O‘zbekiston | 16:32 / 30.06.2025
2221
2 daqiqa o‘qiladi

YaTTlarga zargarlik buyumlarini sotishga ruxsat beriladi

2025 yil 1 sentabrdan boshlab, zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanish uchun yuridik shaxs ochish shart bo‘lmaydi: yakka tartibdagi tadbirkorlarga bu faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, qimmatbaho metallarga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslar rag‘batlantiriladi.

Foto: Sergey Pyatakov

«Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan quyidagilar bekor qilinadi:

- qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani QQSdan ozod qilishga oid imtiyoz;

- oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im.

2028 yil 1 yanvargacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga QQS 80 foizi har oyning 25-sanasigacha avtomatik ravishda respublika budjetidan qaytariladi.

2025 yil 1 sentabrdan:

- Yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi;

- Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamg‘alash bo‘yicha sayyor xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;

- qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida «Soliq» mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.

Mavzuga oid