Jahon | 09:34 / 03.01.2026
1596
2 daqiqa o‘qiladi

Meksikada zilzila: kamida ikki kishi halok bo‘ldi

Meksikada juma kuni, 2 yanvarda 6,5 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Uning episentri Gerrero shtatidagi San-Markos qishlog‘i atrofida joylashgan. Yer silkinishlari mamlakatning markaziy va janubiy hududlarida sezildi. Oqibatda kamida ikki kishi halok bo‘ldi.

Foto: David Juarez/ZUMA/picture alliance

Halok bo‘lganlardan biri — 60 yoshli erkak. U o‘z kvartirasida evakuatsiya qilinayotgan paytda ahvoli yomonlashib, yiqilib tushgan. Episentrga yaqin joyda yashagan 50 yoshli ayol esa o‘z uyi vayronalari ostida qolib, halok bo‘lgan. Shuningdek, Gerrero shtati poytaxti — Chilpansingodagi shifoxona binosiga ham shikast yetgan. U yerdan bemorlarning bir qismi evakuatsiya qilingan.

Zilzila episentrdan 400 kilometr uzoqlikda joylashgan mamlakat poytaxti Mexikoga ham ta’sir qildi. Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum matbuot anjumanini to‘xtatib, prezident saroyidan evakuatsiya qilinishga majbur bo‘ldi. Biroq ko‘p o‘tmay matbuot anjumani qayta davom ettirildi.

Meksika “Tinch okeani olov halqasi” deb ataladigan mintaqada joylashgan. Bu yerda bir necha tektonik plitalar tutashadi, shu sababli vulqonlar tez-tez otiladi va zilzilalar ko‘p sodir bo‘ladi. Mexiko shahri esa qurib qolgan ko‘l o‘rnidagi yumshoq, bo‘sh grunt ustida barpo etilgani uchun zilzilalarga ayniqsa moyil hisoblanadi.

Meksika tarixidagi eng vayronkor zilzila — 8,1 magnitudali — 1985 yil 19 sentabrda sodir bo‘lgan. O‘shanda taxminan 10 ming kishi halok bo‘lgan. Oradan aniq 32 yil o‘tib, 2017 yil 19 sentabrda mamlakatda yana kuchli yer silkinishi qayd etilgan va qurbonlar soni 300 nafardan oshgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid