O‘zbekiston | 19:05 / 25.12.2024
7488
5 daqiqa o‘qiladi

Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonga kirishni nega rad etayotgani ma’lum bo‘ldi

Shaxsga doir ma’lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida saqlash haqidagi bahsli qonun sabab Apple va Google kompaniyalari o‘zlarining to‘lov tizimlarini O‘zbekiston bilan integratsiyalashni rad etmoqda. Markaziy bankning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, hozirda qonunchilik talablari qayta ko‘rib chiqilyapti.

Foto: Getty Images

Joriy yil 18 sentabrda turizmni rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingan edi. Unda sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va biznes jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida vazirlik va idoralarga bir qancha topshiriqlar berilgan.

Xususan, qarorning 8-bandida 2024 yil yakuniga qadar xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari (PayPal, AliPay, UniPay, Apple Pay, Google Pay kabi) bilan muzokara o‘tkazilib, ushbu vositalar O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulanishi, zarur hollarda, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi belgilangan. Ushbu topshiriq ijrochilari sifatida Markaziy bank, shuningdek Raqamlashtirish vazirligi va Turizm qo‘mitasi ko‘rsatilgan.

Kun.uz muxbiri Markaziy bank bilan bog‘lanib, qaror ijrosi yuzasidan qilingan ishlar haqida so‘radi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil davomida Markaziy bank tomonidan mahalliy banklar tomonidan emissiya qilingan Visa va Mastercard xalqaro kartalarini «Apple Pay» va «Google Pay» tizimiga ulash bo‘yicha bir necha bor muzokara olib borilgan.

«Ushbu muzokaralarda Apple va Google kompaniyalari tomonidan O‘zbekiston hududida emissiya qilingan bank kartalarini Apple Pay va Google Pay tizimiga ulash uchun bugungi kunda amaldagi qonunchilik hujjatlari, xususan O‘zbekistonning «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunining ayrim talablarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi bildirilgan.

Shuningdek, Google kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan taqdimotda shaxsga doir ma’lumotlar Google kompaniyasining axborot tizimida saqlanishi ta’kidlab o‘tilgan bo‘lib, Google Pay texnologiyalarining mamlakatimiz to‘lov xizmatlari bozoriga kirib kelishi oqibatida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan risklarning oldini olish maqsadida shaxsga doir ma’lumotlar sohasini tartibga soluvchi mas’ul davlat organlarining tegishli xulosalari olinishi taqozo etiladi», – deyiladi Markaziy bank taqdim qilgan izohda.

Ta’kidlanishicha, hozirda «qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarni qayta ko‘rib chiqish hamda Apple Pay va Google Pay xizmatlarini mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Markaziy bank tomonidan ishlar olib borilmoqda».

Regulyator, shuningdek, 2019 yildan boshlab Apple Pay va Google Pay tizimlarida ishlaydigan mamlakatlarning chet ellik sayyohlari uchun O‘zbekiston hududida Humo to‘lov tizimining terminallari orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilganini eslatgan.

27-1-modda haqida

Xalqaro to‘lov tizimlarini O‘zbekistonga olib kirishga to‘siq bo‘layotgani oydinlashgan norma – «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 2021 yilda qabul qilingan 27-1-moddasi.

Bu moddada, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun ularning jisman O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalar hamda davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bazalarida yig‘ilishi yoki saqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Bu o‘zgarishlar sabab bo‘lgan qonun talabini yirik IT kompaniyalar mutaxassislari va jamoatchilik tanqidiy qarshi olgan. Bu talab ortidan 2021 yil 3 noyabrda O‘zbekistonda bir necha soat davomida deyarli barcha asosiy ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar bloklangan edi. Bu tadbirkorlar va biznes uchun millionlab dollar zarar keltirgan.

Ushbu voqea ortidan bir nechta amaldorlar ishdan olindi. Keyinchalik, qonunning mazkur talabi TikTok'dan boshqa birorta sub’yektga nisbatan “ishlatilmay qo‘yildi”.

Bir necha kun oldin, 2024 yil 20 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida bu masala ko‘tarildi. TBC Group vakili sohada yuzaga kelayotgan muammolar tufayli shaxsga doir hamda bank ma’lumotlarini Cloud'da saqlashga ruxsat berish uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritish taklifini ilgari surdi. Davlat rahbari masala o‘ta jiddiyligini qayd etib, har tomonlama puxta o‘ylangan yechim zarurligini ta’kidladi.

Mavzuga oid