19 dekabr, juma kuni Tuffah mahallasida Isroil hujumi oqibatida kamida olti nafar falastinlik halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohatlandi. Al-Jazeera'ning mahalliy manbalarga tayanib yozishicha, Isroil tanklaridan otilgan snaryadlar maktabdan boshpanaga aylantirilgan binoning ikkinchi qavatiga tekkan. O‘sha paytda u yerda ko‘chirilgan falastinlik oilalar to‘y marosimida qatnashish uchun yig‘ilgan bo‘lgan.

Reuters nashrining Falastin favqulodda xizmatlariga tayanib yozishicha, halok bo‘lganlarning aksariyati bolalar bo‘lgan. Shuningdek, bir qancha jarohatlanganlar davolanish uchun shifoxonalarga yetkazilgan.

Isroil Mudofaa Kuchlari «sulh chizig‘idan tashqarida joylashgan tuzilmalarda «shubhali shaxslar» aniqlangani va ularga qarata o‘q uzilganini» ma’lum qildi.

Sulh davrida ham hujumlar to‘xtamayapti

AQSh rasmiylari sulh amalda ekanini ta’kidlashda davom etayotganiga qaramay, Isroilning G‘azodagi falastinliklarga qarshi hujumlari 10 oktyabr kuni sulh kuchga kirganidan buyon deyarli to‘xtamagan.

Foto: AP

G‘azo sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, oktyabr oyida sulh boshlanganidan beri Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 400 nafarga yetgan.

Al-Jazeera muxbirlariga ko‘ra, juma kunidan avvalroq Isroil kuchlari Xon Yunus shahrining sharqiy hududlarida havo hujumlari, artilleriya o‘qlari va og‘ir pulemyotlardan o‘t ochishni amalga oshirgan.

Shuningdek, Xon Yunus sharqidagi Bani Suhayla hududi «sariq chiziq» ichida o‘qqa tutildi. Isroil sulh shartlariga ko‘ra, bu hududdan chiqib ketishi lozim edi.

Xon Yunusning sharqida Isroil artilleriya zarbalari oqibatida kamida uch nafar falastinlik, jumladan, bir ayol halok bo‘lgan. IDF harbiy samolyotlari G‘azoning markazidagi Dayr al-Balah shahriga ham bomba tashlagan.

Isroil, shuningdek, ikki yillik vayronkor urush natijasida ochlikka duchor bo‘lgan G‘azoga juda zarur bo‘lgan humanitar yordamning erkin kirib kelishini ham to‘sib kelmoqda.