Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Eron asimmetrik urush olib boryapti” - siyosatshunos
Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik shunchaki harbiy mojaro emas, balki global miqyosdagi strategik kurashga aylandi. Vashington taktik ustunlik va iqtisodiy bosim orqali Eronni yengishni maqsad qilgan bo‘lsa, Tehron milliy birdamlik va asimmetrik taktikalarga tayanib, o‘z pozitsiyasini saqlab qolishga urinmoqda. Tomonlarning hozirgi harbiy-iqtisodiy imkoniyatlari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida muhokama qilindi.
AQSh-Eron urushi: urushning mazkur davriga kelib qaysi tomon nisbatan ustun pozitsiyada?
Bektosh Berdiyev: Urushning asosiy fazasi yakunlandi deb ayta olmaymiz. Yaqinda e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yaqin Sharq o‘rtasidagi transport samolyotlari qatnovi yanada faollashgan. Ya’ni hududga ko‘plab samolyotlar kelib-ketmoqda. Ayniqsa, bu transport samolyotlaridir. Ular asosan qurol-yarog‘ yoki harbiy xizmatchilarni tashishi mumkin.
Ikkinchi tomondan, Donald Trampning bayonotlari ham e’tiborga loyiq. Unga ko‘ra, agar Eron muzokaralarda qat’iy turib, AQSh shartlariga rozi bo‘lmasa, keskin choralar ko‘rilishi mumkin. Tramp o‘z chiqishlarida turli keskin iboralarni qo‘llab, vaziyatni jiddiylashtiruvchi ritorikadan foydalanmoqda. Bu esa AQShning ham osonlikcha yon bermasligini anglatadi.
Harbiy va texnologik jihatdan AQSh Eron bilan solishtirganda ancha ustun, garchi geografik jihatdan uzoqda joylashgan bo‘lsa ham. Shu bilan birga, hozirgi urush sharoitida aniq xulosa chiqarish qiyin. Ba’zi fikrlarda Eron g‘alaba qozondi, AQSh esa mag‘lub bo‘ldi, degan qarashlar uchraydi. Biroq bunday xulosalarga hali erta.
Shuningdek, 21–23 aprel kunlari Pokistonda rejalashtirilayotgan uchrashuvlar qanday natija berishi hozircha ochiq masala bo‘lib qolmoqda. Vaziyat yanada keskinlashishi ehtimoli mavjud.
Eron rasmiy bayonotlariga ko‘ra, ular raketa va dron kuchlarini jangovar shay holatda saqlamoqda. Shuningdek, ehtimoliy quruqlikdagi harbiy amaliyotlarga ham tayyorgarlik ko‘rilayotgani aytilmoqda. Ayrim tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyga tegishli transport samolyotlari transponderlari o‘chirilgan holda Eronga qo‘ngani haqida xabarlar tarqalgan. Bu esa Eronning qurollanish jarayonlari davom etayotganini ko‘rsatadi. Umuman olganda, har ikki tomon ham harbiy tayyorgarlikni susaytirgani yo‘q. Shundan kelib chiqib, urush yakuniy bosqichga o‘tdi degan xulosaga kelishga hali erta.
Shuhrat Rasul: Amerikada Respublikachilar partiyasi va prezident Donald Trampning pozitsiyasida ham ayrim zaif jihatlar mavjud. Eng muhim omillardan biri — noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlardir. Biroq bu saylovlargacha hali vaqt bor. Shu bilan birga, yaqinda senat Trampni qo‘llab-quvvatladi.
Hatto ayrim respublikachilar uning pozitsiyasi zaiflashsa, qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishlari mumkinligini ham bildirmoqda. Ilgari ham kongressda Trampga qarshi chiqishlar kuzatilgan, ayniqsa Demokratlar partiyasi bu masalani bir necha bor ko‘targan. Quyi palatadagi vaziyat hozircha noaniq bo‘lsa-da, AQSh siyosiy tizimida Senat muhim rol o‘ynaydi.
So‘nggi ovoz berishda 52 senator urushni Amerika foydasiga yakunlash tarafdori ekanini bildirdi. Bu faqat respublikachilar emas, balki umumiy senatorlar pozitsiyasini ham aks ettiradi. Ular ushbu mojaroda AQShning harbiy va siyosiy ustunligini ta’minlash tarafdori.
Ikkinchi muhim jihat — tomonlarning “zaxira quvvati”dir. Hozirgi holatga qaraydigan bo‘lsak, Eron harbiy jihatdan sezilarli yo‘qotishlarga uchragan. Xususan, uning harbiy dengiz kuchlari zaiflashgan, havo hududida esa AQShning ustunligi kuzatilmoqda. Bundan tashqari, Eron iqtisodiyotiga ham jiddiy zarar yetgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, og‘ir metallurgiya sanoatining katta qismi izdan chiqqan va ishlab chiqarish hajmi keskin kamaygan. Xuddi shunday holat neft-kimyo sohasida ham kuzatilmoqda — bu tarmoq zamonaviy iqtisodiyotning asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi.
Oziq-ovqat masalasi ham dolzarb muammoga aylangan. Eron yiliga taxminan 20 million tonna don yetishtiradi va ichki ehtiyojning taxminan 70 foizini qoplay oladi. Qolgan qismi import hisobiga to‘ldiriladi, jumladan Rossiyadan 5 million tonnadan ortiq don olib kiriladi. Umuman olganda, yiliga 7–8 million tonna don import qilinadi.
Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda oziq-ovqat zaxiralari keskin kamaygan. Oldinroq bu zaxira uch-to‘rt haftaga yetishi aytilgan bo‘lsa, hozir ikki haftalik darajada ekani ta’kidlanmoqda. Ayrim hududlarda hatto non uchun navbatlar yuzaga kelgan.
Agar tomonlarning imkoniyatlarini solishtiradigan bo‘lsak, noyabrgacha bo‘lgan davrda Trampning imkoniyati ancha keng. U Senatda hozircha ustunlikka ega. Eron esa bu borada ancha cheklangan imkoniyatlarga ega.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, hozircha ustunlik AQSh tomonida ekanini aytish mumkin. Eronning manyovr qilish imkoniyatlari esa ancha past darajada qolmoqda.
To‘liq suhbatni YouTubeʼdagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.