Jahon | 14:55
1475
7 daqiqa o‘qiladi

Ho‘rmuzni ochgan Eron, Rossiya chegarachilarida yangi vakolat va Trampning Isroilga talabi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Ho‘rmuz vaqtinchalik ochildi

Eron Livanda erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng Ho‘rmuz bo‘g‘ozini vaqtincha qayta ochdi.

Juma kuni eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi strategik bo‘g‘oz barcha tijorat kemalari uchun ochiqligini e’lon qildi. Bu ochiqlik Isroil va Livan o‘rtasida AQSh vositachiligida erishilgan 10 kunlik sulh davomida amal qiladi.

Biroq har ikki tomonning keyingi bayonotlari va tushuntirishlari kema qatnovi qanchalik tez normal holatga qaytishini noaniqlikda qoldirdi. Juma kuni ba’zi kemalar bo‘g‘ozdan o‘tishga urinib ko‘rgani, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchrab, ortga qaytgani kuzatildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Arizona shtatidagi mitingda so‘zga chiqib, Aroqchining bayonotini «dunyo uchun ajoyib va porloq kun» deb atadi. Biroq Tramp Eron portlariga yo‘nalgan kemalar blokadasi «eronliklar bilan kelishuv 100% bajarilmaguncha» o‘z kuchida qolishini aytdi.

Eron bunga keskin munosabat bildirdi. Parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof agar AQSh blokadasi davom etsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi «ochiq qolmasligini» aytdi. Shuningdek, u Trampni juma kungi tinchlik muzokaralari haqida ko‘plab yolg‘on ma’lumotlar tarqatishda aybladi.

Eron mudofaa vazirligi harbiy kemalar va «dushman kuchlari» — AQSh va Isroilga tegishli kemalarning o‘tishiga hamon ruxsat berilmasligini ta’kidladi.

Shuningdek, Tramp NATOning yordam berish taklifini rad etdi va ularga aralashmaslikni aytganini bildirdi.

«Ular kerak bo‘lganda foydasiz edi, ular — qog‘oz yo‘lbars!» deb yozdi Tramp. Shundan so‘ng u Fors ko‘rfazi ittifoqchilari — Saudiya Arabistoni, BAA va Qatarga minnatdorlik bildirdi.

AQShning NATOdagi ittifoqchilari dushanba kuni Trampning Eron portlarini blokada qilish rejasiga aralashmasliklarini, faqat janglar tugaganidan keyingina yordam berishlarini ma’lum qilgandi.

Tomonlar hozirgacha tinchlik muzokaralarining asosiy to‘sig‘i bo‘lib kelayotgan Eron yadro dasturi masalasini qanday hal qilishi ham noaniqligicha qolmoqda. Eron o‘zining fuqarolik yadroviy energiya dasturiga bo‘lgan huquqini himoya qilib kelmoqda.

Dengiz qatnovi qayta tiklanishi haqidagi xabarlar ortidan neft narxi qariyb 10 foizga arzonlashdi, global aksiyalar bozori esa keskin ko‘tarildi.

Rossiya chegarachilariga yangi vakolatlar

2026 yil apreldan Rossiya «Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi federal qonuniga kiritilgan o‘zgartirish bilan Federal xavfsizlik xizmati vakolatlari kengaytirildi.

Endi chegara xizmati xodimlari vokzal va aeroportda Rossiyaga kirayotgan yoki undan chiqayotgan har bir kishining elektron qurilmalari — smartfon, planshet, noutbuk va boshqa gadjetlarini ko‘zdan kechirishi mumkin.

Tekshirish quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda o‘tkaziladi: chegara rejimini buzganda, kontrabanda, ekstremizm yoki boshqa huquqbuzarliklarda gumon qilinganda. Qonun hammani ommaviy ravishda to‘liq tekshirishni nazarda tutmaydi — ko‘rik tanlab o‘tkaziladi, ammo shubha tug‘ilganda majburiy bo‘ladi.

Agar chegarachi tekshiruv uchun qurilmani berishni talab qilganida fuqaro rad etsa, bu qonuniy buyruqqa bo‘ysunmaslik sifatida baholanishi mumkin. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, bunday bo‘ysunmaslik uchun – 7 ming rublgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi mavjud.

Yuqorida qayd etilganidek, bu tartibni chegarachilar o‘zlari gumonlangan shaxslarga qo‘llaydi. Bu esa so‘nggi yillarda Rossiyaga kirishda qiyinchilik va navbatlarga duch kelayotgan markaziy osiyolik migrantlar uchun yana bir sinov bo‘lishi kutilmoqda.

«Isroil Livanga hujum qilmaydi»

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilga Livanni bombardimon qilishni davom ettirishni taqiqladi. Tramp AQShning uzoq yillik ittifoqchisiga kutilmagan keskin ohangda gapirdi.

«Isroil endi Livanni bombardimon qilmaydi. Ularga AQSh tomonidan bu TAQIQLANDI. Yetar endi!!!» deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Shuningdek, Tramp qator postlarida Eron bilan erishadigan har qanday kelishuv «hech qanday tarzda Livanga bog‘liq emasligini» va AQSh «Hizbulloh»ga nisbatan tegishli choralar ko‘rishini ta’kidladi.

«Yana bir bor! Bu kelishuv hech qaysi jihatdan Livanga bog‘liq emas, lekin biz LIVANNI YaNA BUYuK QILAMIZ!» – deb yozdi Tramp keyingi postida.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi Trampning ushbu so‘zlariga munosabat bildirmadi. Biroq Netanyahu avvalroq bergan bayonotida Isroil kuchlari «yaqinlashib kelayotgan xavf»dan himoyalanish uchun Janubiy Livanda qolishini aytgan edi.

«Bizda raketalar va dronlar xavfiga qarshi rejalashtirgan ishlarimiz bor, ularni bu yerda batafsil bayon qilmayman», dedi Netanyahu.

AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Isroil–Livan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi payshanba kuni kechki payt kuchga kirdi. Bu bilan 2 mart kuni boshlangan Isroil — «Hizbulloh» o‘rtasidagi janglar tin oldi. Livan rasmiylariga ko‘ra, Isroil hujumlari oqibatida 2000 kishi halok bo‘lgan.

Haitida ocharchilik

Payshanba kuni e’lon qilingan yangi baholash hisobotiga ko‘ra, Haiti davlatida qariyb 5,8 million kishi — aholining yarmidan ko‘pi yaqin oylarda o‘tkir oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga duch kelishi kutilmoqda.

IPC ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 1,8 milliondan ortig‘i favqulodda holat bosqichida bo‘lib, shoshilinch oziq-ovqat yordamiga muhtoj.

Hisobotda aytilishicha, inqiroz — xavfsizlik holatining yomonlashishi, iqtisodiy zarbalar hamda bozorlar va qishloq xo‘jaligidagi muntazam uzilishlar tufayli yanada kuchaygan. Qurolli guruhlar mamlakatning turli qismlarida o‘z nazoratini kengaytirgan. 1,4 milliondan ortiq odam esa o‘z yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan. Bu esa oziq-ovqat zaxiralariga yuklamani oshirib, zaif qatlamlarni ochlik domiga chuqurroq itarmoqda.

Butunjahon oziq-ovqat dasturining ma’lum qilishicha, davomli yordamlar natijasida o‘tgan yildan beri qariyb 200 000 aholining holati yaxshilangan. Biroq bu umumiy raqamlar oldida juda kichik yordam.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid