Jahon | 15:30 / 16.01.2026
3514
5 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda sulhning 2-bosqichiga o‘tildi: bu nimani anglatadi?

Trampning tashabbusi bilan ilgari surilgan G‘azoda tinchlik rejasining 2-bosqichi tashqi tomondan tinchlik va tiklanish va’dalariga boy ko‘rinadi. Ammo hujjat mazmuniga chuqurroq nazar tashlansa, TsAXAL va HAMAS borasida nomunosib yondashuv borligi aks etadi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar mazkur mavzu xususida so‘z yuritdi.

— Sulhning ikkinchi bosqichi qanday amalga oshiriladi?

Shavkat Ikromov: Ikkinchi bosqichda Falastin texnokratlar kengashi ish boshlaydi. Unga falastinlik mutaxassis Ali Shas rahbarlik qiladi, kengash 15 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. A’zolarning barchasi mintaqani chuqur biladigan, tajribali mutaxassislar sifatida taqdim etilmoqda. Trampning o‘ziga xos ritorikasiga ko‘ra, bu “dunyodagi eng yaxshi kengash” bo‘lishi kerak.

Endi asosiy savol bu kengashning real vakolatlari nimadan iborat? E’lon qilingan dastlabki hujjatlarga ko‘ra, uning vazifalari o‘tish davrini qo‘llab-quvvatlash, qayta qurish jarayonlarini muvofiqlashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini tiklash hamda G‘azo hududining texnik infratuzilmasini qayta qurishni rag‘batlantirishdan iborat. Ikkinchi bosqichda Ali Shas boshchiligidagi texnokrat hukumat aynan shu yo‘nalishlarni nazorat qilishi va muvofiqlashtirib borishi kerak. Biroq bu yerda qator jiddiy savollar yuzaga keladi.

Rejaning eng bahsli jihatlaridan biri – G‘azo hududida qurol ko‘tarish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxslarni qurolsizlantirish bandidir. Rejaning 20 banddan iborat asosiy qismiga ko‘ra, G‘azodagi HAMAS jangchilari qurolsizlantirilishi lozim. Shu bilan birga, Isroil askarlarida qurol olib yurish huquqi saqlab qolinadi. Amalda bu G‘azo hududida qurol ko‘tarishga faqat Isroil harbiylari vakolatli bo‘lib qolishini anglatadi. Bu holat esa mahalliy aholi uchun jiddiy muammolar tug‘diradi.

G‘azoda hozirgi vaqtda huquqiy tartibot to‘liq ishlamayapti, jinoyatchilik va nazoratsizlik kuchaygan. Bunday sharoitda o‘zini Isroil harbiylaridan yoki mahalliy qurolli guruhlardan himoya qilishga urinayotgan fuqarolarga ham qurol olib yurish taqiqlanishi adolatli savollarni keltirib chiqarmoqda. Shartnomaning umumiy mazmuni shunday taassurot uyg‘otadiki, go‘yo Isroilning G‘azodagi harbiy mavjudligi texnokrat boshqaruv yoki boshqa nomlar ostida huquqiy jihatdan rasmiylashtirilayotgandek. Ya’ni Isroil okkupatsiyasi bilvosita legitimlashtirilayotgandek ko‘rinadi.

“G‘azoni qayta qurish” tushunchasi ham asosan texnik yondashuv bilan cheklangan. Gap binolarni, yo‘llarni va infratuzilmani tiklash haqida bormoqda. Ammo siyosiy boshqaruv, fuqarolik institutlarini qayta shakllantirish yoki mahalliy boshqaruv organlarini yaratish masalalari rejaning markazida emas, ikkinchi darajaga surilgan.

Yana bir muhim masala Isroil askarlarining G‘azodan chiqib ketish muddati va mexanizmi. Hozirgi vaqtda Isroil armiyasi G‘azo hududining 50 foizdan ortiq qismini nazorat qilmoqda. Xaritalarda sariq chiziq bilan belgilangan hududlar de-fakto Isroil harbiylari mavjudligini “qonuniylashtirayotgandek” tasvirlanmoqda. Ikkinchi bosqichda bu hududlardan bosqichma-bosqich chiqib ketish nazarda tutilgan, biroq qachon, qanday tartibda va oxirgi askar qachon chiqib ketishi haqida aniq bandlar mavjud emas.

To‘g‘ri, ikkinchi bosqich HAMAS tomonidan nisbatan ijobiy qabul qilindi. Texnokrat boshqaruv joriy etilishi va Ali Shasning rahbar etib tayinlanishi qo‘llab-quvvatlandi. Ali Shas Falastin ma’muriyatida ishlagan, Ramallohda faoliyat yuritgan mahalliy kadr sifatida tanilgan. Shunga qaramay, huquqiy, strategik va insoniy nuqtayi nazardan qaralganda, rejaning ikkinchi bosqichi yuzasidan savollar juda ko‘p. Aynan shu noaniqliklar uning amalda qanday ishlashi va barqaror natija berish-bermasligini jiddiy shubha ostiga qo‘ymoqda.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid