Jamiyat | 15:00 / 28.04.2018
43362
11 daqiqa o‘qiladi

“O‘sh sori otlandik...”. KUN.UZ’chilarning Qirg‘iziston safari tafsiloti (1- qism)

O‘ylaymanki, Qirg‘iziston safariga borib to‘plagan ma'lumotlarim siz uchun qiziq bo‘ladi. Ishoning, yonma-yon yashaydigan qo‘shni davlatda ikki kun yurish asnosida bir jahon yangilik kashf qildim. Mabodo, uzoqroq joyga borib qolsam - she'riy doston yozsam kerak.

Ma'lum bir hududda yashovchi mamlakatlar chegaradosh bo‘lsa-da, ulardagi bir-biridan farqli siyosat, alohida qonunlar, tanlangan taraqqiyot yo‘li va islohotlar tufayli o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘ladi. Shuning uchun har biri qo‘shnilaridagi yangiliklarni qiziqib, surishtirib turishadi.

Farg‘ona vodiysi deya atalmish hududda - O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlariga qarashli viloyatlar bor.

Bizning bu safargi borar manzilimiz, Qirg‘izistonning janubiy poytaxti deya ataluvchi O‘sh shahri va viloyati bo‘ldi.

Andijonning Xo‘jaobod tumanida uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng o‘tgan yili qayta ochilgan “Do‘stlik” bojxona chegara postidan o‘tishga yigirma daqiqa vaqtimiz ketdi.

Chegara posti asli alohida mavzu bo‘lib, biz unga Qorasuv bozori haqida so‘z borganida yana qaytamiz. Qisqacha qilib aytganda, bu postdan kuniga 12 mingga yaqin odam va 500dan ziyod transport o‘tadi. O‘zbekiston tomonidan qo‘shni xalq bozorlariga meva, sabzavot va boshqa qishloq ho‘jaligi mollari hamda oz miqdorda sanoat mollari o‘tsa, O‘sh tomondan, asosan, Xitoyda ishlab chiqarilgan maishiy texnika jihozlari o‘tishi ming g‘avg‘olar keltirib chiqaradi. O‘zimizning bojxona xodimlarini yaxshi sharoitlarda, xushmuomalalik bilan zo‘r ishlayotganiga shaxsan guvohman.

 Lenin haliyam bor ekan...

O‘sh tabiati Andijonnikidan biroz salqinroq. Oloy tog‘ tizmalari yaqinligi sabab, bu yerga bahor 20 kun kech qoladi, qish esa 20 kun oldin keladi.

“Do‘stlik” postidan o‘tiboq, O‘sh shahriga kirib borasiz. Yo‘llari O‘zbekistonnikidan farq qiladi. Ularda hali bizdagi singari keng yo‘llar qurishga kirishilmabdi. Kichik-kichik yo‘llar. Shahar ichida esa avtomashinalar qatnovchi yo‘llar, asosan, bir tomonlama harakatga moslashtirilgan.

Ma'lumki, so‘nggi o‘n yillikda ikki qo‘shni xalq o‘rtasida o‘ziga xos murakkab vaziyatga ega vaqtlar ham bo‘ldi. O‘shanda ikki xalqni bog‘lab turuvchi chegaralar aholi uchun taqa-taq berkitilgandi. Bozori va mozori bitta bo‘lgan, quda-anda el bir-birinikiga borish uchun yuz baravar uzoq aylanma yo‘l yurib, bir uyum hujjat to‘plab aloqa qilgan. Yaratganga ming bor shukr, hozir unday emas. Ikki davlat rahbarlari allaqachon bu muammoni ijobiy hal qilishgan.

Biz hokimlik deyishga o‘rgangan muassasa, ya'ni kentning boshqaruv idorasi - shahar meriyasi, deb ataladi. Shahar hokimi esa – mer.

Meriya oldidagi maydonda oxirgi 25 yil orasi bizning ko‘zimiz tushmay qo‘ygan, juda katta o‘lchamdagi Lenin haykali turardi.

