O‘zbekiston | 15:01 / 08.05.2024
6202
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda kvotalar qisqartiriladi

Ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda talabalar qabul qilishni kamaytirib, bo‘shagan kvotalarni muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlarga o‘tkazish taklif etilyapti. Shuningdek, kvotalarni oliygohlar kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi, qabul parametrlarini oliygohlarning o‘zi belgilaydi.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

6 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga oliy ta’lim sohasi bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar taqdimot qilingan edi. 8 may kungi matbuot anjumanida bu takliflar haqida ma’lumot berildi.

Matbuot anjumanida oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori o‘rinbosari Farhod Mirzayev ishtirok etdi.

Ma’lum qilinishicha, oliy ta’limdagi davlat buyurtmasini shakllantirish bo‘yicha quyidagicha takliflar ishlab chiqilgan:

  • davlat buyurtmasi parametrlarini amaldagi oliygohlar kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida tasdiqlash tartibi joriy etiladi;
  • ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarga davlat buyurtmasi qisqartirilib, bu kvotalar ustuvor ravishda muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar orasida taqsimlanadi;
  • 2025 yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash va ularga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi (amalda 1 yil);
  • oliygohlar moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibidan kelib chiqib, keyingi o‘quv yili uchun umumiy qabul parametrlarini (grant va kontraktga ajratmagan holda) bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha shakllantiradi;
  • davlat buyurtmasi asosida grant o‘rinlari har bir yo‘nalish uchun respublika bo‘yicha to‘plangan ballar ketma-ketligiga ko‘ra abituriyentlarning tanloviga muvofiq amalga oshiriladi.

Mavzuga oid