Jahon | 14:30
1684
9 daqiqa o‘qiladi

AQShni ogohlantirgan Eron, hokimiyatni egallashda ayblanayotgan Tashiyev va G‘azoga yordam flotiliyasini to‘xtatgan Isroil – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eron AQShni «og‘riqli zarbalar» bilan ogohlantirdi

Payshanba oqshomida Eron poytaxtining ayrim hududlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishladi. Tasnim agentligi xabariga ko‘ra, mudofaa tizimlari kichik dronlar va uchuvchisiz kuzatuv apparatlariga qarshi harakat qilgan.

Shu kuni Eron Islom inqilobi muxofizlari korpusi yuqori martabali mulozimi har qanday yangi hujum, hatto u cheklangan bo‘lsa ham, AQShning mintaqadagi bazalariga «uzoq va og‘riqli zarbalar» berishga olib kelishidan ogohlantirdi. Aerokosmik kuchlar qo‘mondoni Majid Musaviy esa: «mintaqaviy bazalaringiz bilan nima bo‘lganini ko‘rdik, endi harbiy kemalaringiz bilan ham xuddi shunday holat takrorlanishini ko‘ramiz», dedi.

Oliy rahbar Oyatulloh Mujtaba Xominaiy o‘z murojaatida Tehron bo‘g‘oz ustidan nazoratni saqlab qolish niyatida ekanini ta’kidladi: «Manfaatparastlik va yovuzlik bilan harakat qilish uchun minglab kilometr masofadan kelgan xorijliklarga Fors ko‘rfazining tubidan boshqa joy yo‘q», dedi yangi rahnamo.

AQSh ma’muriyati mulozimining Reutersʼga ma’lum qilishicha, prezident Donald Tramp payshanba kuni Eronni muzokaralarga majburlash maqsadida yangi harbiy zarbalar rejasi bo‘yicha hisobot olgan. Bunday variantlar uzoq vaqtdan beri AQSh rejalashtirishining bir qismi bo‘lib kelgan.

Axios xabariga ko‘ra, Trampga taqdim etiladigan variantlar orasida bo‘g‘ozni ochish maqsadida quruqlikdagi qo‘shinlardan foydalanib, uning bir qismini egallab olish rejasi ham bor. Shuningdek, blokadani kengaytirish yoki bir tomonlama g‘alaba e’lon qilish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, Tramp payshanba kuni o‘z partiyasini tashvishga solayotgan benzin narxi – urush tugashi bilan «toshdek qulashini» aytdi. Eronni huquqbuzarliklarda ayblashda davom etgan bo‘lsa-da, Tramp FIFA prezidenti talabi bilan Eronning AQShdagi Jahon chempionatida ishtirok etishiga qarshi emasligini bildirdi.

Bugun, 1 may kuni AQSh hukumatida «Urush vakolatlari rezolyutsiyasi»ga binoan urushni tugatish yoki uni uzaytirish bo‘yicha 60 kunlik qonuniy muddat tugaydi. Biroq Oq uy mulozimi 8 apreldagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tufayli avvalgi harbiy harakatlar tugatilgan deb hisoblanishini aytmoqda.

Qirg‘izistonda Tashiyevga ayblov qo‘yildi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevga nisbatan hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.

Joriy yil 10 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov kutilmaganda Tashiyevni lavozimidan ozod etgan edi. Besh yil birgalikdagi boshqaruvdan so‘ng «ikki do‘st»ning yo‘llari ayrilgan ko‘rinmoqda.

30 aprel kuni advokat Ikramidin Aitkulovning ma’lum qilishicha, Tashiyevga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha ayb e’lon qilingan. Xususan, 326-modda: «hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallash yoki ushlab turish, shuningdek, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga urinish». Shuningdek, 337-modda: «mansab vakolatini suiiste’mol qilish».

29 apreldagi bayonotida Tashiyev o‘z tarafdorlarini «qonun doirasida» qolishga chaqirdi va oqlanishiga ishonch bildirdi. Tashiyev hozircha hibsga olinmagan, biroq shaharni tark etmaslik haqida ko‘rsatma olgan.

Tashiyev ishdan bo‘shatilganidan beri uning oilasi va sheriklariga nisbatan korrupsiya ayblovlari ilgari surildi, jiyani va ukasi hibsga olindi.

Ish tafsilotlari rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, Qirg‘iziston OAVlari bu ish «75 kishining murojaati» bilan bog‘liqligini yozmoqda. Bu Tashiyev ishdan ketishidan oldin tarqalgan ochiq xat bo‘lib, unda hukumatdan navbatdagi prezidentlik saylovlarini 2027 yil yanvar o‘rniga 2026 yilga ko‘chirish so‘ralgandi.

Qirg‘iziston o‘zining notinch siyosiy tarixi — 30 yil ichida 3 ta inqilob bilan mashhur. Japarovning o‘zi ham aynan shunday g‘alayonlar natijasida hokimiyatga kelganini hisobga olsak, uning hukumati har qanday siyosiy harakatlanishdan xavfsirashi ajablanarli emas.

Isroil G‘azoga yordam flotiliyasini to‘xtatdi

30 aprel kuni G‘azo sektoriga navbatdagi insonparvarlik yordamini olib ketayotgan flotiliyaning 22 qayig‘i Gretsiya yaqinidagi xalqaro suvlarda Isroil tomonidan to‘xtatildi. «Global Sumud Flotilla» tashkilotchilari ushbu harakatni «qaroqchilik» deb qoralab, bortdagilar G‘azodan 965 km uzoqlikda, noqonuniy qo‘lga olinganini aytdi.

Flotiliya rasmiylarining aytishicha, Isroil harbiy-dengiz kuchlari zo‘ravonlik reydi paytida turli qayiqlarni «tizimli ravishda ishdan chiqargan».

«Butun dunyodan 180 dan ortiq tinch aholi vakillari bevosita hujumga uchradi. Ishtirokchilarni ushlab, dvigatelni pachaqlab va aloqani uzib qo‘yganidan so‘ng, [Isroil kuchlari] ishtirokchilarni o‘g‘irlab yoki tinch aholini yaqinlashib kelayotgan kuchli bo‘ron yo‘lida elektrsiz, buzilgan kemalarda qasddan tashlab, ortga chekindi», deyiladi tashkilot bayonotida.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi 175 ga yaqin faol qo‘lga olinganini bildirdi va ular kechroq «Gretsiya sohiliga tushirilishini» aytdi. Isroil o‘z harakatlari xalqaro huquq normalariga mos kelishini ta’kidlab, kemalar soni ko‘pligi va keskinlik xavfi tufayli erta chora ko‘rish talab etilganini bildirmoqda.

Flotiliyadagi qolgan 36 ta qayiqning aksariyati hozirda Kritning janubiy qirg‘oqlari yaqinida joylashgan. Flotiliya ikki hafta oldin 58 ta qayiq bilan yo‘lga chiqqandi.

Gretsiya ushbu yo‘lovchilarni qabul qilib, ularni uylariga xavfsiz qaytarishga tayyorligini bildirdi. Italiya va Yevroittifoq kemalarning egallab olinishini qoraladi.

O‘tgan yil oktyabr oyida Isroil Sumud flotiliyasini ham to‘xtatib, 470 kishini hibsga olgandi. Keyinchalik ular vatanlariga qaytarilgan. G‘azo o‘n yillardan buyon Isroilning dengiz va quruqlikdagi blokadasi ostida qolmoqda.

Tuapseda yana dron hujumi

Juma kuni tunda Krasnodar o‘lkasiga Ukraina dronlarining hujumi natijasida Tuapse shahridagi dengiz terminali hududida yana yong‘in yuz berdi. Jabrlanganlar yo‘qligi aytilmoqda.

Voqea joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda. Yong‘inni o‘chirishga jami 128 kishi va 41 ta texnika jalb qilingan. Bu so‘nggi ikki hafta ichida ushbu dengiz portiga uyushtirilgan to‘rtinchi dron hujumidir.

Qora dengiz bo‘yidagi Tuapseda neft dengiz terminali va neftni qayta ishlash zavodi joylashgan bo‘lib, ular yagona ishlab chiqarish majmuasini tashkil etadi.

28 aprel kuni Ukrain dronlari shahardagi neft infratuzilmasiga uchinchi marta hujum qilgan edi. O‘shanda rezervuarlarning biridan yonayotgan neft to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chaga oqib chiqqan.

Hududda ekologik falokat yuz berishi mumkin: havo juda ifloslangan, toza suv tanqisligi yuzaga kelmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tuapsedagi vaziyatga faqat uchinchi hujumdan so‘ng munosabat bildirdi. U potensial ekologik xavflarni tan oldi, biroq o‘lka gubernatori so‘zlariga tayanib, «jiddiy xavf yo‘qligini» qo‘shimcha qildi.

Aholi ijtimoiy tarmoqlarda rasmiylarning «vaziyat nazorat ostida» degan va’dalariga shubha bilan qaramoqda. Masalan, «Rospotrebnadzor» rahbari «sog‘liq uchun xavf yo‘qligini aytgan video»ga foydalanuvchilardan biri: «O‘zi biznikiga kelib, toza havomizdan bir yutib ko‘rmaydimi?» deb izoh qoldirgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid