Jahon | 22:09 / 25.02.2026
5288
8 daqiqa o‘qiladi

Eron biqinidagi armada va ehtimoliy nishonlar. Xaritalar uzra sharh

AQSh Eron atrofida yirik dengiz va havo kuchlarini jamlamoqda. Mintaqaga aviatashuvchilar, raketa tizimlari va qo‘shimcha harbiy kontingent yuborildi. Professor Farhod Karimov Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida ehtimoliy harbiy ssenariylar, ustuvor nishonlar va tomonlarning strategik imkoniyatlarini xaritalar uzra sharhlab berdi.

— AQSh Yaqin Sharqqa qanday kemalar va qurollar yubordi?

Amerika Qo‘shma Shtatlari bir necha oydan buyon Eronga qarshi ehtimoliy harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘ryapti, shuningdek mavjud harbiy bazalarni ham kuchaytiryapti.

AQShning Eronga yaqin hududlarda bir nechta muhim harbiy tayanch nuqtalari mavjud. Ulardan biri Qatarda joylashgan Markaziy qo‘mondonlik (CENTCOM) bazasi bo‘lib, mintaqadagi aviatsiya kuchlarini boshqaradi. Ehtimoliy operatsiya shtabi aynan shu yerda joylashishi mumkin.

Bundan tashqari, Bahraynda AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti shtabi joylashgan.

Mazkur flot Hind okeani va Arab dengizi hududlaridagi harbiy harakatlar uchun mas’ul hisoblanadi. Quruqlikdagi ehtimoliy operatsiyalar uchun Kuvaytda tayyorgarlik ko‘rilayotgani aytilmoqda. Razvedka faoliyati esa Birlashgan Arab Amirliklaridagi harbiy infratuzilma orqali olib borilishi mumkin. Mintaqaga qo‘shimcha ravishda yirik dengiz kuchlari ham yuborilgan. Ulardan biri “Abraham Lincoln” aviatashuvchisi boshchiligidagi zarba guruhi. Ushbu aviatashuvchi bir nechta kreyser, esminets va fregatlar bilan birga harakatlanadi. Kema bortida o‘nlab zamonaviy samolyotlar, vertolyotlar hamda uchuvchisiz apparatlar joylashgan. Zarurat tug‘ilganda uzoq muddat mustaqil ravishda harakatlana oladi va keng ko‘lamli zarba berish salohiyatiga ega.

Mazkur guruh asosan Hormuz bo‘g‘ozi va Eronning janubiy hududlariga yaqin dengiz hududlarida joylashtirilgan. Agar Eronga tashqi yordam yetib kelishi ehtimoli yuzaga kelsa, ushbu kuchlar bunga to‘sqinlik qilishi yoki zarba berishi mumkin.

Ikkinchi yirik harbiy guruh Atlantika orqali O‘rta Yer dengiziga kirib kelgan. Uning markazida “Gerald Ford” nomli zamonaviy aviatashuvchi joylashgan. U Gretsiyaning Krit oroli yaqinidagi NATO bazasi atrofida joylashtirilgan. “Gerald Ford” AQShning eng yangi aviatashuvchilaridan biri bo‘lib, imkoniyatlari “Linkoln”dan kengroq. U 80 tagacha zamonaviy samolyotni qabul qila oladi va uzoq muddat ko‘chma aviabaza sifatida xizmat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, qo‘shimcha kreyserlar Qizil dengiz hududiga yuborilgani haqida ma’lumotlar mavjud. Ular uzoq masofali “Tomahawk” raketalari bilan jihozlangan. Ayrim manbalarga ko‘ra, operatsiya doirasida yuzlab qanotli raketalar jalb etilishi mumkin.

Kreyserlar odatda qo‘mondonlik va havo-raketa mudofaasi vazifasini bajaradi. Esminetslar tezkor harbiy operatsiyalar uchun mo‘ljallangan. Fregatlar esa kichik va manyovrlarga mos tahdidlarga qarshi qo‘llanadi.

Umuman olganda, mintaqaga ikkita yirik aviatsiya zarba guruhi yuborilishi AQShning hududdagi harbiy infratuzilmasini mustahkamlash va ehtimoliy operatsiyalarga tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilganini ko‘rsatadi.

— AQSh birinchi zarbani qayerga berishni rejalashtirishi mumkin?

