O‘zbekiston | 08:19 / 15.05.2021
3938
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish kengaytiriladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi “Qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni kengaytirish va ularga xususiy xizmatlar ko‘rsatadigan obektlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Qaror bilan 2021-2022 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sohada kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda texnik xizmat (servis) ko‘rsatish obektlarini tashkil qilish dasturi tasdiqlandi. U Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari takliflari asosida ishlab chiqilgan.

Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishda va ularga servis xizmatlarini ko‘rsatishda ishlatiladigan butlovchi va ehtiyot qismlar bo‘yicha hududlar va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasining maqsadli parametrlari;
  • hududlarda qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning maqsadli parametrlari;
  • 2021-2022 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun zarur butlovchi va ehtiyot qismlarni kooperatsiya asosida yetkazib berish manzilli ko‘rsatkichlari;
  • qishloq xo‘jaligi texnikasiga texnik (servis) xizmat ko‘rsatish obektlarini tashkil qilishning manzilli dasturi.

Mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish va sanoat mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha komissiyaga dasturga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

"O‘zavtosanoat" AJga "Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi" MChJ va boshqa qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tashkilotlari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etildi.

"O‘zagroservis" AJga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, o‘z tarkibidagi mashina-traktor parklari negizida ko‘p tarmoqli zamonaviy ta'mirlash va servis markazlarini tashkil etish tavsiya etildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, "O‘zagroservis" AJga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Dastur doirasida belgilanadigan ko‘rsatkichlarning to‘liq hajmda bajarilishi yuzasidan ta'sirchan nazorat o‘rnatish topshirildi.

Mavzuga oid