Jahon | 09:35
2228
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvaga dronlar bilan ommaviy hujumlar davom etmoqda

Moskva tomon yo‘nalgan o‘ttizdan ortiq uchuvchisiz apparat 16 mart kechqurun va 17 martga o‘tar kechasi havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan urib tushirildi, deb xabar qildi poytaxt meri Sergey Sobyanin.

Foto: Aleksandr SHCHerbak / TASS

17 mart, seshanbaga o‘tar kechasi Sergey Sobyanin Telegram’da e’lon qilgan xabarlarga ko‘ra, 16 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 22:00 dan 17 mart kuni 6:20 gacha havo hujumidan mudofaa vositalari jami 39 ta dronning Moskvaga qarab uchgan hujumlarini bartaraf etgan.

Dronlar qaysi obektlarni nishonga olgan bo‘lishi mumkinligi va ular Moskva viloyatining qaysi tumanlari ustida urib tushirilgani postlarda ko‘rsatilmagan. Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov esa xabar chop etilgan vaqtga qadar bu hujumlarga hech qanday izoh bermagan.

16 mart ertalab Sergey Sobyanin o‘tgan ikki sutka mobaynida «HHM kuchlari to‘g‘ridan to‘g‘ri Moskvaga yaqinlashishda va Moskva tomon yo‘nalishdagi ikkinchi chegarada taxminan 250 ta dushman dronini yo‘q qildi», deb hisobot bergan edi. Rossiyaning davlat axborot agentligi TASS ta’kidlashicha, 14–16 mart kunlari Moskvaga qilingan hujum so‘nggi bir yil ichidagi eng ommaviy hujum bo‘lgan.

17 martga o‘tar kechasi Belgorod viloyatidagi Korocha shahri dronlardan zarar ko‘rdi, deb xabar qildi mintaqa gubernatori Vyacheslav Gladkov. Uning tushuntirishicha, ijtimoiy obekt yaqinida dron portlashi natijasida besh kishi jabrlangan, ammo u gap aynan qaysi bino haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan. Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, jabrlangan besh kishining barchasi kasalxonaga yotqizilishdan bosh tortgan.

Bryansk viloyatida esa tundagi dronlar hujumi oqibatida uch kishi yaralangan, deb yozdi mintaqa gubernatori Aleksandr Bogomaz o‘zining Telegram-kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchta turar joy uyi va bitta avtomobil shikastlangan.

Leningrad viloyatining janubi-g‘arbi ustida 17 mart erta tongda to‘rtta dron urib tushirilgan, deb ma’lum qildi mintaqa gubernatori Aleksandr Drozdenko. U dronlarni yo‘q qilish oqibatlari haqida hech qanday ma’lumot bermagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid