O‘zbekiston | 09:50 / 06.03.2020
6760
8 daqiqa o‘qiladi

Soliq auditi qanday soliq to‘lovchilarda o‘tkazilishi aniq belgilanadi

Soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, soliq auditi - muayyan davr uchun soliqlar va yig‘imlarning to‘g‘ri hisoblanishi va to‘lanishini, shuningdek nazorati soliq organlari zimmasiga yuklatilgan qonun hujjatlariga rioya qilinganligini soliq to‘lovchining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari hamda boshqa hujjatlarini (ma'lumotlarni) o‘rganish va tahlil qilish yo‘li bilan tekshirish hisoblanadi.

Soliq auditi quyidagi soliq to‘lovchilarda o‘tkaziladi:

a) soliq organining talabnomasiga javoban aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmagan (shu jumladan aniqlashtirilgan talabnomadan keyin), yoxud aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asos keltirmagan, yoki taqdim qilingan asosnomalar qonun hujjatlariga muvofiq emas deb topilgan soliq to‘lovchilarda;

b) yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub bo‘lgan soliq to‘lovchilarda (soliq agentlarida);

v) ixtiyoriy tugatilayotgan soliq to‘lovchilarda.

Ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan soliq to‘lovchida soliq auditi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning xabarnomasi asosida o‘tkaziladi.

Jinoyat ishi doirasida yoki sud ajrimi asosida soliq to‘lovchining moliya-xo‘jalik faoliyatida o‘tkaziladigan taftish O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq o‘tkaziladi. Bunda taftish natijalari bo‘yicha soliq organlari vakolati doirasida ko‘riladigan choralar O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq tartibga solinadi.

Soliq organi soliq auditi boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin soliq to‘lovchiga soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.

Soliq to‘lovchiga shaxsiy kabineti orqali yuborilgan xabarnoma soliq to‘lovchi tomonidan o‘qib chiqilganidan keyin, lekin xabarnoma jo‘natilgan kundan boshlab uch kundan kechiktirmay, pochta orqali buyurtma xat bilan jo‘natilgan hollarda esa jo‘natilgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay olingan hisoblanadi. Soliq organi soliq to‘lovchiga soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuborganligi to‘g‘risida telekommunikatsiya tarmog‘i orqali elektron shaklda ma'lum qiladi.

Telekommunikatsiya tarmog‘i - telefon, telegraf, faksimil turlarini, ma'lumotlar uzatish va hujjatli xabarlarning boshqa turlarini, televizion va radioeshittirish dasturlarini translatsiya qilishni ta'minlovchi telekommunikatsiya vositalarining majmui tushuniladi.

Soliq to‘lovchi soliq auditi boshlanishiga qadar xabarnomada ko‘rsatilgan hujjatlarni va ma'lumotlarni tayyorlab qo‘yishi lozim.

Xabarnoma yuborilganidan keyin soliq to‘lovchi tomonidan aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilganidan qat'iy nazar soliq auditi o‘tkaziladi.

Soliq auditi tayinlangan soliq to‘lovchida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash belgilari mavjud bo‘lsa, soliq organi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishgan holda soliq to‘lovchini oldindan xabardor etmasdan soliq auditini o‘tkazishga haqli.

Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash belgilari mavjud bo‘lgan soliq to‘lovchilar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 223 va 224-moddalarida hamda Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan qonunbuzarlikdan kelib chiqib aniqlanadi.

Soliq auditi o‘tkazish uchun soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘i chiqarilib, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:

a) soliq to‘lovchining nomi va identifikatsiya raqami;

b) soliq auditini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslarning (tekshiruvchilarning) familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;

v) soliq auditini o‘tkazish muddati va davri;

g) soliq auditining maqsadi.

Soliq auditining maqsadi muayyan davr uchun barcha yoki ayrim soliqlar va yig‘imlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi hamda to‘lanishi to‘g‘riligini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan soliq organlari zimmasiga yuklatilgan boshqa masalalarni tekshirish hisoblanadi.

Soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan uni o‘tkazish dasturi ham tasdiqlanadi. Soliq auditini o‘tkazish dasturi soliq auditining maqsadidan kelib chiqib tuziladi.

Soliq auditi oxirgi o‘tkazilgan soliq auditidan keyingi soliq davrini, lekin natijalari soliq majburiyatini aniqlaydigan soliq davri tugaganidan keyingi besh yildan oshmagan soliq davrini qamrab olishi mumkin.

Soliq organlari soliq to‘lovchining huquqbuzarlik holatidan kelib chiqib aynan bitta davr uchun aynan bir xil soliqlar bo‘yicha bir martadan ortiq soliq auditini o‘tkazishga haqli emas.

Soliq auditini o‘tkazish jarayonida oldin o‘tkazilgan soliq auditida soliq organiga ma'lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan taqdirda, soliq organi faqatgina yangi holatlar bo‘yicha qayta soliq auditini tayinlashi mumkin. Bu haqida soliq auditini o‘tkazayotgan mansabdor shaxs soliq organi rahbariga (rahbar o‘rinbosariga) iltimosnoma kiritadi va shu asosida soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan qo‘shimcha buyruq rasmiylashtiriladi.

Soliq auditini o‘tkazish muddati o‘ttiz ish kunigacha davom etadi. Soliq auditini o‘tkazish muddati ikki oygacha, alohida hollarda esa uch oygacha uzaytirilishi mumkin.

Soliq auditini o‘tkazish muddati quyidagi asoslarga ko‘ra uzaytirilishi mumkin:

a) hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishda (uzaytirish hujjatlar talab qilinayotgan har bir shaxs bo‘yicha ko‘pi bilan bir marta yo‘l qo‘yiladi);

b) chet el davlat organlaridan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida axborot olishda;

v) ekspertizalar o‘tkazishda;

g) chet tilida taqdim etilgan hujjatlarni tarjima qilishda (hujjatlar davlat tiliga tarjima qilingan asl nusxalari shaklida yoki notarial tarzda tasdiqlangan shaklda bo‘lishi mumkin);

d) o‘rganilayotgan hujjatlar hajmi ko‘pligida;

ye) yaroqsiz holga kelgan hujjatlarning hamda soliqlarni va yig‘imlarni hisoblab chiqarish bilan bog‘liq elektron axborot jismlarni tekshirilayotgan shaxs tomonidan qayta tiklanishida;

j) mutaxassislar xulosalari olinishida.

Zarur bo‘lgan taqdirda, soliq auditini o‘tkazayotgan mansabdor shaxs soliq auditi muddatini uzaytirish yuzasidan soliq organi rahbariga (rahbar o‘rinbosariga) asoslantirilgan iltimosnoma kiritadi. Ushbu iltimosnoma asosida soliq auditi muddati yuqori turuvchi organ bilan kelishilgan holda uzaytiriladi.

Yuqori turuvchi soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosari) roziligiga ko‘ra soliq auditi o‘tkazish muddati iltimosnomada ko‘rsatilgan muddatga yoki kamroq bo‘lgan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Soliq auditi muddati uzaytirilganda oldingi buyruqning ro‘yxatga olish raqami va sanasi ko‘rsatilgan holda soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan qo‘shimcha buyruq rasmiylashtiriladi.

Soliq auditini o‘tkazishning umumiy muddati olti oydan oshishi mumkin emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid