Iqtisodiyot | 18:01 / 17.11.2020
8819
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank tijorat banklaridagi xizmat sifati bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi

Markaziy bank Toshkent shahrida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini baholash yuzasidan bank xizmatlari iste'molchilari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

Mazkur so‘rovnoma tijorat banklari mijozlari bilan yuzma-yuz savol-javoblar shaklida o‘tkazilib, unda 1092 respondent ishtirok etdi (450 nafar jismoniy shaxs va 642 nafar tadbirkorlik sub'yekti).

Tijorat banklarida bank xizmatlarini ko‘rsatish sifatini baholash yuzasidan so‘rovnoma 4ta mezon (ishonchlilik, ko‘nikma, hozirjavoblik hamda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash) asosida o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, iste'molchilar tomonidan 5ta bankda (Ipak yo‘li banki, Aziya Alyans bank, Invest Finans bank, Oriyent Finans bank, Kapitalbank) xizmat ko‘rsatish sifati boshqa banklarga nisbatan «yaxshi», 8ta bankda esa (O‘zsanoatqurilishbank, O‘zmilliybank, Trastbank, Hamkorbank, Aloqabank, Ipoteka-bank, Turonbank, Asaka bank) ko‘rsatilayotgan xizmatlar «qoniqarli» deb baholandi.

Shuningdek, respondentlar fikriga ko‘ra, Poytaxtbank, Mikrokreditbank, Qishloq qurilish bank, Agrobank, Xalq banki va Davr bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati mijozlarning ehtiyojlarini «qoniqtirmaydi».

«Natijalar bank xizmatlari iste'molchilarining so‘rovnoma davomida bildirilgan fikrlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan va Markaziy bankning pozitsiyasi hisoblanmaydi», deya qayd etilgan xabarda.

Markaziy bank banklar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini baholash bo‘yicha tadbirlarni bank xizmatlari iste'molchilari o‘rtasida davriy so‘rovnomalar o‘tkazish orqali davom ettirishi hamda o‘rganish natijalari Markaziy bankning kommunikatsiya kanallari orqali keng jamoatchilikka taqdim etilishi ma'lum qilingan.

Shuningdek, kelgusida Markaziy bank tomonidan tijorat banklarida bank xizmatlarini ko‘rsatish sifatini baholash vositalarini kengaytirish, shu jumladan, «sirli mijoz» mexanizmidan foydalanish hamda sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid