Avtomototransport vositalarini onlayn auksion yo‘li bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini soddalashtirish hamda tizimning ochiqligi va shaffofligini oshirishga doir qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab “E-auksion” elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlar ishtirokchilariga, shu jumladan, chet el fuqarolariga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati masofadan bepul taqdim qilinadi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan obektlarni auksionga chiqarish uchun to‘lanadigan yig‘im bekor qilinadi.
Qarorga muvofiq, sotilgan obektning qiymati BHMning 5000 baravari (1 mlrd 225 mln so‘m)gacha bo‘lganda, to‘lovlarni 10 ish kuni, 5000 baravariga teng yoki undan ortiq bo‘lganda to‘lovlarni 15 ish kuni mobaynida to‘lash imkoniyati yaratiladi. Basharti, auksion g‘olibi to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortgan taqdirda, g‘olib hamda uning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sischilari hisoblangan shaxslar nohalol ishtirokchi sifatida elektron savdo platformasidagi auksionlardan chetlatiladi. Bunda, to‘lovlarni to‘lamaslik holati birinchi marta sodir etilganda bir yil muddatga, ikkinchi marta takrorlansa muddatsiz davrga auksionlardan chetlatiladi.
Auksion o‘tkazish to‘g‘risidagi xabar u o‘tkaziladigan kundan 30 kun oldin e'lon qilinadi. Avvalgi tartibga ko‘ra, davlat aktivlarini sotishda 30 kun, ijaraga berishda esa 15 kun oldin e'lon qilinishi lozim edi.
Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini elektron onlayn-auksion yo‘li bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi. Bunda elektron onlayn-auksion natijasiga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, yer uchastkalarini auksionga investitsiya kiritish sharti bilan chiqarish tartibi bekor qilinadi.
Qarorda obektlar, shu jumladan, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionda sotib olib, qisqa muddat davomida undan foydalanmagan holda ularning oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni aniqlab, savdolardan chetlatish choralari ko‘rilishi belgilandi.
Elektron onlayn-auksion ishtirokchilari huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash maqsadida quyidagi tartiblar joriy etiladi:
- 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab auksion natijalari bo‘yicha pul mablag‘lari Markazning maxsus hisob raqamida yig‘iladi va auksion g‘olibi tomonidan obekt qabul qilinganligi tasdiqlangandan so‘ng, ular buyurtmachi hisob raqamiga o‘tkaziladi;
- ijro hujjatlari bo‘yicha avtomototransport vositalarini realizatsiya qilish uchun o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion natijalari haqidagi bayonnoma uni taqiqdan yechish, shuningdek, auksion g‘olibi nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish (hisobga qo‘yish) uchun asos hisoblanadi. Bunda, majburiy tartibda undirish uchun yuborilmagan ma'muriy jarimalarni to‘lash majburiyati avtomototransport vositasining sobiq egasi zimmasida qoladi;
- elektron onlayn-auksionni tashkil etish va o‘tkazish tartibidan tashqari bo‘lgan tartib-taomillarga rioya qilinmaganligi uchun auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani bekor qilish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mavzuga oid
20:12 / 08.04.2024
Ramazon hayiti 10 aprel kuni nishonlanadi
15:56 / 01.02.2024
Xususiy maktablar ochishni rag‘batlantiruvchi choralar belgilandi
21:13 / 11.07.2023
Maydoni 2000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarish tartibi belgilandi
23:36 / 12.04.2023