Ehtimoliy ssenariylar ko‘p. Biroq “12 kunlik urush” davrida ham, undan keyingi keskin vaziyatlarda ham ayrim obektlar doimiy ravishda tilga olingan. Eronga nisbatan asosiy e’tiroz uning yadroviy dasturi. Shu sababli ehtimoliy zarbalar Eronning yadroviy infratuzilmasiga qaratilishi mumkin. Shuningdek, raketa tizimlari ham ehtimoliy nishon sifatida ko‘rilmoqda. Muzokaralarda ham asosiy masala aynan yadroviy dastur bo‘lib kelgan, raketa masalasini esa ko‘proq Isroil tomoni ko‘tarmoqda.

Natanz – Erondagi eng yirik uranni boyitish markazlaridan biri. U yerdagi yadroviy infratuzilma 12 kunlik urushda ham hujumga uchragan edi. Natanz va uning atrofidagi uranni boyitish inshootlari bu gal ham birinchi navbatdagi ehtimoliy nishon hisoblanadi. Fordo ham uranni boyitish tizimining muhim qismi bo‘lib, uni Natanzning muqobil yoki qo‘shimcha markazi sifatida baholash mumkin. Ehtimoliy ikkinchi zarba aynan shu hududga qaratilishi mumkin.

Bundan tashqari, Eron yadroviy dasturida Isfahon va Aroq shaharlari ham muhim o‘rin tutadi. Isfahonda yadroviy dasturga aloqador tadqiqot institutlari va ilmiy markazlar joylashgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Natanz, Tehron yoki Bushehrdagi loyihalarning ilmiy tadqiqot ishlari aynan Isfahondagi markazlarda olib boriladi. Shu sababli Isfahondagi ilmiy obektlar ham ehtimoliy nishon sifatida ko‘riladi.

Bushehrdagi atom elektr stansiyasi ham tilga olinmoqda. Biroq u tinch atom dasturiga kiradi va uning qurilishida Rossiya ishtirok etgan. Shu bois ustuvor nishon sifatida qaralmaydi va ehtimoli nisbatan past baholanadi. Ammo mojaro chuqurlashib, Eron–AQSh o‘rtasidagi qarama-qarshilik to‘laqonli urush bosqichiga o‘tsa, siyosiy vaziyat o‘zgarishi mumkin va Bushehr ham zarba xavfi ostida qolishi ehtimoldan xoli emas.

Siyosiy va mafkuraviy omillar nuqtayi nazaridan Tehron va uning yaqinidagi Qum shahri ham nazariy jihatdan tilga olinadi. Biroq bunday ssenariy ehtimoli juda past. Tehron — millionlab aholi yashaydigan yirik megapolis. Qum esa shia dunyosining muhim diniy markazi bo‘lib, bu yerda Oyatulloh Xomanaiy istiqomat qiladi. Bu shaharlarga zarba berilishi mojaroning keskin kengayishiga va uni to‘liq urush darajasiga olib chiqishga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Eronning mintaqadagi proksi kuchlari ham ehtimoliy zarba obektlari sifatida ko‘rilmoqda. Harbiy operatsiya davomida Eronga yordam berish yoki flot harakatlariga to‘sqinlik qilish ehtimoli tufayli husiylar yoki Livandagi “Hizbulloh” guruhi nishonga aylanishi mumkin. Agar operatsiya jarayonida “Hizbulloh” faollashib, Isroilga hujum qilsa, unga qarshi zarbalar berilishi ehtimoli mavjud.

Aroq shahrida yirik yerosti harbiy bazalari mavjudligi aytiladi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, raketa zaxiralari aynan shu hududdagi yerosti tunnellarida saqlanadi. Eron armiyasi, xususan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bunday o’bektlar tasvirlarini vaqti-vaqti bilan e’lon qilib keladi. Shu bois Aroqdagi yerosti raketa bazalari ham ehtimoliy nishon sifatida tilga olinmoqda.

Bunday chuqur va mustahkam inshootlarga qarshi og‘ir bombalar va uzoq masofali bombardimonchi samolyotlar qo‘llanishi mumkinligi taxmin qilinadi. Masalan, B-2 turidagi bombardimonchi samolyotlar uzoq masofadan parvoz qilib, bunkerga qarshi zarbalar bera oladi. Ular Qatardagi bazalardan, AQSh hududidan yoki NATOning ayrim aviabazalaridan uchishi mumkin. Biroq Turkiya o‘z hududidan Eronga qarshi har qanday hujumga ruxsat bermasligini bildirgan. Shunga qaramay, AQSh ayrim NATO davlatlarini jarayonga jalb etishga harakat qilayotgani aytilmoqda.

Suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid