava (83), Korrea (90+5). 

«Atletiko» o‘yin startidayoq mudofaadagi muvaffaqiyatsizlik bilan hayron qoldirdi. Vitsel jarima maydoni chizig‘ida turgan holda ortida katta bo‘sh hudud qoldirdi, bu hududga esa «Benfika»ning yangi yulduzi Karim Oqturko‘g‘li yorib kirdi. Shu yozda «Galatasaroy»dan transfer qilingan turkiyalik hujumchi besh o‘yinda to‘rt gol urib, ikki bor jamoadoshlariga assistentlik qildi.

Portugaliyaliklarning yana bir yangi a’zosi — Pavlidis ham ajoyib formada. AZ safida yorqin o‘yin ko‘rsatgan grek hujumchisi bo‘lim oxirida o‘z imkoniyatini qo‘ldan chiqardi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida Di Mariya uchun penalti ishlab berdi. Pavlidisning oyog‘ini bosib olgan Gallaher — Diyego Simeone tanaffusdan keyin darhol maydonga tashlagan uch futbolchidan biri edi. Argentinalik murabbiy Grizmanni ham juda barvaqt almashtirib, barchani hayron qoldirdi. Lekin bunday ilojsiz ahvoldagi «matraschilar»ni hech kim qutqara olmagan bo‘lardi. 0:4 — «Atletiko»ning turnirdagi eng yirik mag‘lubiyati takrorlanishi bo‘ldi.

Jironadagi gollar yomg‘iri

«Shaxtyor» — «Atalanta» 0:3
Gollar:
Jimsiti (21), Lukman (44), Bellanova (48). 
«Shaxtyor» – Riznik, Pedro Enrike, Matviyenko, Bondar, Gram (Konoplya, 46), Stepanenko (Bondarenko, 63), Gomes (de Masedo, 63), Sudakov, Kriskiv, Zubkov (Neverton, 75), Eginaldo (Traore, 63).
«Atalanta» – Karnezekki, Kolashinats, Jimsiti (Pashalich, 46), Kossunu (Godfri, 83), Samarjich, Zappakosta, Bellanova (Kuadrado, 75), Ederson, de Ron, de Ketelare (Zaniolo, 60), Lukman (Retegi, 60).
Ogohlantirishlar: Gram (20), Zaniolo (78), Ederson (84).

«Jirona» — «Feyyenoord» 2:3
Gollar:
Lopes (19), van de Bek (74) — Errera (23, avtogol), Milambo (33), Kreychiy (79, avtogol). 
Aniq amalga oshirilmagan penaltilar: Ueda (36), Miovski (67).
Jirona – Gassaniga, Gutiyerres, David Lopes, Martines, Kreychi, Errera (Solis, 82), Martin, Xil (Asprilya, 75), van de Bek (Portu, 82), Tsigankov (Danjuma, 29), Miovski (Stuani, 75).
Feyyenoord – Vellenroyter, Bueno (Trauner, 71), Hansko, Belen, Lotomba (Gonsales, 83), Timber, Hvan In Bom, Milambo (Ivanushets, 82), Payshao, Ueda (Karransa, 71), Osman (Zerruki, 61).
Ogohlantirishlar: Errera (4), Osman (14), Martin (35), David Lopes (45), Danjuma (49), Bueno (60), Hvan In Bom (64), van de Bek (75), Stuani (88).

Kunning birinchi o‘tkazilgan o‘yinlaridan birida barchasi oldindan ma’lum edi. Yevropa ligasi finali qahramoni Lukman birinchi bo‘limdayoq «Atalanta»ning ustunligini ta’minladi, u dastlab Jimsitining goliga hammualliflik qildi, keyin o‘zi ham mezbonlar darvozasini ishg‘ol etdi. Tanaffusdan keyinoq urilgan Bellanovaning goli esa «Shaxtyor»da durangga ham umid qoldirmadi. Jan Piyero Gasperini shogirdlari 2020 yil dekabridan buyon YeChL doirasidagi safar o‘yinlarida ilk g‘alabasini nishonladi.

Bu o‘yinga parallel o‘tgan «Jirona» YeChLda ilk uy uchrashuvi intrigalarga boy va dramatik tus oldi. Kataloniyaliklarning ilk golidan xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. David Lopesning burchak zarbasidan keyin urilgan tarixiy golidan bir necha daqiqa o‘tib «Feyyenoord» ham o‘z standart zarbasi bilan javob berdi va Yanhel Errera Timberning bosimi ostida o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Keyin esa mezbonlarning asosiy o‘yinchilaridan biri Tsigankov almashtirildi, u Blindo va Oriol Romeu ortidan jamoa lazaretiga borib qo‘shildi. Keyin esa mezbonlar mudofaasidagi parokandalik ikkinchi gol o‘tkazilishiga olib keldi.

Bo‘lim oxirigacha uchinchi gol bo‘lishi ham mumkin edi, ammo Gassaniga o‘zi sababchi bo‘lgan penaltida Uedaning zarbasini qaytardi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa «Jirona»ning goli van de Bekdagi ofsayd holati tufayli bekor qilindi, Vellenroyter esa mezbonlar ustidan kulgandek bo‘ldi. Germaniyalik darvozabon raqibga penalti sovg‘a qildi, ammo Miovskining «nuqta»dan yo‘llagan zarbasini qaytardi. Bu turnirda bir o‘yinning o‘zida ikki jamoa darvozaboni ham 11 metrlik jarima zarbasini bartaraf etish bo‘yicha to‘rtinchi holat bo‘ldi.

Va bu hali hammasi emasdi, hisobni baribir tenglashtirgan «Jirona» muvaffaqiyatini rivojlantira olmadi, balki yana bir bor gol o‘tkazib yubordi. Slovakiyalik Hansko chexiyalik Kreychini to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yuborishga majbur qildi. Kataloniyaliklar ikki turda uchta avtogol urishdi. O‘tgan turda «Bayyer»ga 0:4 hisobida yutqazgan «Feyyenoord» esa 2002 yildan buyon ilk bor Chempionlar ligasidagi safar o‘yinida g‘alaba qozondi.

«Shturm» — «Bryugge» 0:1
Gol:
Tsolis (23).
«Shturm» – Sxerpen, Gazibegovich, Gayrhofer, Ayvu, Jonston, Kiteishvili, Chukvuani (Xirlender, 82), Beving (Xorvat, 66), Yalkuyye (Zvonarek, 82), Biret (Yardimchi, 66), Kamara (Jatta, 58).
«Bryugge» – Miniole, de Keyper, Mexele, Ordones, Seys, Nvadike, Vanaken, Tsolis, Yashari, Olsen (Skuras, 46), Yutgla (Vermant, 77).

«Dinamo» Zagreb — «Monako» 2:2
Gollar:
Suchich (45+3), Baturina (66) — Salisu (75), Zakariyo (90, penalti). 
«Dinamo» Z – Nevistich, Torrente, Teofil-Katrin, Berno, Baturina (Kachavenda, 75), Ademi (Rog, 63), Per-Gabriel, Mishich, Suchich, Ristovski, Petkovich.
«Monako» – Ken, Kayo Enrike (Ouattara, 80), Salisu, Kerer, Vanderson (Diatta, 72), Zakariyo, Kamara (Ben-Segir, 72), Golovin (Balogun, 46), Minamino, Akliush, Embolo (Ilenikena, 46).
Ogohlantirishlar: Salisu (22), Petkovich (26), Embolo (28), Ademi (38), Baturina (42), Kachavenda (82). 
Chetlatish: Kachavenda (90+2). 

Kun statistikasi

  • «Lill» yarimhimoyachisi Buaddi fransuz klublarining YeChLda boshlang‘ich tarkibda debyut qilgan ikkinchi eng yosh futbolchisi bo‘ldi. U «Real» bilan o‘yin kunida 17 yoshini nishonladi. Faqat «PSJ» havbeki Zair-Emeri (16 yoshu 343 kun) bu natijaga undan ertaroq erishgan.
  • «Lill» bosh murabbiyi Bryuno Jyenezio yevrokuboklarda ham Karlo Anchelotti, ham Xosep Gvardiola jamoasini yengishga erishgan 3-mutaxassis bo‘ldi — Diyego Simeone va Yurgen Kloppdan keyin.
  • «Monako» asosiy yevrokubokda qatorasiga 22 o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlay olmayapti.
  • «Liverpul» yarimhimoyachisi Mak Allister YeChLda gol urgan 105-argentinalik bo‘ldi.

Umumiy jadvaldagi vaziyat:

Mavzuga oid