11:22 / 03.04.2019
8192

Xayriya aksiyasi davom etmoqda: “O‘zpaxtasanoat” AJ raisi o‘zi tahsil olgan maktabga kitoblar sovg‘a qildi

Kitob – insonning erkin fikrlashi, dunyoqarashining kengayishi, aqlan yetuk bo‘lishi, ma'naviyatining shakllanishida asosiy o‘rinni egallaydi.

Kitob — insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi hamda bilim manbai. Uni o‘qigan insonning aqli charxlanadi va ma'naviyati yuksalib boradi. Kitobga bo‘lgan muhabbat, uni qadrlash va sevib o‘qish bolalikdan boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning "Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish buyicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Respublikamiz bo‘yicha kitob tarqatish bo‘yicha ko‘pdan-ko‘p aksiyalar uyushtirildi va uyushtirilmoqda, el orasida ardoqli insonlar ibrat tariqasida turli ta'lim maskanlariga tashrif buyurib, bilim va ma'rifat manbalarini ulashmoqdalar.

Ana shunday tadbirlardan biri, navbatdagisi poytaxtda bo‘lib o‘tdi.

“O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Alisher Maqsudov Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi o‘zi tahsil olgan 160 maktabda bo‘lib, “Butunjahon bolalar kitob kuni” tadbirida ishtirok etdi hamda maktab kutubxonasiga turli kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.

Kitoblar o‘quvchilar va ustozlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi va maktab axborot-resurs markazidan joy oldi. Endi ular navbati bilan mutolaa qilinadi.

Ushbu maktabda faoliyat yuritayotgan ustoz-muallimlar hamda o‘quvchilar bunday xayrli ishlar kelajakda o‘z mevasini berishiga katta ishonch bildirdilar.

Top