Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya yadroviy raketalarini yana Yevropaga qaratishini ma’lum qildi
SSSR davrida Yevropaga qaratilgan qisqa va o‘rta masofali raketalar AQSh bilan kelishuvga muvofiq yo‘q qilingan edi.
Foto: TASS
Rossiya endi o‘zining o‘rta va qisqa masofali yer usti raketalarini joylashtirish bo‘yicha cheklovlar bilan bog‘langan deb hisoblamaydi, deb yozdi Rossiya TIV xabariga tayanib The Moscow Times.
«Bu boradagi bir necha bor ogohlantirishlarimiz e’tiborsiz qoldirilgani va vaziyat Yevropa va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida Amerikada ishlab chiqarilgan quruqlikdagi qurollarni amalda joylashtirish yo‘lida rivojlanib borayotgani sababli, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunday qurollarni joylashtirishga bir tomonlama moratoriyni saqlab qolish uchun shart-sharoitlar yo‘qolganini qayd etadi», deyiladi Rossiya tashqi siyosat idorasi bayonotida.
SSSR davrida yadroviy kallaklarga ega va Yevropadagi NATO davlatlarini nishonga olgan, zarba masofasi 500 km dan 5,5 ming km gacha bo‘lgan raketalar 1980-yillarning oxirida Mixail Gorbachyov va Ronald Reygan tomonidan imzolangan shartnoma doirasida yo‘q qilingan edi. 2019 yilda AQSh bunday raketalarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomadan chiqib, uni buzganlikda Rossiyani aybladi.
Amerika ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya allaqachon o‘rta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarga ega. Bu «Iskander» majmuasining 9M729 raketasi bo‘lib, u yadroviy kallak bilan ham jihozlanishi mumkin. Uning masofasi 500 km bo‘lsa-da, AQSh 9M729 ancha uzoqqa ucha oladi deb hisoblaydi va Kaliningrad viloyatida joylashtirilganda, uning zarba radiusi G‘arbiy Yevropa poytaxtlarini qamrab oladi.
Rossiya Vashington bilan shartnoma barbod bo‘lganidan keyin Yevropa mamlakatlari uchun mo‘ljallangan o‘rta va qisqa masofali raketalarni joylashtirishga «ixtiyoriy moratoriy» e’lon qildi.
2024 yil yozida Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rta va qisqa masofali raketalarni ishlab chiqarishni qayta tiklashni buyurgan edi.
«Qo‘shma Shtatlar o‘ylab topilgan bahona bilan bu shartnomadan chiqdi va bunday raketa tizimlarini ishlab chiqarishini e’lon qildi», dedi Putin.
«Ko‘rinib turibdiki, biz ushbu zarba tizimlarini ishlab chiqarishni boshlashimiz va keyin real vaziyatdan kelib chiqib, xavfsizligimizni ta’minlash uchun zarur bo‘lsa, ularni qayerga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishimiz kerak», dedi Putin.