O‘zbekiston | 23:19 / 30.10.2021
15370
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda 31 nafar sportchi qalbaki hujjatlar asosida imtiyozli ravishda talaba bo‘lgani ma'lum qilindi

Ayni paytda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, deya ta'kidlangan Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Foto: Kun.uz

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kirgan sport turlari bo‘yicha milliy birinchiliklarni o‘tkazish jarayoni elektronlashtirilmagan va video va fototasvirga olish tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Bundan tashqari, musobaqalarning barcha hujjatlari qog‘oz shaklida yuritib kelingani oqibatida sportchilar tomonidan qayd etilgan natijalarning shaffofligi ta'minlamagan. Bu esa ayrim sport murabbiylarining musobaqa natijalarini soxtalashtirishiga imkon yaratgan. Bosh prokuratura tomonidan Turizm va sport vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aynan shu haqda so‘z borgan.

Qayd etilishicha, birgina 2020 yilda 31 nafar sportchi qalbaki hujjatlar asosida oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli ravishda qabul qilinganligi aniqlangan. Shu bilan birga, joriy yilda o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda voleybol musobaqalari natijalari bo‘yicha haqiqatda g‘oliblikni qo‘lga kiritmagan 7 nafar sportchiga imtiyozlar taqdim etilgan. Yig‘ilishda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani aytildi.

“Xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqalarda muvaffaqiyatga erishgan yosh sportchilarni rag‘batlantirish maqsadida ularni davlat oliy ta'lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida imtihonsiz qabul qilish kutilgan samarani bermagan. Aksincha, imtiyoz asosida talaba bo‘lganlarning xalqaro musobaqalardagi natijalari yildan yilga pasayib borgan.

2018 yilda imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilingan sportchilarning 44 nafari (10,5 foizi) Osiyo va jahon chempionati g‘olib va sovrindori bo‘lgani, 2021 yilda esa atigi 13 nafar sportchi (0,6 foiz) ana shunday natijaga erishgan”, deya O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda milliy chempionatlarni tashkil etish va o‘tkazish jarayoni xalqaro standart va talablarga mos kelmasligi aniqlangan. 2018–2021 yillarda o‘tkazilgan 698 ta milliy chempionat bahsidan 269 tasi yoki 38 foizi dastlabki saralash, ya'ni tuman-shahar bosqichlarisiz o‘tkazilgan.

Oqibatda, olis hududlardagi iqtidorli yoshlarning mazkur musobaqalarga jalb etish va imtiyozdan foydalanish huquqi cheklangan. Yoki milliy chempionatlarni o‘tkazishda barcha hududlar birdek qamrab olinmagan. Ushbu davrda o‘tkazilgan 698 ta chempionatning 221 tasida hududiy jamoalarning yarmi ham ishtirok etmay, nomigagina tashkil etilgan.

Avvalroq so‘nggi uch yilda oliy ta'lim muassasasiga imtiyozli ravishda talaba bo‘lganlar soni 5 baravarga ortgani, davlat oliy ta'lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida imtihonsiz qabul qilish huquqini beruvchi musobaqalar sun'iy ko‘paytirib yuborilgani aytilgandi.

Mavzuga oid