Bizning taajjubimizga meriya matbuot xizmati rahbari Talant Kanatbek o‘g‘lining javobi yetarli bo‘ldi: “16 tonnalik ushbu haykalni buzish yoki qoldirish haqida juda ko‘p tortishuvlar bo‘ldi. Insonlarning katta mehnati evaziga bunyod etilgan haykalni qoldirishga kelishganmiz. Ta'kidlab qo‘yay, ushbu Vladimir Ilich haykali hech qanday g‘oyaviy kuchga ega emas!”.

Tushundik-ki, qo‘lini uzatib turgan savlatli haykal g‘oyasiz qolgan. Va biz hech kimga foyda va zarar keltirmayotgan tosh shaklni suratga muhrladik.

Meriyada...

Shahar meriyasiga ne maqsadda kelganimizni bildirish maqsadida kirdik. Qirg‘izistonda matbuotga e'tibor juda katta ekanligi shu joyda bilindi. Meriya mutasaddilari o‘n daqiqa ichida biz uchun chiroyli qabul uyushtirishdi. Merlikning alohida matbuot xizmati tashkil qilingan bo‘lib, uning rahbari o‘sha yuqorida so‘zini keltirganimiz, soqol qo‘ygan yigit Talant Kanatbek o‘g‘li. Hokimlikning bir necha mutasaddilari bizga “xush kelibsizlar”, deya maqsadimiz va rejalarimiz bilan qiziqishdi. Biz ularga niyatimiz qardosh xalqning yashash tarzi, qadriyatlari va yurtdagi so‘nggi yillar davomida yuz bergan o‘zgarishlarni yoritish ekanligini aytdik. Mutasaddilar nimaki yordam kerak bo‘lsa, tayyor ekanligini bildirishdi.

Ularning: “Biz KUN.UZ’ni bilamiz va kuzatib boramiz”, degani yoqimli bo‘ldi. Rejalashtirgan joylarga borish uchun “Toyota” mikroavtobusini biriktirishgani esa ko‘ngilni ko‘tardi.                                      

Shahar ko‘rinishi, narx-navo, maoshlar, deyarli tekin internet...

Yuqorida aytganimizdek, O‘sh mamlakatdagi eng yirik shaharlar sirasiga kiradi. Unda rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 250 ming (norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 500 ming) aholi istiqomat qilar ekan. O‘shning barcha ko‘chalari daraxtlarga burkangan. Shaharda 13 ta millat madaniy markazi mavjud. Darhaqiqat, ko‘pmillatli kent.

Shaharni kezar ekansiz, turli davlatlarda chiqarilgan avtomobillarni ko‘rasiz. Ko‘chalarda, asosan, yapon va nemis mashinalari harakatlanyapti. Ba'zi-ba'zida taksi sifatida foydalanilayotgan o‘zimizning “RAVON” ko‘rinib qoladi. O‘shda metan gaz qo‘yish shoxobchalari umuman yo‘q ekan. Faqat benzin.

Mana shu joyda biroz narx-navo va ijtimoiy soha xodimlarining oyliklariga to‘xtalamiz. Eng kam ish haqi, degan narsa ularda yo‘q. O‘qituvchi va tibbiyot xodimlarining  o‘rtacha maoshi 14 ming qirg‘iz somi atrofida. Izoh berib o‘tamiz - 1 qirg‘iz somi – bizning o‘zbek so‘mida 125 so‘m bo‘ladi. 14 ming so‘m maosh bu - 200 AQSh dollari atrofida yoki 1 mln. 750 ming o‘zbek so‘miga teng.

Shaharda 56 maktab bo‘lib, ulardan 23 tasi xususiy ta'lim dargohlaridir. 52 ta bog‘chaning ham teng yarmi xususiy ekan. O‘z farzandini xususiy bog‘cha yoki maktabda o‘qitmoqchi bo‘lgan ota-ona 3 mingdan 10 ming somgacha pul to‘laydi.

