O‘zbekiston | 18:23 / 28.03.2017
37337
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim jarayoni qanday bo‘ladi?

2017 yilning 28 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida “Oliy ta'limdan keyingi ta'limning istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Tadbirda ta'lim tizimida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish yo‘lida qilingan ishlar haqida ma'lumotlar berildi. 

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limni yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi 2017 yil 16 fevraldagi PF-4958-sonli farmoniga asosan mamlakatimizda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limning uch yilga mo‘ljallangan ikki bosqichli tizimga o‘tishi joriy etildi. 

Unga muvofiq, 2017 yilning 1 iyulidan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim ikki pog‘onali bo‘ladi: 

1. Dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi Tayanch doktorantura;

2. Dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktorantura tizimi.

Kimlarga ilmiy darajalar beriladi?

Tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi magistr darajasiga yoki mutaxassislik dasturlari bo‘yicha oliy ma'lumotga ega bo‘lgan yoxud tibbiyot fanlari uchun klinik ordinaturani tugatgan va o‘rnatilgan talablar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani himoya qilgan shaxslarga beriladi.

Fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi esa fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki xorijiy davlatlarda berilgan, unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega bo‘lgan va o‘rnatilgan talablar bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani himoya qilgan shaxslarga beriladi.

Kimlar qabul qilinadi? 

Tayanch doktoranturaga o‘rnatilgan talablarga muvofiq magistr darajasiga yoki oliy ma'lumotga (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha) ega bo‘lgan yoxud klinik ordinaturani tugatgan (tibbiyot fanlari uchun) shaxslar qabul qilinadi.

Doktoranturaga fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoki xorijiy davlatlarda berilgan, unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi. 

Shuningdek, o‘rnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan, magistr darajasiga yoki oliy ma'lumotga (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha) ega bo‘lgan yoxud klinik ordinaturani tugatgan (tibbiyot fanlari uchun) shaxslarga ham falsafa doktori (PHD) ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsat beriladi.

Mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan, falsafa doktori (PhD) yoki fan nomzodi yoki xorijiy davlatlarda berilgan, unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalarga ega bo‘lgan shaxslarga ham fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini olish uchun Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsat beriladi.

Hozirgi kunda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limga qo‘yiladigan davlat talablari va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim to‘g‘risidagi Nizom ishlab chiqilmoqda.

 

Mavzuga oid