Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: «Biz jangdamiz. Bolalar va qariyalarga vaqt yo‘q»
Foto: Evan Vucci/Reuters/FILE
AQSh prezidenti Donald Tramp federal hukumat sog‘liqni saqlash sohasi va bolalar bog‘chalariga emas, mudofaani moliyalashtirishga ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligi, qolgan ishlar bilan shtatlar rasmiylari shug‘ullanishi lozimligini aytdi, deb xabar berdi 2 aprel kuni CNN nashri.
Tramp bu haqda 1 aprel kuni Pasxa bayrami munosabati bilan tashkil etilgan yopiq tushlik vaqtida gapirgan. Uning bu so‘zlari aks etgan videoyozuv Oq uyning yutub-kanaliga qo‘yilgandi, biroz o‘tib uni o‘chirib yuborishdi, ammo rolikni Business Insider jurnalisti ko‘chirib olgan.
O‘z chiqishi vaqtida Tramp Ma’muriy-budjet boshqarmasi boshlig‘i Rassel Vout bilan suhbatini eslagan: «Men Rasselga bolalar bog‘chalariga pul ajratmaslikni, chunki Qo‘shma Shtatlar hozir bolalar bog‘chalari bilan shug‘ullana olmasligini aytdim. Bu shtatlar vakolatida bo‘lishi kerak. Biz bolalar bog‘chalari bilan shug‘ullana olmaymiz. Biz – katta mamlakatmiz. Bizda 50 ta shtat bor. Bizda boshqa odamlar ham juda ko‘p».
Shundan keyin u darhol shunday qo‘shimcha qilgan: «Biz jang qilyapmiz. Bolalar bog‘chasiga vaqt yo‘q». AQSh prezidenti fikricha, bolalar bog‘chalari va sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirish uchun shtatlar soliqlarni oshirishi kerak.
«Biz bolalar bog‘chalari, Medicaid, Medicare – bularning barchasi bilan shug‘ullana olmaymiz, buni shtatlar qila oladi. Federal darajada buning iloji yo‘q. Biz bir ish bilan shug‘ullanishimiz kerak: harbiy mudofaa bilan. Biz mamlakatni himoya qilishimiz kerak. Ammo bu mayda-chuydalar, sodir bo‘lgan barcha mayda-chuyda nayranglar bilan shtatlarning o‘zi shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yishingiz kerak, Rassel», degan Tramp.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 2 aprel kuni Tramp o‘z nutqida «saylangan demokratik amaldorlar yo‘l qo‘ygan ushbu muhim dasturlarda firibgarlikka chek qo‘yish va milliardlab firibgarlik ishlarining ildizini quritish muhimligi haqida gapirgani»ni aytgandi.
CNN qayd etishicha, Tramp chindan ham firibgarlik haqida gapirgan, lekin birinchi navbatda uning nutqi tibbiy dasturlar uchun kim to‘lashi kerakligi haqida bo‘lgan.
Donald Trampning bu so‘zlari Eron bilan urush bo‘yicha millatga qilgan murojaatidan bir necha soat oldin aytilgan. U o‘z murojaatida AQSh g‘alaba qozonishga yaqin turganini ta’kidladi, ammo urush qachon tugashini aytmadi.