18:20 / 12.02.2020
2
25381

Toyloqda supermarket qurilishiga o‘nlab tashkilotlar rozilik bergan. Ammo 4,5 mlrd so‘mga qurilgan bino buzilishi mumkin

Har bir hududning o‘ziga xos muammosi bo‘ladi. Aholi aynan o‘sha masala yuzasidan qayta-qayta shikoyat qilaveradi, aziyat chekadi. Jumladan, Toyloq tumani markazida bir necha o‘n yillardan beri tartibsiz bo‘lib kelgan dehqon bozori muammosi bor.

Ammo, hozir aynan bozorning qulay-noqulayligi haqida emas, bevosita unga aloqasi bo‘lgan boshqa masala haqida gap bormoqda. Ya'ni, Toyloq dehqon bozorini boshqa hududga ko‘chirish, o‘sha joyda allaqachon qurilishi boshlangan supermarket, sobiq va amaldagi hokim bilan bog‘liq muammolar xususida.

Og‘zaki gapning kuchi

Prezidentning «2017-2019 yillarda dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 2017 yil 27 martda PQ-2853 qarori asosida Toyloq tumanidagi dehqon bozorni ham qayta qurish bo‘yicha Davlat dasturiga kiritiladi. Tumanning sobiq hokimi B.Sa'dullayev 2018 yil 16 fevralda zamonaviy savdo majmuasi qurish uchun Milliy bank huzuridagi bozor qurilish direksiyasi «NBU BUNYODKOR INVEST» MChJga tumandagi dehqon bozori hududidan 2,15 gektar yer maydoni ajratadi.

Ushbu vaziyatda e'tibor qilish kerak bo‘lgan qiziq jihat bor:

Tuman hokimi qarorida aynan bozor hududi ko‘rsatilmoqda. Bu tabiiyki, 200 ming aholisi bo‘lgan tumanni noma'lum muddatga bozorsiz qoldirish deganidir. Agar yangi bozor qurilishi shu hududda boshlansa, do‘konlar buziladi, savdo to‘xtaydi. Bu yuzlab mulkdorlar bilan hisob-kitob qilish kerakligini anglatadi.

Xo‘sh, qulayroq chora bormi? Bor, masalan, bozor hududidan taxminan bir kilometr masofada – Urgut va Panjakentga olib boradigan chorraha atrofi. Tuman mas'ullari o‘sha joyda ikki qavatli supermarket, 3ta pavilon qurish, qisqasi, bozorni ko‘chirishni niyat qilishadi. Shunda eski bozordagi tadbirkorlarga ham o‘sha joydan do‘kon berilishi mumkin.

Bugun adog‘i ko‘rinmay turgan muammoning ildizi aynan shunda. Ya'ni, qarorda boshqa, amalda boshqa hudud bozor uchun tanlangani.

O‘nlab rahbarlar shunchaki, muhr bosganmidi?

Shu o‘rinda bir qiziq holat. Tuman hokimining qarorida ko‘rsatilmagan hududda bozor qurilishi boshlanadi. Buning uchun geologik toposyomka, APZ, suv, elektr energiyasi va gaz texnik shartlari, DAQNda ro‘yxatdan o‘tish, viloyat qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashi, loyiha smeta hujjatlari, Qurilish vazirligi huzuridagi «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» DUK xulosasi, boringki hamma qog‘ozbozlik ishlari qarorda ko‘rsatilgan joydan emas, bugun qurilishi to‘xtab qolgan supermarket hududiga moslab tayyorlanadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan tashkilotlar shunchaki, muhr urib bermaydi odatda. Bozorning qayerdan qurilayotganini bilishmagan, desak ham, demasak ham, ularni aybdor qilib qo‘ygan bo‘lamiz...

«NBU BUNYODKOR INVEST» MChJ hamda «Shuxrat A-DIGITAL» xususiy korxonasi o‘rtasida 2018 yil 16 fevraldagi 3-sonli shartnomaga asosan supermarket qurilishi boshlanadi. Oyma-oy tuman hokimligi va «NBU BUNYODKOR INVEST» MChJ tomonidan so‘ralgan joylarga hisobot berib boriladi. Bir o‘rinda Toyloqda supermarket, bir o‘rinda bozor qurilayotganiga oid ma'lumotnomalar viloyat va respublika yig‘ilishlariga taqdim qilinadi.

Bu orada tuman hokimi o‘zgaradi.

4,5 milliard so‘m havoga sovurilishi mumkin...

«Shuxrat A-DIGITAL» xususiy korxonasi direktori o‘rinbosari A.Mamatqulov tahririyatga murojaat yo‘lladi.

«Yangi hokim B.Bobonazarov 2018 yilning 4 avgustida №1506-sonli qarori bilan supermarket uchun ajratilgan yer maydoni hududidan «Agrokimyoservis» dorixona binosi uchun 0,20 gektar yerni noqonuniy qo‘shib berdi. Supermarket va dehqon bozori qurilishini vaqtinchalik taqiqlab qo‘ydi. Natijada, biz ishni davom ettirolmay qoldik. Viloyat hokimiga va prokurorga murojaat qilganimizdan so‘ng, «Agrokimyoservis» dorixona binosi uchun chiqarilgan qaror bekor qilindi. Tuman va viloyat prokuraturasidan qurilishni davom ettirishimiz to‘g‘risida xat oldik. Ammo hozirgi vaqtgacha 0,20 gektar hududimiz devor bilan o‘rab qo‘yilgan va noqonuniy olingan yer bo‘shatib berilmagani sababli qurilishni davom ettirishning imkoni bo‘lmadi.

2019 yilning 16 mayida Toyloq tuman hokimligi tomonidan rasmiy xat keldi. Unga ko‘ra qurilishni to‘xtatishimiz so‘ralgan bo‘lib, supermarket hududi fermer xo‘jaligiga qarar ekan.

2019 yil 6 iyunda viloyat hokimiga murojaat qildik. E.Turdimov bu hududda dehqon bozori qurilmasligi va tumanning sobiq hokimi B.Sa'dullayevning 2018 yil 16 fevraldagi qarori bekor qilinishini ma'lum qildi. Bizga 0,5 gektar supermarket va infrastruktura uchun yer ajratish to‘g‘risida mas'ullarga ko‘rsatma berdi. Bayonnoma tuzilib, viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Arxitektura-shaharsozlik kengashi tomonidan yangi bosh loyiha tasdiqlandi.

Tuman hokimi B.Bobonazarov yangi loyiha uchun ham qaror chiqarib bermagach, 12 iyul kuni Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida boshqa tadbirkorlar qatori viloyat hokimiga murojaat qildim. Bu safar E.Turdimov Prezidentimizning 2019 yil 17 iyundagi «Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini asos qilib, sug‘oriladigan yerlarni tadbirkorga ajratib berish mumkin emasligini aytdi.

Vaholanki, biz supermarket qurilishini boshlaganimizda bu qaror mavjud emasdi. Demoqchimanki, sun'iy to‘siqlar bilan ishimiz ortga surildi.

Bugun viloyat va tuman hokimlari chekka qishloqlarga chiqib, har bir fuqaroning muammosiga yechim topishyapti. Shunday paytda Toyloq tuman hokimi o‘n oy rahbar sifatida ishlab, obekt yonidan har kun o‘tib-qaytgan bo‘lishiga qaramay, muammoga yechim topmadi.

Vaqt o‘tgandan so‘ng, ya'ni qurilish ishlari boshlanganidan 1 yil-u 3 oy o‘tib, noqonuniy qaror chiqarilgan, deya muammoni o‘zidan soqit qilishi to‘g‘rimi? Axir tuman va viloyat prokurorlari 2019 yil may oyigacha olib borilayotgan qurilish ishlariga e'tiroz bildirmasdan, ishni davom ettirish to‘g‘risida rasmiy tarzda tuman hokimi va tadbirkorga bir necha marta xat berib kelishgan-ku?

Ayni vaqtda Toyloq iqtisodiy sudi supermarketni buzib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Biz o‘zimizcha qurilish boshlamaganmiz, o‘zimizcha joy tanlamaganmiz. Qurilish uchun shu vaqtga qadar 4,5 milliard so‘m mablag‘ sarfladik. Shuncha mablag‘ va mehnatga kuyib qolyapmiz.  

Yuqoridagi holatlarga asosan «NBU BUNYODKOR INVEST» MChJga qilgan murojaatimiz biror natija bermadi. Vaholanki, ushbu tashkilot buyurtmachi hisoblanadi», deyiladi murojaatda.

 

Amaldagi hokimning fikri qanday?

Vaziyat yuzasidan Toyloq tuman hokimi B.Bobonazarov bilan suhbatlashdik.

«Haqiqatan ham Toyloqda bozor masalasi qator noqulayliklarga sabab bo‘lib kelayotgani sir emas. Ayni paytdagi tuman dehqon bozorini yo‘l yoqasidan ichkariga olish va o‘sha hududda zamonaviy bozor qurishni rejalashtirganmiz. Ammo bunday obektlarni aslo suvli yerlarni o‘zlashtirish hisobiga amalga oshirmoqchi emasmiz. Kelgusida ham zarurat tug‘ilsa, suvli yerlarda noqonuniy qurib olingan obektlar aniqlansa, kimgadir yomon ko‘rinsak-da buzishga majbur bo‘lamiz.

«NBU BUNYODKOR INVEST» MChJ hamda «Shuxrat A-Digital» xususiy korxonasi bilan bog‘liq muammo esa sud tartibida hal etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblayman», deydi tuman hokimi.

Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun

Bu mashhur ibora ayni vaziyatga to‘g‘ri kelmoqda.

Xulosa berish fikridan yiroqmiz. Ammo ikkinchi tip supermarket uchun qaror chiqarib, boshqa hududdan qurilishni boshlashga ko‘rsatma bergan hokim va tumanning o‘sha paytdagi mas'ullaridan bir qanchasi ayni paytda o‘z o‘rnida emas. Shu bilan birga, «Shuxrat A-Digital» xususiy korxonasi suvli joydan qurilish boshlaganini ko‘rgan, tasdiqlagan, ruxsat bergan tuman va viloyat darajasidagi rahbarlar ayni paytda ham ishlab turibdi. Buyurtmachi – «NBU BUNYODKOR INVEST» MChJ ham bor.

Insof bilan aytganda, bu o‘rinda faqatgina supermarket qurmoqchi bo‘lgan firma emas, bunga xayrixoh bo‘lgan boshqa tashkilotlar ham tovon to‘lashi kerak, bizningcha.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top