O‘zbekiston | 21:08 / 28.10.2025
3902
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy nafaqa va yordam pullaridan kredit qarzini undirish taqiqlanadi

Davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy nafaqa va yordam pullari, jumladan ijtimoiy kartalarga kelib tushadigan pullarni kredit qarzdorligi uchun undirish taqiqlanadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar yangilanadi. Markaziy bankning tegishli qarori 28 oktyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjat 3 oydan keyin – 2026 yil 29 yanvardan kuchga kiradi va shu sanadan e’tiboran:

  • davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy nafaqa va yordam pullari, jumladan ijtimoiy kartalarga kelib tushadigan pullarni kredit qarzdorligi uchun undirish taqiqlanadi;
  • kreditlarni onlayn rasmiylashtirishda mijoz roziligini ifodalovchi maydonchalarni (✅ shaklidagi tasdiq belgisini) yoki kredit parametrlarini oldindan belgilab qo‘yish taqiqlanadi;
  • mijozning kredit olish bo‘yicha arizasida (so‘rovida) ko‘rsatilgan miqdordan ortiqcha summada kredit taklif etgan holda uni olishga undash taqiqlanadi.

Shuningdek, qaror kuchga kirganidan keyin banklarda moliyaviy qiyinchilik yoki murakkab hayotiy vaziyatga tushgan fuqarolarning arizalarini ko‘rib chiqish tizimi joriy qilingan bo‘lishi va bu haqda o‘z veb-saytida e’lon qilishi kerak bo‘ladi. Bunda, kreditlarni restrukturizatsiya qilish, masalan, kredit to‘lovi muddatlarini uzaytirish, foizlarni qayta ko‘rib chiqish, jumladan homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi ayollarning kredit to‘lovi muddatlarini o‘n oygacha uzaytirish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish nazarda tutilishi lozim.

Bundan tashqari:

  • banklar kredit ajratish vaqtida iste’molchilarga kredit olish bilan bog‘liq ehtimoliy tavakkalchiliklar to‘g‘risida cheklist taqdim etishi kerak;
  • bank omonati (depoziti) shartnomasi yoki bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish jarayonlarida banklar omonatchilarni omonatlarni kafolatlash tizimi haqidagi axborot bilan tanishtirishi kerak.

Mavzuga oid