Benzinning bir litri 40 qirg‘iz somiga quyiladi. Mol go‘shti 1 kg. 315 som (o‘zbek so‘mida 35 ming), shakarning kilosi 50 (5500), sutning litri 30 som.

O‘sh ko‘chalari juda ozoda. Hammayoqda chiqindi qutilari. Ko‘chasida sigaret qoldig‘i yoki pista po‘chog‘ini izlab topa olmaysiz. Eng qizig‘i, avtomobil egalari juda madaniyatli ekan. Ikki kun yurib, bir-biriga achchiq qilib signal chalgan shofyorni ko‘rmadik.

Tabiiyki, O‘sh hududiga o‘tishimiz bilan uyali telefonlarimizda aloqa uzilib qoldi. Hamrohlarimizga: “Qayerdan sim-karta olishimiz mumkin?”, degan savolni berdik. Ular: “Istalgan savdo do‘konidan”, deb javob berishganida taajjublandik. Ko‘chadagi har qanday do‘kondan hech qanday hujjatsiz, xuddi saqich xarid qilgandek uyali aloqa kompaniyasining sim-kartasini olishingiz mumkin ekan.

Ishonmasligingiz mumkin, 40 qirg‘iz somiga, (o‘zimizni valyutada 5000 so‘m bo‘ladi) 4 gb. internet va tarmoq ichida bepul so‘zlashuvlar berilar ekan. Yana internet tezligi 4G. Qizig‘i, yuqori tezlikdagi limit tugagach, 3G tezlikdagi internet tekin.

Toshkentning SU-50, 12 - tresti O‘shda nima quryapti?

Hamrohlarimizga shahar markazida O‘zbekiston tomonidan maktab qurilayotgan joyga borish taklifini aytdik. Ular yo‘l boshladi.

O‘tgan yili aprel oylarida O‘zbekiston tomonidan O‘shda maktab bunyod etilishi haqidagi xabarni eshitganimiz bor. 1.11 gektar joyda qad rostlayotgan maktabda ish qizg‘in. Toshkent shahridagi SU-50, “Trest-12” qurilish tashkiloti ish yurituvchisi loyiha bilan tanishtirdi. 650 o‘rinli ko‘rkam va zamonaviy maktabda kerakli barcha narsa bo‘ladi: sport va majlislar zali, mehnat xonalari, shifokor xonasi, oshxona va yozgi sport kompleksi. Shuningdek, uch qavatli binoning har bir qavatida laboratoriya va ustaxonalar joylashadi.

“Barcha binokorlarimiz Toshkentdan. Qurilish materiallari O‘zbekistondan keltiriladi. Qaysi ish bajarilishiga qarab brigadalarni chaqiramiz”, - deydi tashkilot ish yurituvchisi. Binoda hozir kommunikatsiya tizimini yaratish va pardozlash ishlari ketyapti. Mazkur ta'lim dargohini shu yil yozda bitkazish rejalashtirilgan ekan.

Qo‘shni bo‘lsa ham o‘zga mamlakatda o‘z yurtdoshlaringni ko‘rish, baribir bo‘lakcha. O‘zbekistondan yangi o‘quv yiliga tuhfa qilinadigan maktab muhim va juda kerakli. Mazkur savobli ish xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishi aniq.

Rosti, maqolam cho‘zilib ketdi... Shunday ekan, hozircha safarimizning birinchi kuni haqidagi hikoyamni yakunlayman. Safar taassurotlarining ikkinchi qismida esa sizga yanada ko‘p yangilik beruvchi ma'lumotlar bor.

P.S: “Qorasuv” bozoriga borganimiz, bizdan ilgarilab ketgan qirg‘iz futboli, “Sulaymon” tog‘i, O‘sh telekanallari soni, O‘shda urf bo‘lgan o‘zbek saqichi haqida keyingi safar gaplashamiz. Maqola nomi ham ulug‘ bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning "Hind sori yuzlandim...", ruboiysiga uyg‘un etilgani ham bejiz emas...

Elmurod Ermatov,

KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid