12:47 / 02.11.2019
4
10396

Deputat qishki mavsumda energoresurslar ta'minotida uzilishlar bo‘lmasligi borasida hukumatdan kafolat so‘radi

Joriy yilning 31 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat dasturining 2019 yil III choragida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisoboti tinglandi. 

Majlisda deputat Behzod Ortiqov 2019–2020-yilgi qish mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rilgani, joylardagi energoresurslar to‘liq ta'minlanishi yuzasidan nimalar qilingani bilan qiziqdi va hukumatdan o‘tgan yilgi mavsumdagidek uzilishlar takrorlanmasligi uchun kafolat berilishini so‘radi. 

Behzod Ortiqov

«Oldimizda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini energoresurslar bilan uzluksiz ta'minlash borasida biz katta bir dasturni belgilab olganmiz. Aniq raqamlar bilan aytib o‘tadigan bo‘lsam, bu yil respublikamizda bir yarim million tonnaga yaqin import ko‘mir olib kiramiz. Bundan tashqari, yangi uchta elektrostansiyamizda energobloklar qabul qilinishi munosabati bilan 1350 megavatt quvvatlar hosil bo‘ladi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, bu yilgi kuz-qish mavsumi o‘tgan yilgi mavsumga nisbatan 7,6 foizga ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste'molchilarga yetkazib beriladi. Ma'lumot uchun avvalgi yillarda yillik o‘sish sur'ati 2-2,1 foizni tashkil etib kelgan», - deydi energetika vazirining o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev.

Sherzod Xo‘jayev

Energetika vazirining o‘rinbosari kuz-qish mavsumida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini tabiiy gaz bilan ta'minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, tabiiy gaz bilan ta'minlangan hududlarda bosim tushib ketishining oldini olish va uzluksiz ta'minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, tabiiy gaz yetkazib berilishida shubha bo‘lgan hududlarda suyultirilgan gaz bilan ta'minlash darajasini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan, ya'ni yangi taqsimlash punktlari qurilgan, olis aholi punktlariga suyultirilgan gazli ballonlarni yetkazib berish uchun kerakli maxsus texnika xarid qilingan. Bundan tashqari, suyultirilgan gazning miqdori ham oshirilib, qo‘shimcha 30 ming tonna ichki bozorda aholiga yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

«Kelgusida energoresurslar ta'minotida uzilishlar bo‘ladimi-yo‘qmi degan savolga javoban aytishim mumkin, biz 2030 yilga qadar iqtisodiyot tarmoqlari va aholini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta'minlash konsepsiyasini ishlab chiqdik va unga ko‘ra biz 2030 yilgacha qo‘shimcha qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini kuchga kiritishimiz, ya'ni qurib amaliyotga tatbiq etishimiz hamda qancha qo‘shimcha tabiiy gaz uglevodorodlarini qazib olishimiz belgilab olingan. Misol sifatida aytishim mumkinki, 2030 yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi bugungi kunga nisbatan 1,9 barobar ortadi, yillik o‘sish sur'ati 7 foizdan kam bo‘lmaydi va bunda biz albatta tabiiy gaz bilan ta'minlanganligimiz chegaralangan bo‘lgani uchun alohida e'tiborni qayta tiklanuvchi energiya manbalariga qaratishimiz kerak. 2030 yilga qadar yilma-yil jami 5000 megavatt quyosh elektr stansiyalarini va 3000 megavatt shamol elektr stansiyalarini qurib bitirishimiz xususiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga hamda ularda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini jami umumiy hajmdagi ulushini 25 foizga yetkazishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz», - dedi Sh. Xo‘jayev.

Unga ko‘ra, Energetika vazirligining issiqlik elektr stansiyalari bo‘yicha dasturi shundan iboratki, bugungi kunda 55 mlrd kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, 2030 yilga kelib bu ko‘rsatkich 55 mlrd kilovatt/soatni tashkil etadi. Shu bilan birga, yoqilg‘i sarfi bugungi kundagiga nisbatan 25 foizga qisqartirishga erishiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top