Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Majburiy avtosug‘urta: jabrlanuvchilarga to‘lanadigan pul miqdori ikki barobarga oshiriladi. Bu nimani anglatadi?
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tariflarini, shu jumladan, sug‘urta pulini ham indeksatsiya qilishni nazarda tutadigan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Majburiy avtosug‘urta nima va u nima uchun kerak? U qayerda paydo bo‘lgan? Sug‘urta puli nima?
Foto: Shutterstock
Avtosug‘urta avvalo, yo‘l-transport hodisalariga uchragan odamlarni himoya qilish uchun kerak. Sodda qilib aytganda, agar siz o‘z mashinangizda boshqa avtomobilni, do‘kon vitrinasini, to‘siqni urib yuborgan yoki shikastlagan bo‘lsangiz va YTHda aybdor deb hisoblansangiz, sug‘urta kompaniyasi jabrlanuvchilarga ushbu zararlarni sug‘urta summasi doirasida to‘lab beradi.
Majburiy avtosug‘urta yo‘l harakatining boshqa ishtirokchisi YTHda aybdor deb topilmagan bo‘lsa, unga yetkazilgan zararni qoplashni kafolatlaydi.
Sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda yetkazilgan zararning o‘rnini uning doirasida jabrlanuvchiga qoplash majburiyatini oladigan summa sug‘urta puli deyiladi.
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish 1920-yillarda AQShda paydo bo‘lgan va 1940-1950-yillarda Yevropada (keyinchalik dunyoning qolgan qismida) juda keng tarqalgan javobgarlikni sug‘urta qilish turi. Bunda transport vositasidan foydalanish paytida jabrlanuvchilarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligi xavfi bilan bog‘liq mulkiy manfaatlar sug‘urta obektidir.
Majburiy avtosug‘urta barcha mamlakatlarda transport vositalari egalari tomonidan yetkazilgan zararni qoplash uchun moliyaviy kafolatlarni yaratishga qaratilgan ijtimoiy chora va yo‘l harakati xavfsizligini oshirishning moliyaviy vositasi sifatida joriy etilgan. Bunday sug‘urta dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, shuningdek, «yashil karta» deb nom olgan transmilliy shartnomalar doirasida amal qiladi.
Jahon amaliyotida avtosug‘urta juda boy tarixga ega, eng hayratlanarlisi, sug‘urtalangan birinchi avtomobil egasining nomi tarix sahifalarida saqlanib qolgan. 1898 yil 1 fevralda, AQShda avtomobil ixtiro qilinganidan uch yil o‘tib, amerikalik Martin Trumen birinchi mashinani Amerikaning Travelers Insurance Company sug‘urta kompaniyasida sug‘urta qilgan.
Trumen 500 dollarlik sug‘urta polisi uchun 12,25 dollar to‘laydi. Polisning narxi ancha yuqori edi, lekin Trumenni tushunish mumkin: o‘sha paytlarda avtomobil butun mamlakat bo‘ylab bir necha ming kishi sotib olishi mumkin bo‘lgan hashamatli narsa edi, otlar esa 20 milliondan ortiq edi. Trumen ana shu ko‘p sonli «ot-ulov transporti» bilan to‘qnashishdan qo‘rqadi.
Yigirmanchi asrning 20-yillarida Ford konveyerining ishga tushishi hamma narsani o‘zgartirib yubordi. Yo‘llarda avtotransport vositalari sonining keskin ko‘payishi tufayli yuzaga kelgan haqiqiy xavf ehtimoliy zararni sug‘urtalashni talab qildi. O‘shanda aslida o‘z avtomobillarini ixtiyoriy sug‘urta qilishdan tashqari, mashina egalarining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish g‘oyasi tug‘ildi. Massachusets shtati bu borada kashshof bo‘ldi. 1925 yilda bu shtat birinchi bo‘lib har qanday avtomobil uchun majburiy sug‘urtani talab qildi. Tez orada boshqa shtatlar ham undan o‘rnak olishdi. Avtomobil sug‘urtasi yot g‘oya bo‘lib qolmadi, chunki baribir o‘sha yillarda avtomobil harakatlanish vositasidan ko‘ra ko‘proq hashamat hisoblanar va hech kim o‘zi yoki boshqalarning aybi bilan katta zarar ko‘rishni xohlamasdi.
50-yillarning boshlariga kelib, deyarli barcha Yevropa mamlakatlari «avtofuqarolik» javobgarligini majburiy qilib qo‘ydi. O‘sha paytda sug‘urta polislarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma – «yashil karta» xalqaro tizimi paydo bo‘ldi. Uning nomi dastlabki polislarning yashil rangidan kelib chiqqan.
«Yo‘l hujjati» qabul qilinganiga qariyb 100 yil bo‘lganiga qaramay, aksariyat normalar o‘z dolzarbligini saqlab qolgan va hozir ham qo‘llanmoqda.
Kundalik hayotimizda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va chet eldan import qilingan o‘rta va yuqori komfort klassdagi ko‘plab avtomobillarni uchratish mumkin.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillar soni 2024 yil 1 yanvar holatiga 4 mln 20 ming 744 tani tashkil etdi. Bir yil davomida ko‘rsatkich salkam 400 mingtaga ko‘paygan. Shundan aholiga tegishli jami avtotransport vositalarining 93 foizi yengil avtomobillar hisoblanadi.
Bu esa yo‘llarda harakatlanish tig‘izligini oshirmoqda va yo‘l-transport vositalarining ko‘payishiga ham sabab bo‘lmoqda. Yo‘l-transport hodisasi yuz bergan taqdirda mazkur avtomobillarni tiklash xarajatlari ko‘p hollarda belgilangan summadan ancha ko‘proq mablag‘ni talab qiladi va bunda qolgan summani zarar yetkazgan shaxslardan fuqarolik tartibida undirishdek o‘ziga xos jarayonni taqozo etadi.
Qonunchilikda jabrlanuvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilganda sug‘urta tovonining miqdori sug‘urta pulining 65 foizini, jabrlanuvchining mol-mulkiga zarar yetkazilgan taqdirda esa sug‘urta tovonining miqdori sug‘urta pulining 35 foizini tashkil etishi belgilangan. Ana shu nuqtai nazardan sug‘urta pulining amaldagi 40 million so‘mdan 80 million so‘mga indeksatsiya qilinishi jabrlanuvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga, shuningdek, mol-mulkiga zarar yetkazilganda sug‘urta tovoni miqdorining mutanosib ravishda ikki barobar oshirilishiga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
16:10 / 27.10.2025
Radarlar qayd etgan qoidabuzarliklar uchun ham jarima ballari yoziladi
00:58 / 24.10.2025
Andijonda haydovchi uxlab qolishi oqibatida YTH sodir bo‘ldi
14:19 / 22.10.2025
Mirzo Ulug‘bek tumanida YTH: Nexia-3 va Matiz to‘qnashdi
08:44 / 21.10.2025