Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyadagi maktabda qonli otishma, Yevropa aeroportlarida kollaps va Eronga kelgan Pokiston armiyasi boshlig‘i – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Turkiyada yana otishma
Chorshanba kuni Turkiyadagi ta’lim dargohlaridan birida yana otishma ro‘y berdi. Qahramonmarash hududidagi Ayser Chalik o‘rta maktabidagi otishma oqibatida kamida sakkiz o‘quvchi va bir o‘qituvchi halok bo‘ldi.
Bundan tashqari yana 13 kishi yaralangan, ulardan olti nafari og‘ir ahvolda. Rasmiylarning bildirishicha, hodisa davomida 14 yoshli hujumchi ham halok bo‘lgan.
Hujum sabablari hozircha ma’lum emas, tergov harakatlari boshlangan. Hujum qilgan 8-sinf o‘quvchisining yonida beshta qurol va yettita magazin bo‘lgan. «U beshinchi sinf o‘quvchilari tahsil olayotgan ikkita sinfga kirib, hech kimni ajratmasdan, o‘lim va jarohatlarga sababchi bo‘lgan», dedi rasmiylar. Turkiyada beshinchi sinf o‘quvchilari odatda 10 va 11 yoshda bo‘ladi.
Turk nashrlarining yozishicha, qurollar o‘quvchining muqaddam politsiyada xizmat qilgan otasiga tegishli bo‘lgan. Hujumchining otasi politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
Turkiyada qurol to‘g‘risidagi qonunlar 21 yoshdan oshgan va litsenziyaga ega bo‘lgan shaxslarga qurolga egalik qilishga ruxsat beradi. Biroq qurollar keng tarqalgan bo‘lib, xavfsizlik xodimlariga qurol olib yurish va unga egalik qilishga ruxsat berilgan.
Ushbu hujumdan bir kun oldin — seshanba kuni ham Turkiyaning Shanliurfa viloyatida sobiq o‘quvchi o‘z maktabida o‘t ochib, kamida 16 kishini yaralagan, so‘ngra o‘zini otib o‘ldirgandi.
Jurnalistlar ushbu haftadagi otishmalardan so‘ng rasmiylar biron-bir chora ko‘radimi, deya ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchiga savol berdi. U tafsilotlarga to‘xtalmasdan: «Biz zaruriy ehtiyot choralarini ko‘ramiz», deb javob qaytardi.
Yaqin Sharqdagi urush
Payshanba kuniga kelib Yaqin Sharqdagi urush yakuniga yetishi borasidagi optimizm kuchaydi. Bunga – asosiy vositachi Pokiston va AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuvga umid bildirayotgani sabab bo‘ldi.
«Biz kelishuv istiqbollarini ijobiy baholaymiz», dedi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit. U Pokiston vositachiligidagi suhbatlarni «mahsuldor va davomiy» deb atadi. Shu bilan birga AQSh 8 aprelda ikki haftalik sulhni uzaytirish bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Levitning so‘zlariga ko‘ra, yuzma-yuz muzokaralarning navbatdagi bosqichi hali tasdiqlanmagan, biroq ular katta ehtimol bilan yana Pokistonda bo‘lib o‘tadi.
Pokiston harbiylari esa armiya boshlig‘i, feldmarshal Asim Munirning Tehronga yetib borganini tasdiqladi. Eronning yuqori martabali manbasi muzokaralarning so‘nggi raundida vositachilik qilgan Munir ikki tomon o‘rtasidagi «farqlarni kamaytirishga» harakat qilishini aytdi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham Munirni olqishlab, Tehron «mintaqada tinchlik va barqarorlikni targ‘ib qilish» tarafdori ekanini bildirdi.
AQSh G‘aznachiligi esa Xitoyning ikkita bankini Eron pullari bilan operatsiyalarni amalga oshirmaslik haqida ogohlantirgan, aks holda ular sanksiyalarga duch keladi. Ilgari Xitoy Eron eksport qiladigan neftning 80% dan ortig‘ini sotib olar edi.
Shu bilan birga Tramp chorshanba kuni Xitoy rahbari Si Jinpingga Eronga qurol bermaslikni aytdi. Trampning yozishicha, Si unga Ho‘rmuzni ochayotgani uchun minnatdorlik bildirgan.
«Men buni ular uchun ham, dunyo uchun ham qilyapman. Prezident Si bir necha haftadan keyin u yerga borganimda meni qattiq quchoqlab oladi», dedi Tramp.
Rossiyaning Ukrainaga hujumi davom etmoqda
Payshanba kuni erta tongda Rossiya kuchlari Ukraina poytaxti Kiyev va boshqa shaharlarga hujum qildi. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida uch kishi, jumladan, 12 yoshli bola halok bo‘lgan, 20 dan ortiq kishi jarohatlangan va binolarga jiddiy zarar yetgan.
«Poytaxtga dushman hujumi natijasida ikki kishi – 12 yoshli o‘g‘il bola va 35 yoshli ayol halok bo‘ldi. O‘n nafar aholi vakili jarohatlandi. Olti kishi shifoxonada davolanmoqda», deb yozdi Kiyev meri Vitaliy Klichko.
Poytaxt harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko esa shaharda jarohatlanganlar soni 18 nafarga yetganini ma’lum qildi.
Internetda e’lon qilingan video va fotolarda nazoratdan chiqqan yong‘inlar va osmonga ko‘tarilayotgan quyuq tutun aks etgan.
Dnepr viloyati gubernatori Aleksandr Ganja esa bir kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. U 10 kishi jarohatlanganini qayd etib, turar joy binolarining yonayotgani aks etgan suratlarni e’lon qildi.
Ukraina shimoli-sharqidagi ikkinchi yirik shahar Xarkovda esa dron hujumlari oqibatida ikki kishi jarohatlangan.
Yevropa aeroportlarida katta navbatlar
Yevropa aeroportlar kengashi 10 apreldan to‘liq quvvat bilan ishga tushgan EES — yangi biometrik chegara nazorati tizimi Fransiya, Germaniya, Belgiya, Italiya, Ispaniya va Gretsiya aeroportlarida katta navbatlarni yuzaga keltirganidan ogohlantirdi. The Guardian nashrining xabar berishicha, yozgi turistik mavsumga kelib vaziyat «kollaps»ga aylanish xavfi bor.
ESS – pasportlarga qo‘lda muhr bosish tartibini almashtirdi: endilikda uchinchi davlat fuqarolari Shengen zonasiga kirishda biometrik ro‘yxatdan o‘tadi, ya’ni fotosurat va barmoq izlarini topshiradi. 2026 yil 10 aprelga kelib, Shengenning barcha 29 davlati ushbu tizimga o‘tdi. Yevropa Ittifoqi fuqarolari, yashash guvohnomasiga ega bo‘lganlar va diplomatlar ushbu jarayondan ozod qilingan.
Aviakompaniyalar yetakchilari bir qator aeroportlarda to‘rt soatgacha navbatlar yuzaga kelayotganini ro‘kach qilib, tizim to‘liq ishga tushirilishini oktyabrgacha kechiktirishga chaqirdi.
Shuningdek, ular Yevrokomissiyadan navbatlar haddan tashqari ko‘payib ketganda tizim ishini butunlay to‘xtatib turishga ruxsat berishni talab qildi.
Yevrokomissiya esa tanqidlarga qo‘shilmayapti: uning ma’lumotlariga ko‘ra, tizimda bir sayohatchini rasmiylashtirishga o‘rtacha 70 soniya sarflanmoqda. Yevropa aeroportlar kengashi bu raqamni haqiqatdan yiroq deb hisoblaydi: jarayonning real vaqti bundan besh baravar ko‘proq.
Yaponiya qo‘shnilariga yordam bermoqchi
Yaponiya Erondagi urush oqibatlaridan aziyat chekayotgan Janubiy Osiyodagi qo‘shnilariga energiya xavfsizligini ta’minlashda yordam berish uchun 10 milliard dollar ajratadi.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi chorshanba kuni o‘tkazilgan onlayn uchrashuvdan so‘ng yangi hamkorlik tizimini e’lon qildi. «Yaponiya yetkazib berish zanjirlari orqali Osiyoning har bir davlati bilan chambarchas bog‘langan», dedi u.
Yaponiyaning hamkorlik tizimi Osiyo davlatlariga xom neft va neft mahsulotlarini xarid qilishda, shuningdek, yetkazib berish zanjirlarini saqlab qolish va zaxiralarni kengaytirishda yordam berishni maqsad qilgan.
Bu davlatlar — Ho‘rmuz blokadasi natijasida yuzaga keladigan uzilishlarga zaifdir, chunki Ko‘rfazdan suv yo‘li orqali sotiladigan neft va gazning deyarli 90 foizi ushbu mintaqaga yo‘naltirilgan.
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 10 milliard dollarlik moliyaviy yordam — ASEAN mamlakatlari bir yil davomida import qilinadigan xom neft hajmiga teng.
Mavzuga oid
14:55 / 18.04.2026
Ho‘rmuzni ochgan Eron, Rossiya chegarachilarida yangi vakolat va Trampning Isroilga talabi – kun dayjesti
14:12 / 17.04.2026
Otashkesimga kelishgan Isroil va Livan, Indoneziyada vertolyot halokati va Ho‘rmuzdagi missiya muhokamalari – kun dayjesti
15:16 / 15.04.2026
Eron yadroviy faoliyatini «muzlatish» taklifi, Isroil bilan mudofaa bitimini to‘xtatgan Italiya va Putinning yangi vakolatlari – kun dayjesti
13:41 / 14.04.2026