O‘zbekiston | 13:03 / 20.05.2021
6928
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan tadbirkorlar uchun navbatdagi qulaylik

O‘zbekiston milliy metrologiya institutida (O‘zMMI) ishbilarmon va tadbirkorlar uchun yana bir muhim qulaylik - Metrologiya xizmati axborot tizimi “E-METROLOGIYA” yo‘lga qo‘yildi. Tizim orqali barcha turdagi ariza va murojaatlarni onlayn tarzda taqdim etish va qisqa muddatda elektron shartnoma tuzish imkoniyati yaratildi.

Respublika Prezidentining 2020 yil 28 apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi doirasida yaratilib ishga tushirilgan ushbu tizim institutga qilinadigan murojaatlar bilan ishlashda qog‘ozbozlikni keskin kamaytirib, aholi va ishbilarmonlar doirasi vakillarining vaqtini tejashga xizmat qiladi.  

Endilikda davlat xizmatlari ko‘rsatishda metrologiya xizmatining o‘zaro bog‘langan axborot resurslari kompleksi (ma'lumotlar bazasi) ni ifodalaydigan va amalga oshirilgan o‘lchashlar natijalarini kuzatib borish mumkin bo‘lgan yagona tizim yaratildi.

Shuningdek, sanoat tarmoqlarida foydalaniladigan o‘lchash vositalarini kalibrlash va qiyoslash bo‘yicha onlayn ariza berish hamda elektron sertifikat taqdim etish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada, metrologiya xizmatining o‘zaro bog‘langan axborot resurslari kompleksi yagona ma'lumotlar bazasi yaratilib, faoliyat davomida hisob-kitob ishlarini yuritishni osonlashtirish, inson omilini qisqartirish, ma'lumotlarning aniqligi, to‘liqligi, ishonchliligi va tezkorligini ta'minlashga erishildi. Foydalanuvchilar uchun qulay interfeysga ega bo‘lib, barcha ma'lumotlar qulay va tushunarli ko‘rinishlarda berilishi va ishonchli saqlanishi ta'minlandi.

Murojaat qiluvchilar tizimning barcha imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishlari uchun ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy kabinet orqali ishlashi lozim. Ro‘yxatdan o‘tish soddalashtirilgan tartibda joriy qilingan. Jismoniy va yuridik shaxslarning ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 3 bosqichda bo‘lib, shaxsiy elektron raqamli imzo (ERI) orqali mobil telefon raqam kiritiladi va telefon raqamiga yuborilgan tasdiqlash kodi tizimga yoziladi. Shundan so‘ng, pastki qismda arizachi elektron pochta manzili to‘ldiriladi va ro‘yxatdan o‘tish jarayoni tugaydi.

Shartnomalar tuzish jarayonlari ham sodda ko‘rinishga ega bo‘lib, foydalanuvchiga tushunarli tarzda yaratilgan. Murojaat qabul qilinib shartnoma tuzilgandan so‘ng eng ko‘pi bilan 15 ish kunida barcha xizmatlar ko‘rsatiladi va elektron guvohnoma (sertifikat) taqdim etiladi.

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi 20 may — Butunjahon metrologiya kuni bilan barcha soha xodimlarini muborakbod etadi

O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Matbuot xizmati