Jahon | 19:27 / 18.10.2025
3330
6 daqiqa o‘qiladi

Hamas G‘azodagi xavfsizlikni nazoratda saqlamoqchi, lekin qurolsizlanishga va’da bermaydi

Hamas oraliq davrda G‘azoda xavfsizlikni ta’minlashni o‘z nazoratida saqlab qolmoqchi, dedi Reutersʼga intervyu bergan harakatning yuqori martabali rasmiysi Muhammad Nazzol. U, shuningdek, guruhning qurolsizlanishga kafolat bera olmasligini aytdi – bu urushni tugatish yo‘lidagi asosiy qiyinchiliklardan biridir.

Muhammad Nazzol Reuters muxbirlari bilan / Foto: Reuters

Hamas siyosiy byurosi a’zosi Muhammad Nazzol Reuters nashriga Trampning sulh bitimi borasida eksklyuziv intervyu berdi. Suhbat guruh siyosiy boshqaruvchilari ancha vaqtdan beri panoh topgan Qatar poytaxti — Dohada bo‘lib o‘tdi.

Muhammad Nazzol guruhning G‘azoda o‘tkazgan jinoyatchilarni jazolash «tadbiri»ni himoya qildi: unga ko‘ra, urush paytida favqulodda chora-tadbirlar zarur bo‘lgan, qatl etilganlar esa odam o‘ldirgan jinoyatchilar edi.

U «Hamas qurollarini topshiradimi?» degan savolga aniq javob bermadi:

«Ha yoki yo‘q deb javob bera olmayman. Ochig‘ini aytsam, bu loyihaning mohiyatiga bog‘liq. Siz aytayotgan qurolsizlanish loyihasi nimani anglatadi? Qurollar kimga topshiriladi?» dedi u.

Nazzolning aytishicha, muzokaralarning keyingi bosqichida muhokama qilinadigan masalalar: qurollar, xavfsizlik va boshqalar – nafaqat Hamas, balki boshqa qurollangan falastinlik guruhlarni ham qamrab oladi. Bu masalalarda barcha falastinliklar umumiy pozitsiyaga kelishi kerak, dedi u.

Nazzol, shuningdek, Hamas garovdagilarning jasadlarini saqlab qolishdan manfaatdor emasligini aytdi.

Uning ma’lum qilishicha, Hamas 28 jasaddan kamida 9 tasini topshirgan, ammo qolganlarini topishda «texnik muammolar» bor. Zarurat tug‘ilsa, Turkiya yoki AQSh kabi qidiruvda yordam beradi. O‘tgan hafta Turkiya rasmiylaridan biri Turkiya Isroil, AQSh, Qatar va Misr bilan birgalikda jasadlarni topish bo‘yicha qo‘shma guruhda ishtirok etishini aytgan edi.

Hamas 4 oktyabrda garovdagilarni ozod qilish va boshqaruvni texnokratik qo‘mitaga topshirishga rozi bo‘lgan, ammo boshqa masalalarni kengroq falastinlik muhitda muhokama qilish zarurligini bildirgan edi. Ular barcha tirik garovdagilarni dushanba kuni ozod qilgan.

Qurolsizlanish uchun bosimlar

Hamas ilgari ham qurolsizlanishni qat’iy rad qilgan. Reuters’ning yozishicha, Nazzolning aynan hozirgi paytdagi bayonoti G‘azoda urushni butunlay to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarni to‘liq amalga oshirishga jiddiy to‘siqlarni ko‘rsatadi.

Uning fikrlari Hamas pozitsiyasi va Donald Trampning G‘azo bo‘yicha rejasi o‘rtasidagi katta tafovutlarni ochib beradi. Tez orada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan muzokaralarda Hamasning qurollari va G‘azo boshqaruvi masalalari muhokama qilinadi.

Falastin davlati umidi

Seshanba kuni Tramp Hamasga «qurolsizlanishi kerak, aks holda biz ularni qurolsizlantiramiz» degan edi. Undan bir kun oldin esa Hamasga G‘azoda ichki xavfsizlik amaliyotlarini vaqtincha olib borishga ruxsat berilganini aytgan.

Muhammad Nazzol / Foto: Reuters

Muhammad Nazzol Trampning so‘zlariga izoh berar ekan, «yerda Hamasning mavjudligi bo‘yicha tushuncha bor»ligini aytdi, ammo bu kimlar bilan kelishilganini ochiqlamadi. Unga ko‘ra, bu xavfsizlik kuchlari – yordam yuk mashinalarini o‘g‘rilar, qurolli to‘dalardan himoya qilish uchun zarur.

«Bu o‘tish davri. Fuqarolik jihatdan, texnokratik ma’muriyat bo‘ladi, dedim. Ammo yerda Hamas bo‘ladi», — dedi u.

Nazzol o‘tish davridan so‘ng saylovlar o‘tkazilishi kerakligini qo‘shimcha qildi. Hamas rasmiysiga ko‘ra, vositachilar Tramp rejasida ilgari surilgan G‘azoga xalqaro barqarorlashtirish kuchini joylashtirish masalasini guruh bilan muhokama qilmagan.

Bundan tashqari, u AQSh rasmiylari bilan uchrashuvlarda uzoq muddatli sulhni taklif qilingani va guruh G‘azoni qayta tiklash uchun kamida 3–5 yillik tinchlik davrini xohlashini aytdi.

«Maqsad kelajakdagi urushga tayyorlanish emas. Xalqimiz mustaqil Falastin davlatini xohlaydi», – deya so‘zini yakunladi Nazzol.

Isroil va AQShning javobi

Isroil bosh vaziri idorasining Reutersʼga bildirgan javobida «hech qanday shartlarga o‘rin yo‘q» dedi:

«Hamas bu bitimga muvofiq qurolsizlanishi lozim – hech qanday 'agar' yoki 'ammo'larsiz. Ular bunga rioya qilmadi. Hamas 20 banddan iborat rejaga amal qilishi kerak. Ularning vaqti tugab bormoqda».

Tramp oldinroq e’lon qilgan rejasiga ko‘ra, Hamas darhol barcha garovdagilarni qaytarishi, shundan so‘ng qurolsizlanish va G‘azodagi boshqaruvni xalqaro o‘tish davri organi nazoratidagi texnokratik qo‘mitaga topshirishi kerak edi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bu rejani qo‘llab-quvvatlab, u Hamasning harbiy salohiyatini yo‘q qilishini va yana hech qachon «Isroil uchun tahdid» bo‘lmasligiga erishmoqchi.

AQSh prezidenti ma’muriyatidan Nazzolning bayonotiga izoh so‘ralganda, Reuters nashri Trampning payshanba kungi so‘zlariga yo‘naltirgan.

«Biz ulardan majburiyat oldik va men ular bu majburiyatni bajarishiga ishonaman», — deya izoh bergandi o‘shanda Tramp. 

Mavzuga oid