O‘zbekiston | 21:31 / 02.02.2026
19200
4 daqiqa o‘qiladi

«Nega menga cho‘pchak gapirasan?» - prezident Shayxontohur tumani IIB sobiq rahbariga tanbeh berdi

Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni Toshkent shahridagi jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda profilaktika inspektorlari ishining qanday tashkil etilganini tanqid qildi. Jumladan, davlat rahbari Shayxontohur tumani IIO FMB sobiq boshlig‘i, keyinchalik lavozimidan ozod etilgan Otabek Jamolovni so‘roqqa tutdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni Toshkent shahridagi jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda profilaktika inspektorlari ishining qanday tashkil etilganini tanqid qildi.

Jumladan, davlat rahbari Shayxontohur tumani IIO FMB sobiq boshlig‘i, keyinchalik lavozimidan ozod etilgan Otabek Jamolovni so‘roqqa tutdi. Suhbat chog‘ida prezident uchastka nozirlarining soni va IIB rahbariyati ular bilan qanday tizimli ish olib borayotgani bilan qiziqdi. Lavha «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvida namoyish etildi.

«Menga rostini ayt, o‘zim sizlarning ishingizni bilmoqchiman. Haftada necha marta «uchastkavoy»larni yig‘asan, tizimli ravishda, hududlar bo‘yicha, omillar bo‘yicha, jinoyatlar bo‘yicha, ularga vazifalar qo‘yib, natijalarini so‘raysan?» deb so‘radi Shavkat Mirziyoyev.

Otabek Jamolov dushanba kunlari muntazam o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, hayfsanlar berish, prokuror va hokim bilan birgalikda mahallalarni aylanib chiqish, «mahalla yettiligi» faoliyati bilan tanishish haqida tushuntirish berdi. Ammo prezident bu ishlarning samaradorligiga shubha bildirdi.

«O‘zing shu aytgan gapinga ishonasanmi? Menga bu gaplarni nima qilasan aytib? «Yettilik» bilan nima ishing bor? Sening nima aloqang bor «yettilikka»? Sen «uchastkovoying» bilan shug‘ullan. Nimaga menga cho‘pchak gaplarni gapirasan?» dedi Mirziyoyev.

Otabek Jamolov prezidentning so‘zlaridan keyin «ko‘zi ochilganini» aytdi. Mirziyoyev rahbariyat «yerda» ishlamayotganini, mahallalardagi haqiqiy ahvolni ko‘rmayotganini ta’kidladi.

«Sen pastga tushmaysan. Muovining seni aldaydi. «Uchastkavoy» aldaydi. Sizlar o‘zgarishingiz kerak. Sizlar o‘zgarmasangiz vaziyat o‘zgarmaydi. Bunday «ROVD» boshliqlari menga kerak emas. Menga balandparvoz gaplarning keragi yo‘q», dedi prezident.

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, profilaktika inspektorlari faoliyatiga yondashuvlarni o‘zgartirmasdan turib, iqtisodiyotda barqarorlikka erishish va investitsiyalarni jalb qilish mumkin emas.

«Agar «uchastkovoy» dunyoqarashi o‘zgarsa, zamonaviy bo‘lsa, bilasizlarmi, jamiyat qanday o‘zgaradi? Tadbirkorlik qay darajada rivojlanadi? Odamlar bizdan qanchalik rozi bo‘ladi?» dedi u.

«Baribir o‘zgartirishga majbur qilaman sizlarni. Qo‘ymayman hech qaysingni. Birontangni uxlatmayman. Nima uchun buni qilyapman? Endi bizga katta-katta investorlar kerak. Endi kelib ish boshlayapti katta investorlar. Agar investor kelmasa, daromadimiz oshmaydi, oyliklar ko‘paymaydi, odamlar norozi bo‘ladi», dedi prezident.

U mahallalarda jinoyatga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Bitta jinoyat ham jinoyat. U ham yo‘q bo‘lishi kerak mahallada. Bu nima uchun kerak? Odamlarimizning iqtisodiyotini barqaror bo‘lishiga ishontirish uchun kerak. Iqtisodiyot qachon barqaror bo‘ladi? Jinoyatchilikni jilovlasak», dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan 27 yanvarda o‘tkazgan tanqidiy ruhdagi yig‘ilishdan so‘ng huquq-tartibot idoralari tizimida tayinlashlar va ishdan bo‘shatishlar amalga oshirildi. Jumladan, Otabek Jamolov ham ishdan olindi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid