Jahon | 22:26 / 15.10.2025
10511
3 daqiqa o‘qiladi

Asad hukumati o‘z jinoyatlarini yashirish uchun ommaviy qabrlarni ko‘chirgan – OAV

Bashar Asad hukumati 2019 yildan 2021 yilgacha rejim jinoyatlarini yashirish uchun o‘n minglab jasadlarni ommaviy qabristondan boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha maxfiy operatsiya o‘tkazgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad hukumati 2019 yildan 2021 yilgacha rejim jinoyatlarini yashirish uchun o‘n minglab jasadlarni ommaviy qabristondan boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha maxfiy operatsiya o‘tkazdi, deb aniqladi Reuters agentligi o‘z surishtiruvida.

Qayd qilinishicha, ommaviy qabriston Damashqning shimoli-sharqida joylashgan Al-Qutayfa shahri hududida joylashgan edi. U yerda 2012 yildan beri Suriyadagi fuqarolar urushi davrida qamoqxonalar va harbiy hospitallarda vafot etgan askarlar va mahbuslar dafn etilgan. Reuters sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda uzunligi 15 metrdan 160 metrgacha bo‘lgan 16 ta dafn xandaqlarini aniqladi.

Suriya Respublika gvardiyasi sobiq zobitining agentlikka aytishicha, 2018 yil oxirida jasadlarni ko‘chirish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Bu bilan bir necha yil davomida shafqatsizlik va ommaviy qatag‘onlarda ayblangan Asad (garchi qamoqxonalar va qabrlarga mustaqil kirish imkoni bo‘lmasa-da) dunyodagi obro‘sini tiklashga umid qilgan.

2019 yil fevral oyidan 2021 yil apreligacha deyarli har hafta olti-sakkizta yuk mashinasi Al-Kutayfadagi qabrdan bir necha o‘n kilometr uzoqlikdagi Dumeyr shahri yaqinidagi cho‘lda joylashgan yangi joyga jasadlarni olib ketgan. U yerda Reuters sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida uzunligi 20 dan 125 metrgacha bo‘lgan kamida 34 ta transheyani ko‘rdi. Dalillar va o‘lchamlar u yerda o‘n minglab odamlar dafn etilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishga imkon beradi.

Ikki yuk mashinasi haydovchisi va sobiq ofitser so‘zlariga ko‘ra, tashishdan maqsad Al-Qutayfadagi ommaviy qabristonni tozalash va ommaviy qotillik dalillarini yashirish bo‘lgan. Asad rejimi qulagan paytda Al-Qutayfadagi barcha 16 ta transheya jasadlardan tozalangan.

Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad

Suriya inson huquqlari tashkilotlarining fikricha, Asad tuzumi davrida 160 mingdan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan, ular o‘nlab ommaviy qabrlarga dafn etilgan. Reuters agentligi Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a hukumatiga surishtiruv natijalari haqida ma’lum qildi. Hukumat agentlik savollariga javob bermadi.

Suriyada Bashar Asad rejimi 2024 yil 8 dekabrda, muxolifat kuchlari Damashqqa kirib, hukumatni ag‘darganini e’lon qilganida quladi. Asadning o‘zi Rossiyada yashiringan va ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, oilasi bilan Moskvada yashaydi. Suriyaning yangi hukumati Bashar Asadni sud qilish maqsadida topshirish bo‘yicha Rossiyaga murojaat etgan, ammo rad javobini olgan.

Mavzuga oid