Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada «Krokus» terakti ishi bo‘yicha 15 nafar sudlanuvchiga umrbod qamoq jazosi so‘raldi
2024 yil 22 mart kuni Moskva viloyatining Krasnogorsk shahridagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan teraktda 146 kishi halok bo‘lgan, 550 nafardan ortig‘i jarohatlangan edi. Jinoyat ishi bo‘yicha 19 nafar shaxs sudlanmoqda, ularning 15 nafariga umrbod qamoq jazosi so‘raldi.
Foto: EPA/TASS
Rossiya Bosh prokuraturasi «Krokus Siti Xoll»dagi teraktning to‘rt nafar ijrochisini umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni so‘radi, deb xabar berdi RBK.
Tojikistonlik Shamsiddin Fariduniy, Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov va Saidakromi Rajabalizoda Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari, jumladan, terakt sodir etishda ayblanmoqda.
«RIA Novosti» nashriga ko‘ra, ish bo‘yicha o‘tayotgan 19 nafar shaxsdan 15 nafariga umrbod qamoq jazosi so‘ralgan. Prokuror so‘ragan eng kam muddat - 19 yil ekani aytilmoqda.
Shuningdek, ish bo‘yicha Shahromjon Gadoyev, Zubaydullo Ismoilov, Husayn Hamidov, Muhammad Zoir Sharipzoda, Yoqubjoni Davlatxon Yusufzoda, Nazrimad Lutfulloiy, Jumaxon Qurbonov, Husen Medov, Jabroil Aushev, Alisher Qosimov, Umedjon va Mustaqim Soliyevlar, Isroil Islomov, Dilovar va Aminjon Islomovlar ham ishtirok etmoqda. Ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.
Tergov versiyasiga ko‘ra, «Krokus»ga hujumni IShID tarkibiga kiruvchi «Viloyati Xuroson» terrorchilik tashkiloti uyushtirgan. Shu bilan birga, tergovchilarning ta’kidlashicha, tashkilotda xorijiy maxsus xizmatlar ishtirok etgan va hujum «Ukraina oliy rahbariyati manfaatlarini ko‘zlab» uyushtirilgan. Terakt tashkilotchilari haligacha topilmadi. Ish bo‘yicha ikki mingdan ortiq kishi jabrlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 22 mart kuni Moskva viloyatining Krasnogorsk shahridagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan teraktda 146 kishi halok bo‘lgan, 550 nafardan ortig‘i jarohatlangan edi. To‘rt nafar qurollangan shaxs konsert zaliga bostirib kirib, tomoshabinlarga qarata o‘q uzdi va binoga o‘t qo‘ydi. Oqibatda «Krokus» binosi butunlay yonib ketdi.
Mavzuga oid
20:38 / 31.03.2026
Moskvada 7 yoshli qiz 88 ming dollarni tashlab yubordi
11:29 / 26.03.2026
Moskvada kurerlarni robotlar bilan almashtirish rejalashtirilmoqda
09:35 / 17.03.2026
Moskvaga dronlar bilan ommaviy hujumlar davom etmoqda
10:21 / 14.03.2026