Jahon | 19:30 / 17.04.2026
7201
5 daqiqa o‘qiladi

AQShning Ho‘rmuz blokadasi ish beradimi? Trampning maqsadi nima?

Blokada… Qamal qilish… O‘tmishda bu tushuncha harbiy va siyosiy leksikonda juda ko‘p ishlatilar edi. O‘rta asrlarda qamal qilish orqali biron bir shaharni qo‘lga olish – eng keng tarqalgan taktika hisoblanardi. 20-asrda ham blokada borasida insoniyat xotirasida qolib ketgan yorqin misollar serob.

Ikkinchi jahon urushi davrida, Gitler Germaniyasi sobiq SSSRga bostirib kirgach, sobiq ittifoqdagi ikkinchi yirik shahar hisoblanmish Leningradni (bu shahar hozir Sankt-Peterburg deb ataladi) 1941 yilning sentabridan to 1944 yilning yanvariga qadar, jami 872 kun qamal qiladi. Bundan maqsad – Leningrad aholisini holdan toydirish, ochdan o‘ldirish orqali taslim qilish, natijada SSSRga ruhiy zarba berish niyat qilingan edi.

Leningradliklar juda qattiq qiynalishadi, ochlik shu darajaga yetadiki, kannibalizm – o‘liklar go‘shtini yeyish holatlari ko‘p kuzatiladi. Biroq, Leningrad aholisi taslim bo‘lmaydi. Hitlerning Leningradni blokada qilish siyosati u istagan natijani bermaydi. Alaloqibat, fyurer bu bosqinchilik urushida yengiladi.

Yana bir misol – Kuba blokadasi. Sovuq urush avjida. Sobiq SSSR va u boshchiligidagi sotsialistik lager bir tomondan, AQSh va u boshchiligidagi kapitalistik dunyo boshqa tomondan butun sayyoramiz bo‘ylab tizimli tirashmoqda. Bu sovuq urushning eng yuqori cho‘qqisi – Karib inqirozi. 1962 yilda SSSR Kubada strategik qurollarni joylashtirishi AQShni qo‘rqitib yuboradi, va bunga javoban, AQSh Kubani blokada qiladi. O‘shanda Qo‘shma Shtatlar 238 dan ortiq kema, jumladan, 8 ta aviatashuvchi yirik kemalar bilan Kuba orolini qamal qilib, faqat oziq-ovqat mahsulotlari kiritilishiga ruxsat beradi.

Bu blokadadan maqsad – SSSRning strategik qurollarini Kubaga kiritmaslik edi. Ikki tomon yadroviy to‘qnashuvga juda yaqin qolgan o‘sha lahzalarda, insoniyatning yo‘q bo‘lib ketish ehtimoli oshib borardi. Tomonlar bunday ssenariydan qo‘rqib, eskalatsiyani pasaytirishga kelishib olishadi, va ko‘p o‘tmay Kuba blokadasi yakunlanadi.

Bugun dunyo Ho‘rmuz blokadasidan xavotirda. Bugun Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ikki karra blokada ostida qoldi. 28 fevralda AQSh va Isroilning Eronga hujumi natijasida, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokladi: bu orqali AQSh va dunyo iqtisodiyotiga bosim ko‘rsatdi.

Hozir AQSh bu urushda uchinchi bosqichga o‘tib bormoqda. Birinchi bosqichda – boshsizlantirish va shu orqali Eron siyosiy tizimini yiqitish reja qilingan edi, lekin o‘xshamadi. Keyin, ikkinchi bosqichga o‘tildi: bunda Eronni holsizlantiruvchi uzoq muddatli bombalash, natijada davlat institutlarini izdan chiqarish ko‘zda tutildi. Bu ham o‘xshamadi.

Bu orada Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilishi AQShga va dunyo iqtisodiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Natijada prezident Tramp Eron bilan kelishuv izlashga tushdi.

Keyingi bir haftada AQSh va Eron Pokiston vositachiligida tinchlik muzokaralari olib bormoqda. Mana shu fonda, Tramp ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilishini e’lon qildi. Uning pozitsiyasi oddiy: “menga yo‘qmi, senga ham yo‘q!” Bugun Ho‘rmuzdan Hind okeaniga chiqish tarafida AQShning 15 ga yaqin kemasi har bir kirib-chiqayotgan kemalarni nazoratiga olmoqda. Agar yuklar Eronga tegishli bo‘lsa, yoki Eronga pul to‘lab chiqib kelayotgan bo‘lsa, AQSh bu kemalarni ortga qaytarish niyatida.

AQSh tomonidan Ho‘rmuzni blokada qilishdan maqsad – Pokistondagi muzokaralar fonida Eronga bosim qilib, AQSh shartlariga tezroq va osonroq ko‘ndirish. Biroq, katta ehtimol bilan, AQSh blokadasi Eronning fikrlashiga, kayfiyatiga jiddiy ta’sir qilmasligi mumkin. Chunki blokadalar faqatgina juda uzoq muddatli bosim ostida ta’sir qiladi. Eronda esa, muqobil transport-logistika kanallari ham mavjud. Qolaversa, eronliklar yillar davomida qiyinchiliklarga, bosimlarga ancha o‘rganib qolishgan.

Lekin ikkinchi tomonda ham muammolar yo‘q emas: bugun bir gallon benzin AQShning o‘zida besh dollardan oshgan. Bundan 2 oy oldin uning narxi o‘rtacha 3–3,5 dollar edi.

Hademay, kelayotgan noyabr oyida AQShda oraliq saylovlar ham bo‘ladi. Ungacha Ho‘rmuz blokadasi Tramp istagan natijani bermasligi mumkin. AQSh ichkarisidagi ijtimoiy kayfiyat esa, bugunning o‘zidayoq Tramp uchun salbiy mujdalarni yo‘llamoqda.

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid