Soch to‘kilishi

Ko‘pchilik uchun bu holat faqat tashqi ko‘rinishdagi noqulaylikdek tuyulib, estetik muammo sifatida qabul qilinadi Aslida soch to‘kilishi ichki muvozanat buzilganidan darak beradi, unga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan biri temir tanqisligi, ya’ni kamqonlikdir. Tanamizda gemoglobin miqdori kamayganda to‘qima va a’zolar, jumladan, soch ildizlari ham kislorodga to‘yinmaydi. Ushbu vaziyat sochlarning o‘sishini sekinlashtiradi, follikulalarni zaiflashtiradi va soch to‘kilishini kuchaytiradi.

Soch o‘sishining tabiiy ritmini qalqonsimon bez faoliyati ham boshqaradi. Gipotireoz (qalqonsimon bez gormonlari yetishmovchiligi) holatida soch hujayralarining yangilanishi sekinlashadi, follikulalar “uyqu” rejimiga o‘tadi va tolalar zaiflashadi.

Bundan tashqari, gormonal muvozanatdagi o‘zgarishlar, ayniqsa, polikistik tuxumdon sindromi (PTXS) yoki menopauza davri ayollarda kuchli soch to‘kilishini yuzaga keltiradi. Tanada sink, biotin, temir, D vitamini va B guruhi vitaminlari tanqisligi ham soch to‘kilishini yuzaga keltiradi.

Qazg‘oq

Sochdan oqish rangli parchalar yelkaga to‘kilsa, ko‘pchilik uni darhol shampun yoki niqoblar bilan bartaraf etishga urinadi. Aslida bu teri ostidagi muammo. Tibbiy izlanishlarga ko‘ra, qazg‘oq bosh terisida “malassezia” deb nomlangan zamburug‘larning keragidan ortiq ko‘payishi natijasida paydo bo‘ladi. Ushbu zamburug‘lar aslida har bir odamda tabiiy holatda mavjud, muammo ularning haddan tashqari faollashuvi va immun tizimning bunga qarshi kurasha olmasligida. Aynan shu holatni yuzaga keltiruvchi omillardan biri organizmda A, E va B guruhi vitaminlarining yetishmovchiligi hisoblanadi. Masalan, B6 va B7 (biotin) tanqisligi bosh terisi hujayralarining yangilanish jarayonini sekinlashtirib, yog‘ bezlari faoliyatini izdan chiqaradi. E vitamini teri qatlamini oksidlovchi stresslardan himoya qiladi, A vitamini bosh terisining himoya funksiyasida muhim rol o‘ynaydi. Tanada ushbu moddalar tanqis bo‘lsa, bosh terisi quriydi, yallig‘lanadi va qazg‘oq yuzaga keladi.

Qazg‘oq ba’zida ichak yallig‘lanish kasalliklarining ilk belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Ichak florasi, ya’ni foydali bakteriyalar muvozanati buzilsa (disbakterioz), organizmda yallig‘lanish kuchayadi, immunitet susayadi va bu bevosita terida aks etadi.

Qalqonsimon bez faoliyatining yaxshi ishlamasligi ham qazg‘oqni yuzaga keltiradi. Gipotireoz holatida tanadagi barcha modda almashinuvi sekinlashadi, teri va soch suvsizlanadi, yog‘ ishlab chiqarish jarayoni izdan chiqadi. Bu esa quruq teri va sinuvchan soch, qayta-qayta paydo bo‘ladigan qazg‘oqni hosil qiladi.