Atom energetikasi O‘zbekiston iqtisodiyotini uzluksiz arzon elektr energiya bilan ta'minlash imkonini beradi
O‘zbekistonning elektroenergetika sohasini isloh qilish doirasida hukumat mamlakatda atom energetikasini rivojlantirishga doir tarixiy qaror qabul qildi. Bugunga kelib atom energetikasi elektr energiyasini juda katta ko‘lamda, hech qanday tabiiy-iqlimiy cheklovlarsiz ishlab chiqarishga qodir yagona muqobil texnologiya hisoblanadi. Eng asosiysi, u mamlakat iqtisodiyotini uzluksiz arzon energiya bilan ta'minlay oladi.
O‘zbekiston hukumati innovatsiyalarni tatbiq qilib, an'anaviy energiya manbalarini modernizatsiyalashtirib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) loyihalarini amalga oshirib, shuningdek atom energiyasiga doir rejalarni hayotga tatbiq qilib, energetik muvozanatga erishishni o‘z oldiga maqsad qilgan. 25 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Elektr energiya sohasidagi islohotlar va uning istiqbollari - orttirilgan tajriba, xulosalar va rad etilgan afsonalar" nomli xalqaro konferensiyasi doirasida shu haqida so‘z bordi.
"O‘zbekiston Respublikasining energetika rivojiga qaratilayotgan alohida e'tibor, Markaziy Osiyo va xorijiy mamlakatlar energotizimi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik samarasi o‘laroq, mamlakatda energotizimni isloh qilish, energosamaradorlikni oshirish, elektr energiyasi tannarxini pasaytirish va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichiga chiqishiga doir innovatsion rivojlanish tamoyillari va o‘zaro manfaatli iqtisodiy foydalarga asoslangan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda", - dedi "O‘zbekenergo" AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev.
U asosiy e'tibor energetika tizimiga elektr energiya ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i xarajatini kamaytirish imkonini beruvchi innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilishga qaratilayotganini ta'kidladi.
"Elektr energiyasini ishlab chiqarish diversifikatsiyasi ekotizimni yaxshilaydi. Natijada eng kam xarajatlar bilan barcha iste'molchilarning elektr ta'minoti sifati yaxshilanadi", - dedi Mustafoyev.
Shu o‘rinda u xalqaro moliyaviy institutlar, shu jumladan Osiyo taraqqiyot banki, Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek Rossiya bilan hamkorlikning muhim rolini qayd etib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston hukumati xorijiy loyihalar soni (11 mamlakatda 35 energoblok) bo‘yicha global texnik yetakchi hisoblangan RFning "Rosatom" davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda tinchlik atomi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish rejalari haqida ma'lum qilgandi.
"Rosatom" bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi energetik tizimida atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Har biri 1200 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikki atom energobloki qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur loyihani amalga oshirish elektr energiyasini ishlab chiqarish diversifikatsiyasini bajarish, zaxirasi cheklangan va kamayib borayotgan, shu bilan birga narxi oshib borayotgan uglevodorod yonilg‘iga tobe'likni kamaytirish imkonini beradi. Oxir-oqibat loyiha istiqbolda iqtisodiyot sohalarini ishonchli, uzluksiz, arzon elektr energiyasi bilan ta'minlaydi", - dedi Ulug‘bek Mustafoyev.
Bundan tashqari, olimlarning ma'lum qilishlaricha, atom energetikasi rivojini global isishga qarshi kurash vositalaridan biri deb hisoblash mumkin, zero atom stansiyalari SO2 emissiyasini chetlab o‘tish imkonini beradi.
"O‘zbekenergo" AJ boshqaruv raisining fikricha, "zamonaviy energobloklarni ishga tushirish ekologiyani yaxshilash va muqobil hajmdagi elektr energiya ishlab chiqarish uchun gaz xarajatlarini ikki baravarga qisqartirish imkonini beradi".
Ekspertlarning bundan avval ma'lum qilishlaricha, AES qurilishi iqtisodiy o‘sish, yangi ishchi o‘rinlarining paydo bo‘lishini ta'minlaydi: stansiya qurilishida bir ishchi o‘rin yaqin sohalardagi 10 dan ortiq ishchi o‘rnini yaratadi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston hukumati stansiya qurilish joyi borasida yakuniy qarorga kelganicha yo‘q. Hukumat, "Rosatom" korporatsiyasi va Xalqaro atom energiya agentligi (XAEA) atom elektr stansiyasini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishga doir bitim ustida ishlamoqda, dedi "O‘zbekenergo" kompaniyasining strategik rivojlanishi bo‘yicha boshqaruv rahbari Eso Sa'dullayev anjuman doirasida.
"O‘zbekenergo" vakilining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab jami 10 maydon ko‘rib chiqilgan.
"Ayni damda AES qurilishi bo‘yicha maydon tanlashga doir izlanishlar olib borilmoqda. Biz qurilishni energotizimning markaziy qismi (Toshkent qismi), sharqiy qismi (Farg‘ona vodiysi), Samarqand-Buxoro qismi, Surxondaryo qismi (janubiy hududlar) variantlarini ko‘rib chiqdik. Umuman olganda, barcha mintaqalarda AES qurish uchun texnik imkoniyatlar mavjud, lekin maydonni har tomonlama o‘rganish kerak, muhandislik inshootlari ham shular jumlasidandir - tabiiy gaz, elektr tarmoqlari, temir yo‘llar va boshqalarni yetkazib berish zarur. Minimum xarajatlar va maksimum ishonchlilikdan kelib chiqib, qaror qabul qilinadi", - dedi Sa'dullayev.
U loyiha bo‘yicha yakuniy qaror yo‘qligi sabab uning qiymati haqida ma'lumot yo‘qligini qayd etdi. Shunday bo‘lsa-da, jahon tajribasiga muvofiq, "III+" avlodning ikki "VVER-1200" energoblokli AESni qurishga ketadigan xarajatlar 10 milliardni tashkil qilishi mumkin. Bu barcha zamonaviy xavfsizlik standartlariga javob beruvchi, Fukusimadan keyin yuzaga kelgan talablarni hisobga olgan holda takomillashtirilgan reaktorlardir. Hozirda "III+" avlod energobloklari Finlyandiya, Vengriya, Turkiya va Misrda qurilmoqda.
O‘zbekistondagi atom stansiyasi qurilishini moliyalashtirish manbalari Rossiya tomon bilan ishlab chiqilmoqda.
"Biz istiqbolda uglevodorod yonilg‘iga kuchli tobe'likdan uzoqlashish, aholini arzon elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun kerakli choralarni ko‘rmoqdamiz, zero 2030 yilga borib elektr energiya iste'molini ikki baravarga oshirish taxmin qilinmoqda", - dedi "O‘zbekenergo" vakili.
Xalqaro ekspertlar baholariga ko‘ra, yaqin 50 yilda insoniyatning energiya iste'moli bundan avvalgi tarixda sarflangan butun elektr energiyasiga nisbatan ko‘proq bo‘ladi. Bunda yangi energiya manbalari 2030 yildan erta bo‘lmagan muddatda sanoat ko‘lamida va raqobatbardosh narxlarda ishga tushadi. Qazib olinuvchi energiya resurslari taqchilligi muammosi yil sayin keskinlashmoqda. Ko‘p ekspertlar bu masalalar yechimini global iqtisodiyot sohalarida jadal rivojlanayotgan yadroviy energetika rivojida ko‘rishmoqda. Bugunga kelib tobora ko‘proq mamlakatlar energiyaning boshqa turlari bilan bir qatorda tinchlik atomini o‘zlashtira boshlash zaruratini tushunib yetmoqda.
Mavzuga oid
18:22 / 22.12.2024
Yaponiyada AESlar yaqiniga radioaktiv zarralardan himoya qiluvchi palatkalar joylashtiriladi
22:47 / 07.12.2024
Yaponiyada «Simane» AESining ikkinchi reaktori qayta ishga tushirildi
17:46 / 30.11.2024
Mislsiz radiatsiya va qurbonlar: Chernobil fojiasi qanday sodir bo‘lgandi?
16:33 / 25.11.2024