Jahon | 14:26 / 19.06.2024
36159
3 daqiqa o‘qiladi

Makkada Haj vaqtida yuzlab ziyoratchilar jazirama issiqdan vafot etdi

Hozirda Saudiya Arabistonida havo harorati soyada 50 darajadan yuqori. Ziyoratchilar ochiq quyoshda piyoda yurib ko‘plab amallarni bajaradi, buning natijasida, ayniqsa, keksa yoshli kishilar quyosh urishidan vafot etyapti.

Foto: Kun.uz

Saudiya Arabistonida Makkaga yillik Haj ziyorati chog‘ida yuzlab odamlar jazirama issiqdan halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda 19 iyun, chorshanba kuni turli OAV diplomatlarga tayanib. Qurbonlarning aniq soni noma’lum, biroq AFP ma’lumotlariga ko‘ra, birgina Haj vaqtida kamida 550 kishi halok bo‘lgan, ulardan 323 nafari Misrdan kelgan ziyoratchilar.

Tunisning Tunis Afrique Presse axborot agentligiga ko‘ra, qurbonlar orasida 35 nafar Tunis fuqarosi ham bor. Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi iordaniyalik ziyoratchilar dafn marosimiga 41 ta ruxsatnoma berilganini e’lon qildi. Eronning IRNA axborot agentligi 11 nafar eronlik halok bo‘lgani, yana 24 nafari kasalxonaga yotqizilganini xabar qildi. Shuningdek, Senegalning uch fuqarosi va Indoneziyaning 144 fuqarosi halok bo‘lgani xabar qilingan. 

Bu odamlarning aksariyati jazirama issiqdan vafot etgan, deb xabar qildi ular qarindoshlari ijtimoiy tarmoqlarda. Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, rasmiylar haddan tashqari yuqori harorat sharoitida ziyoratchilar orasida noodatiy o‘lim holatlarini aniqlamagan. 

Jazirama issiq 

17 iyun kuni Makkadagi Masjid al-Haram masjidida havo harorati soyada 51,8 darajani tashkil qildi, deb xabar berdi Saudiya telekanali. 2700 dan ortiq ziyoratchilarga kuchli issiqlik oqibatida yuzaga kelgan asoratlar tufayli tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Bu yilgi Haj ziyorati 14 iyun kuni boshlanib, 19 iyun oqshomida tugaydi. Saudiya Arabistoni Statistika departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, hajda 1,8 million ziyoratchi ishtirok etyapti.

Oxirgi 30 yil ichida Haj vaqtida yuzlab odamlar tiqilinchlar, chodirlardagi yong‘inlar va boshqa baxtsiz hodisalar tufayli halok bo‘ldi.

Makkaga ziyorat qilish islomning besh arkonidan biridir. Har bir taqvodor musulmon, agar sog‘lig‘i va moddiy ahvoli imkon bersa, umrida kamida bir marta Haj ziyoratini ado etishi shart.

Mavzuga oid