O‘zbekiston | 21:17 / 19.10.2023
15195
7 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning yangilanayotgan global maqomi. “Bir makon – bir yo‘l”ning maqsadi nima?

17-18 oktyabr kunlari Pekinda global ahamiyatga ega katta tadbir – “Bir makon – bir yo‘l” loyihasining 10 yilligiga bag‘ishlangan sammit bo‘lib o‘tdi. Xitoy raisi Si Jinping bu megaloyihani 2013 yilda, Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida e’lon qilgan edi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shu paytgacha bu loyihani dunyoga tanitish va dunyo davlatlariga bu loyiha doirasida hamkorlik qilishni targ‘ib qilish maqsadida ikki yirik forum bo‘lib o‘tgan edi. Birinchi forum 2017 yilda, ikkinchi forum esa 2019 yilda o‘tadi. Pandemiya sabab, uchinchi forum mana endi bo‘lib o‘tdi.

Forumda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 140 ta davlatdan delegatlar ishtirok etgan, ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi. Qolaversa, 30 dan ortiq halqaro tashkilotlar va ularning rahbarlari ishtirok etdi. Jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Gutterrish ham Pekindagi asosiy mehmonlardan biri bo‘ldi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlaridan tashqari, Xitoyning “global ambitsiya va loyihalar namoyishi”da Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi va Yevropa mqitalaridan oliy martabali mehmonlar ishtirok etishdi.

“Bir makon – bir yo‘l” – shaxsan Si Jinpingning megaloyihasi hioblanadi. Bu loyiha, avvalambor, Xitoycha globallashuv loyihasidir. Har bir qudratli davlat, sivilizatsiya yoki davlatlar hamjamiyati kelajakni, dunyoni o‘z manfaatlari va qarashlaridan kelib chiqib, ideal dunyo yaratishni istaydi. Xitoy ham o‘ziga xos va o‘ziga mos bo‘lgan global dunyoni ko‘rishni istashi tabiiy.

Forum doirasida uchta katta yig‘ilish va yana oltita kichikroq forumlar tashkil qilindi. Forum boshida Xitoy raisi Si Jinping nutq so‘zladi, u “Makon va yo‘l” (shunday qisqartma nom ham qo‘llanilmoqda) loyihasini ma’naviy ideal qiyofasini, qadriyatlarini tushuntirgandek bo‘ldi. Jumladan, Si Jinpingning nutqida quyidagi fikrlar muhim edi:

“10 yil ichida temiryo‘lga, avtomobil yo‘llariga, havo va dengiz yo‘llariga asoslangan global bog‘liqlik yaratdik. Cheksiz tovarlar, kapital va insonlar oqimi amalga oshirilmoqda...”

“Ming yil o‘tib, Buyuk ipak yo‘li yana jumbushga kelmoqda. O‘zaro bog‘liqlik, o‘zaro manfaatdorlik, o‘zaro rivojlanish tamoyillari bilan ish tutamiz....”

“Bu yerda blokli mafkuraviy konfrontatsiyaga, geosiyosiy o‘yinlarga, bir tomonlama sanksiyalarga, iqtisodiy shantajlarga va bo‘lib tashlashlarga o‘rin yo‘q...”

Bu bilan Xitoy raisi rasmiy Vashingtonga qarata “men sen bilan raqobatda boshqacha fikrlayman, boshqa o‘yin qoidasini yarataman va sendan ustun kelaman” degandek bo‘lmoqda.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putindan so‘ng so‘z navbati Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga berildi. To‘qayev o‘z nutqini xitoy tilida boshlab, rus tilida davom ettirdi. Jumladan, To‘qayev “Makon va yo‘l” loyihasi 2013 yilda aynan Qozog‘istonda e’lon qilinganini eslatdi. Shuningdek, u “quruqlik orqali Xitoydan Yevropaga borayotgan tovarlarning 85 foizi Qozog‘iston hududan o‘tmoqda” dedi va bu bilan loyihadan juda manfaatdorligini bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham forumda katta nutq so‘zlab, ko‘proq ekologiya masalasiga jiddiy e’tibor qaratdi. Jumladan, prezident Mirziyoyev “Yashil ipak yo‘li” loyihasi 2016 yilda Si Jinpingning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida e’lon qilinganini esladi. Uning ta’biriga ko‘ra, mintaqa davlatlari yashil kelajak borasida intensiv hamkorlik qilishi kerak.

Forumda dunyo liderlari o‘z geosiyosiy qarashlarini ham bildirishdi. Jumladan, o‘z nutqida Argentina prezidenti Alberto Fernandes “gegemonlar o‘z qudratlarini yo‘qotmoqda” deya, Vashingtonga sha’ma qildi. Qolaversa, u pandemiya vaqtida xalqaro moliyaviy institutlar Argentinaga yordam bermagani, Pekin esa o‘z yordamini ayamaganini qo‘shimcha qildi.

Xitoylik ekspertlar formuni sharhlar ekan, “Makon va yo‘l”ni geosiyosiy emas, iqtisodiy va geoiqtisodiy loyiha deb ta’riflashdi. Aslida esa bu loyiha Xitoycha globallashuv loyihasi bo‘lib, savdo-iqtisodiy hamkorlik orqali geosiyosiy moyillik va qutb yaratishga intilish ekani hech kimga sir emas. Yangi davrda, global raqobat hududlarni bosib olish va egallash atrofida emas, balki aloqalarni shakllantish va bog‘liqlikni kuchaytirish atrofida kechadi. Shuning uchun, Xitoy butun dunyoni o‘ziga bog‘lamoqchi, bog‘liqlikni kuchaytirmoqchi.

21-asr – bu AQSh boshchiligidagi Kollektiv G‘arb va Xitoy boshchiligidagi uning komandasi o‘rtasidagi tirashuv, raqobat davri hisoblanadi. Bu ikki qudrat, ikki qutb dunyoga o‘z qadriyatlarini, ittifoqchilaridan iborat jamoasini tuzishga shoshilmoqda. Pekinda o‘tgan “Makon va yo‘l” forumi – Xitoyning komandasini shakllantirish yo‘lidagi urinishdir.

Xitoyning iqtisodiy o‘sishi – Markaziy Osiyo davlatlari uchun, katta xayr. Xitoyning iqtisodiy o‘sishiga bog‘langan mintaqa davlatlarining iqtisodiy o‘sishi ham tezlashadi. Lekin hali mintaqa davlatlarida XXRning o‘sishi borasida chuqur anglangan va manfaatlar jihatidan muvozanatga solingan strategiya mavjud emas.

Geoiqtisodiy manfaatdorligimiz kuchli bo‘lsa, geomafkura, o‘zlik va geosiyosiy manfaatlarimiz bo‘yicha jiddiy savollar bo‘lishi aniq. Biz Pekinga qaraganimizda, ko‘zimiz eng avvalo Urumchiga tushadi. Shuning uchun, mintaqa davlatlari o‘zlarining ko‘plab manfaatlarini tartibga solishi kerak bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid