Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kamchatkadagi onkologiya dispanserida zilzila vaqtida jarrohlar ishini davom ettirdi (video)
Tibbiyot xodimlari atrofdagi barcha narsa silkinib qulayotganiga qaramay, bemorni jarrohlik stolida ushlab turishgan.
30 iyul kuni Tinch okeanida, Kamchatka qirg‘oqlari yaqinida sodir bo‘lgan zilzila paytida Petropavlovsk-Kamchatskiyda ham kuchli silkinish sezildi. Tarmoqda Kamchatka o‘lkasi onkologiya dispanserida olingan video paydo bo‘ldi. Videoyozuvni Kamchatka o‘lkasi sog‘liqni saqlash vaziri Oleg Melnikov e’lon qilgan.
Unda shifokorlar jarrohlik amaliyoti o‘tkazayotgan paytda zilzila sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin. Tibbiy apparatlar silkina boshlagach, xodimlar jarrohlik stolida yotgan bemorni yiqilib tushishdan asrab qolishgan. Xodimlardan biri operatsiya xonasiga o‘rnatilgan monitorni, hamshira esa asboblar turgan stolni ushlab turgan. Qaysidir lahzada yozuvda asboblar uchun mo‘ljallangan metall idish tushib ketishidan chiqqan ovoz eshitiladi.
O‘lka sog‘liqni saqlash vaziri tibbiyot xodimlarini «oq xalatdagi qahramonlar» deb atagan. «Xavfga qaramay, shifokorlar xotirjamlikni saqlab, oxirigacha bemorning yonida bo‘lishdi. Ayni damda bemorning ahvoli yaxshi», – dedi Oleg Melnikov. U dispanser xodimlariga «professionalizm va stressli vaziyatda matonat ko‘rsatgani» uchun minnatdorchilik bildirgan.
Kamchatka o‘lkasi gubernatori Vladimir Solodov yig‘ilishda tibbiyot xodimlarini davlat mukofotlariga taqdim etishga qaror qilganini ma’lum qildi. «Men shifokorlarga jasorati, professionalligi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Darhaqiqat, jarrohlik amaliyoti paytida bemorlarga g‘amxo‘rlik qilish davom ettirilgani, jiddiy silkinishlarga qaramay, xotirjamlik saqlanganini ko‘rishimiz mumkin», – dedi region rahbari yig‘ilishda (yig‘ilish videosi uning telegram-kanalida joylashtirilgan). Gubernator o‘lka hukumati rahbari o‘rinbosari Viktoriya Sivakka «operatsiya paytida tibbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirgan» tibbiyot xodimlarini davlat mukofotlariga taqdim etish uchun hujjatlarni tayyorlashni buyuradi. «Bunday jasorat eng yuqori bahoga loyiq», – deb yozdi Solodov telegram-kanalida.
Kamchatka onkologiya dispanseri ikkinchi jarrohlik bo‘limi boshlig‘i Yana Gvozdevaning «Zvezda» telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, tibbiyot xodimlari operatsiyani to‘xtatishi mumkin bo‘lmagan, chunki bu laparotomik operatsiya (tanani kesish orqali amaliyot o‘tkazish) bo‘lib, mutaxassislar bemor hushiga kelishiga yo‘l qo‘ya olmasdi. «Biz operatsiya stoli yiqilmasligi va bemor qo‘limizdan chiqib ketmasligi haqida o‘yladik, chunki qo‘rqinchli edi – agar bunday vaziyatda bemor, Xudo ko‘rsatmasin, stoldan tushib ketsa, bu juda yomon oqibatlarga olib kelardi. [Hozir] bemor reanimatsiyada, lekin hammasi yaxshi, ahvoli barqaror, hammasi a’lo darajada», – dedi Gvozdeva.
U bunday kuchli zilzilani birinchi marta his qilganini qo‘shimcha qilgan. «Besh-olti daqiqa to‘xtovsiz silkinish bo‘ldi va silkinishlar turlicha edi, goh kuchayib, goh pasayib, bundan keyin nima bo‘lishi noma’lum edi», – deydi Gvozdeva. Uni va dispanserning boshqa xodimlarini mukofotlarga taqdim etish rejalashtirilganini jarrohlik bo‘limi boshlig‘i «Zvezda» telekanali muxbiridan bilib oldi. «Ishdagi burch hammasidan ustun. Yer tebranishi ham, asbob-uskunalar ham bizga xalaqit bermadi. Biz o‘z ishimizni qildik», – degan u.
Mavzuga oid
09:34
Meksikada zilzila: kamida ikki kishi halok bo‘ldi
21:09 / 08.12.2025
Yaponiya shimolida joriy yildagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi
15:17 / 08.12.2025
O‘zbekistonda AES uchun zilzilabardoshlik me’yorlari tasdiqlanadi
12:38 / 08.12.2025