Toshkentdagi tirbandliklar qanday kamaytiriladi? Vazirlik vakili rejalarni ma’lum qildi
Avtomobillar oqimini kamaytirishning yo‘li – pulli «parkovka».
Toshkent shahrida katta hajmli jamoat transportlari ko‘paytirilib, markazga keluvchi shaxsiy transportlar oqimi ancha qimmat bo‘lgan pulli turargohlar orqali cheklanadi. Transport vazirligi vakili Murod Obidov 2 noyabr kuni soha vakillari bilan bo‘lib o‘tgan konferensiyada poytaxtda transport harakatini yaxshilash, tizimni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan makromodel haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, makromodelda Toshkentga qaysi transport yo‘nalishi bo‘yicha qanday turdagi va sig‘imdagi harakat tarkibi kerakligi aks ettiriladi, keyinchalik esa bu model sohada qabul qilinadigan hujjatlarni oldindan baholash vositasi sifatida qo‘llanadi.
«Oldimizda turgan 3 ta tadqiqot ishlarimizni amalga oshirishimiz kerak. Dastlab, qisqa vaqt ichida poytaxtning taxminan 300 ta nuqtasidagi transport oqimlarini, 40 ta eng katta yuklama bor bo‘lgan va yo‘nalishlar kesishgan nuqtalarda yo‘lovchilar aylanmasini, keyin esa 140 ta avtobus yo‘nalishlaridagi yo‘lovchilar oqimini o‘rganishimiz kerak.
Uchinchi asosiy tadqiqotimizda ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish orqali aholining yo‘llarga sarflaydigan vaqti, kunlik foydalanadigan transport turlari va shu kabi 40 dan ortiq savollarga javob olib, natijalarni modelga kiritamiz. Shundan keyin bizda aholining harakatlanish trayektoriyasi paydo bo‘ladi, buni ilmiy tilda «matritsa» desak ham bo‘ladi. Ya’ni tizim bizga qaysi ko‘cha va uchastkalarda qancha hajmdagi harakatlanishga ehtiyoj borligini hisoblab beradi. Bu hisob-kitobga asosan biz jamoat transporti yo‘nalishlarini shakllantirishni boshlaymiz», – dedi Murod Obidov.
Shuningdek, loyiha ofisi rahbari Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida bugungi kunda jamoat transportining jozibadorligi keskin kamayganini aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bunga avtobuslar intervali ancha uzoqligi va aholi talabiga nisbatan soni kamligi sabab bo‘lmoqda.
«Biz shu oraliq vaqtni qisqartirgan holda, hozirda avtobuslarning yarmini tashkil etayotgan SAZ NP 37 kichik avtobuslarini chiqarib tashlamoqchimiz. O‘rniga kamida SAZ LE 60 bo‘lgan Isuzu, elektrobuslar hamda MAN rusumli 12 metrli avtobuslar xarid qilinadi. Bunda harakat tarkibining faqatgina soni emas, hajmi ham oshadi. Bu orqali esa yo‘lovchilarning kafolatlangan vaqt birligi ichida manzilga yetib borishini ta’minlaymiz», deydi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilgacha Toshkentda harakatlanuvchi avtobuslarni 1 ming 363 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda ularning soni 410 ta. Xo‘sh, bular qatorida tramvay ham bo‘ladimi?
«Toshkentda 400 kilometrdan ortiq magistral yo‘llar bor. Mazkur yo‘llarda endilikda avtobuslar uchun ustuvorlikni ta’minlaydigan tizim joriy etilib, dastlab 12 metrli, yo‘lovchi oqimi oshganidan keyin 18 metrli avtobuslar olib kelinadi. Hammasi to‘g‘ri kelgach, undan keyin navbatdagi transport turini rejalashtirish boshlanadi. Bu tramvay bo‘lishi ham mumkin.
18 metrli avtobus 120-130 nafargacha yo‘lovchilarni sig‘dirolsa, ayni vaqt joriy etiladigan tramvay loyihasi ichida 280 ta yo‘lovchini olish quvvatiga ega tramvay tizimi ko‘rib chiqilmoqda. Bu 3 yoki 5 seksionga ega katta hajmdagi tramvay bo‘lib, uni loyihalashtirish, qurish va joriy etish juda uzoq muddatni talab qiladi. Hozir bu to‘g‘risida gapirishimiz barvaqt deb hisoblayman, chunki dastlab asosiy magistral yo‘llarimizda hech bo‘lmaganda aholi uchun qulay bo‘lgan avtobus tizimini yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak», – dedi Murod Obidov.
Qolaversa, uning aytishicha, tramvayni joriy etish moddiy mablag‘ga ham borib taqaladi, chunki bu transport vositasi ancha qimmat turadi.
«Masalan, 2 ta tramvay tizimini qurish uchun ketadigan mablag‘ga biz 800 ta elektrobus sotib olishimiz mumkin. Bundan tashqari, tramvayni uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan ta’minlash muammosi ham bor. Ma’lumki, O‘zbekistonda elektr energiya iste’molining “pik” davri kechki soat 5-6 lardan keyin bo‘lib, o‘sha vaqtdan elektr energiyasi yetishmovchiligi boshlanadi. Tramvay tizimini joriy etadigan bo‘lsak, biz doimiy ravishda elektr bilan ta’minlash manbasini yaratib qo‘yishimiz kerak. Bunaqa loyiha ham ko‘rib chiqilmoqda, lekin uni yaqin bir yil ichida amalga oshirish juda murakkab», degan u.
Toshkent shahri aholisi 2 mln 900 ming nafarni tashkil etadi. Ammo norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, haqiqiy raqamlar bundan kattaroq. Poytaxtda transport vositasidan foydalanayotgan aholining 80 foizi, ya’ni 4 mln nafari shaxsiy, qolgan 20 foizi, 2,7 mln nafar inson esa jamoat transportidan foydalanadi.
Sentyabrdagi statistikaga ko‘ra, Toshkentda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar soni 711 mingtani, qo‘shimcha ravishda har kuni viloyatlardan shaharga kelib-ketuvchi avtomobillar esa 260 mingtani tashkil etadi. Bu – jami hisobda ayni vaqt poytaxtda 900 mingtadan ortiq avtotransport harakatlanyapti degani.
Loyiha ofisi rahbarining aytishicha, bu muammo pulli parkomatlar orqali hal qilinishi mumkin.
«Aytish mumkinki, pulli parkovkalar ancha qimmatroq bo‘ladi. Bu yil so‘ngiga qadar 10 ta ko‘chada eksperiment tarzida pulli parkovkalarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan edi. Bu bo‘yicha hujjat loyihasi ham ishlab chiqilgandi.
Ammo afsuski, loyihaning qabul qilish protsedurasi cho‘zilib ketmoqda. Chunki bu tajriba hali yangi, hujjatni qabul qilish jarayoni hamda bosqichlarida davlat tashkilotlari vakillarida savollar tug‘ilyapti. Ya’ni bunaqa yechimning davlat tizimidan o‘tib, amaliyotga qo‘llanishi uchun rejalashtirganimizdan-da ko‘proq vaqt ketar ekan.
Boshida noyabrda yo‘lga qo‘yamiz deb o‘ylagan edik, lekin ko‘rib turganingizdek, ulgurmadik. Bu bir tarafdan byurokratik to‘siqlar sabab, ikkinchi tomondan esa tajribada bu amaliyot hali qo‘llanmagani bilan bog‘liq bo‘lib qolyapti», – dedi Obidov.
Hozircha pulli avtomobil to‘xtash joylarining narxlari va qachon joriy etilishi bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, to‘lov qiymati Toshkent shahar hokimiyati tomonidan belgilanadi. Bunda aholining zichlik darajasi va shahar ko‘chalarining qatnov qismlarining o‘tkazish qobiliyati hisobga olinishi kerak.
Mavzuga oid
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
23:26 / 18.12.2024